• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

«SO‘Z» xalqaro forumida OKMK Axborot xizmati xodimlari ishtirok etishdi

27 Oktyabr 2022, 17:26 693

Bugun, 27 - oktyabr kuni «SO‘Z» xalqaro forumi doirasida Toshkent shahridagi «International hotel» mehmonxonasida «Ма’no va mazmun» nomli ilmiy-amaliy anjumani bo’lib o’tdi. O‘zMMA, O‘zJOKU va Jurnalistlar ijodiy uyushmasi bilan birga o‘tayotgan forumda yurtimiz media olamining zabardast vakillari, Yaponiya, Koreya, Rossiya, Turkiya, Xitoy, Tojikiston, Qirg’iziston, Isroil davlatlaridan 10 ga yaqin xalqaro ekspertlar hamda O’zMMAga a'zo nodavlat tele va radiokanallar rahbarlari ishtirok etdi.   

Xalqaro forumda zamonaviy jurnalistika rivojining yangi trendlari, matbuotga e’tibor, O‘zbekistonda jurnalist kadrlar tayyorlashdagi yangicha yondashuv kabi dolzarb mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Sherzodxon Qudratxo‘ja:

– So‘z to‘g‘risida uch kundan beri gaplashyapmiz.  Buning uchun barcha ishtirokchilarga minnatdorlik bildiraman. Bugun hammamiz bir joyda to‘plangan ekanmiz,  so‘zimizni boyitish uchun nimalar qilishimiz kerak?  Qanday muammolarimiz bor? Kabi savollarga birgalikda javob izlash, fikr almashish imkonimiz bor. 

Hozirda yaratilayotgan materiallar jurnalistika talablariga to'g'ri keladimi, uni qanday sifatli qilish mumkin yoki uni yetkazishda qanday so'zlarni qo'llash zarur. Ona tili umummillat mulkidir, demak til oldidagi mas'uliyat ham umummilliy. Men o'zbekman, degan har bir inson o'zbek tili uchun qayg'urmog'i kerak. Unutilgan so'zlarni tiklash, borini boyitib borish, xorijiy atamalarga munosib o’zbek tilidagi so’zlarni topish yolg'iz tilshunoslarning emas, millatning ishidir.

Muhammadjon Obidov:

– O‘zMMA, O‘zJOKU va Jurnalistlar ijodiy uyushmasi bilan birga o‘tayotgan forumda birinchi bor So‘zning o‘rni haqida xalqaro miqyosda fikr almashish imkoniga ega bo‘ldik. So‘z inson yashashi uchun havodek muhim. Shri Lankaga borganimda bitta orolda bir hafta yashashimga to’g’ri keldi. Hali ham ibtidoiy yashayotgan odamlar bilan bir hafta yashadim. Ular tovushlar orqali gaplashishar ekan. So‘zning ahamiyatini qanchalik muhim ekanligini bildim. Konfutsiyni qo‘lyozmalarini bugungi xitoyliklar o‘qiy oladi.  So‘zga,  tilga e'tiborni qarangki ular 2100 yil oldin yozilgan Xitoy imperatorining xatini hozirgi xitoyliklar o‘qiydi.  Ijtimoiy tarmoqlardagi so‘zga bepisantlik,  mas'uliyatsizlik holatlarini uchratamiz. Biz avlodlarga tilimizni sof yetkazishimiz kerak.

Olimjon O‘sarov:

– So‘z bu dunyoning asosi. Bundan ming yil ilgari yashab o‘tgan F.Attor aytgan edi: "Dunyoning ibtidosi ham,  intihosi ham so‘zdir".  "Bo‘l" dedi, dunyo yaraldi.

Bugun tadbirda asosan media sohasi vakillari ishtirok etmoqda. So‘z esa ularning noni desak mubolag‘a bo‘lmaydi. So‘z orqali muloqot qilamiz, fikr, g‘oyalarimizni bildiramiz. Ya'ni so‘z bizmiz. Yurtimiz qanchadan qancha bosqinlarni ko‘rgan va barcha urf-odatlarimiz so‘z orqali bizgacha yetib kelgan.

Shu bois,  so‘z mas'uliyatini his etish lozim.  Biz shu soha vakillari, ayniqsa, so‘zning  mas'uliyatini, jozibasini, ahamiyatini his etishimiz shart.  O‘ylaymanki, bugun forumning maqsadi ham shu.

Mazkur xalqaro forumda OKMK Axborot xizmati xodimlari ham ishtirok etishdi.

Bo`lishmoq:
Text to speech