• Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMKda “Spartakiada-2024” musobaqasi start oldi

20 Fevral 2024, 10:23 595

Sog‘lom xodim sifatli mehnatni ham ta'minlay oladi. Shu bois OKMKda ishchilarni sportga oshno qilish borasida turli sport tadbirlari o‘tkazib kelinadi. Ishchi-xodimlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish orqali ularning salomatligini mustahkamlash vazifalari kombinat xodimlari kasaba uyushmasi kengashi jismoniy tarbiya va sport bo‘limi tomonidan amalga oshiriladi. Ulardan biri har yili an'anaviy o‘tkaziladigan Spartakiada bahslaridir. 

17 fevral kuni “Metallurg” sport majmuasida “Spartakiada-2024” sport musobaqasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir 2023 yilning sarhisobi bilan boshlandi. Tashkilotchilar tomonidan o‘tgan yilda sportning voleybol, stritbol, darts, badminton, stol tennisi, shashka va shaxmat, armrestling, tosh ko‘tarish, oilaviy musobaqalar, yengil atletika estafetalari, Alpomish va Barchinoy o‘yinlari, jami sportning 12 turi bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarda 2066 nafar sportsevarlar qatnashgan bo‘lib, tadbirda g‘oliblar taqdirlanishdi.

Jumladan 1-guruh bahslarida umumjamoa hisobida kuchli uchlikda Mis eritish zavodi, Markaziy ta'rmilash mexanika zavodi, Sanoat temiryo‘l transport boshqarmasi jamoalari joy olishdi.

2-guruhda esa Mis boyitish fabrikasi, Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish boshqarmasi, Ohak zavodi jamoalari sovrindor bo‘lishdi.

3-guruh g‘olibligi sovrinlarini 1-Angren kon boshqarmasi, 2-Angren kon boshqarmasi, 1-Shaxtaqurilish boshqarmasi jamoalari qo‘lga kiritishdi.

Shuningdek, kombinat bo‘linmalarining eng faol sport yo‘riqchilariga ham esdalik sovg‘alari topshirildi.

Shundan so‘ng, qatnashchilar 2024 yilgi mavsumda ham sportning 12 turi bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilishi belgilangan qoidalar bilan tanishtirildi. Musobaqalarga jismoniy tarbiya va sport bo‘limining murabbiy-o‘qituvchilari hamda tajribali sport yo‘riqchilari hakamlik qilishadi.

Shu kuni bo‘lib o‘tgan spartakiadaning ochilish marosimida “Metallurg” madaniyat saroyi ijodiy jamoalari musiqiy chiqishlari bilan ishtirok etdi.

Yangi mavsumning ilk bahsi – erkaklar jamoalari o‘rtasida voleybol musobaqalari bilan boshlandi. Oldinda jamoalarni guruhlarga bo‘lingan holda saralash o‘yinlari, yarim final va final uchrashuvlari kutib turibdi.

Qayd etish kerakki, “Olmaliq KMK” AJ rahbariyati hamda kasaba uyushmasi kengashi tashabbusi bilan OKMK oliy liga voleybol jamoasini istiqbolli sportchilar bilan to‘ldirish maqsadida musobaqa davomida eng yaxshi voleybolchilar saralab olinadi.

Mavsum davomida sportning qator turlari bo‘yicha sport musobaqalari o‘tkaziladi va bahslar 2024 yilning noyabriga qadar davom etadi.

Hokim Bohirov,

OKMK xodimlari Kasaba uyushmasi kengashi Jismoniy tarbiya va sport boʻlimi mudiri

Bo`lishmoq:
Text to speech