Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Strategik sheriklik: OKMK va Xalqaro mis assotsiatsiyasi hamkorligi kengaymoqda

21 Sentyabr 2026, 15:12 128

Joriy yilning 18-sentyabrkuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinati xalqaro aloqalarini kengaytirish va global mis bozoridagi mavqeini yana-da mustahkamlash yo‘lida muhim voqelik yuz berdi. Korxonaga dunyoning eng nufuzli tuzilmalaridan biri — “International Copper Association” (ICA) Xalqaro mis assotsiatsiyasi Prezidenti va bosh direktori Xuan Ignasio Diazboshchiligidagi delegatsiya a’zolari rasmiy tashrif buyurishdi.
Ushbu tashrif doirasida xorijlik mehmonlar OKMK boshqaruv raisi Abdulla Xursanov hamrohligida dastlab “Metallurg” madaniyat saroyida bo‘lishib, u yerdagi “Suyurlitepa yodgorligi” ko‘rgazmasi hamda kombinat tarixi muzeyi bilan yaqindan tanishdilar.
Shundan so‘ng, mehmonlar kombinat ishlab chiqarish quvvatlari, xususan, “Qalmoqqir” va “Yoshlik-1” konlariga hamda Texnologik transport boshqarmasiga borishdi.
Yangi barpo etilgan 3-Mis boyitish fabrikasining ishlab chiqarish quvvatlari, fabrikada joriy etilgan texnologiyalar bilan yaqindan tanishdilar.
Kombinat va boshqa turdosh korxonalarga zarur bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlab berayotgan Muhandislik maktabi faoliyati ham mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Uchrashuv davomida tomonlar yashil iqtisodiyot, mis ishlab chiqarishda ekologik barqarorlik va zamonaviy texnologik innovatsiyalarni joriy etish, shuningdek, jahon bozorida mahsulot sifatini oshirish bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollarini atroflicha muhokama qildilar.
Xalqaro mis assotsiatsiyasi rahbariyati OKMKning Markaziy Osiyo mintaqasidagi o‘rni va iqtisodiy salohiyatiga yuqori baho berib, kelgusida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda doimiy tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish ikki tomon uchun ham birdek manfaatli bo‘lishini e’tirof etdi.
Ma’lumot uchun: Xalqaro mis assotsiatsiyasi “International Copper Association” (ICA) kompaniyasi 1989-yilda tashkil topgan bo‘lib, bosh qarorgohi Vashingtonda joylashgan. ICA asosan dunyo mis sanoatini rivojlantirish, uning bozorlarini himoya qilish va mustahkamlash hamda ilmiy-texnik tadqiqotlar bilan shug‘ullanuvchi notijorat xalqaro tashkilotdir.
Assotsiatsiya faoliyati mis sanoati zanjirining barcha bosqichlarini qamrab oladi: bozorlarni rivojlantirish va ilmiy tadqiqotlardan tortib, texnik standartlarni ishlab chiqish, barqarorlik va ekologik mas’uliyat dasturlarini joriy etish, shuningdek davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar (jumladan BMT) va boshqa manfaatdor tomonlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishgacha bo‘lgan yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.
Dunyo bo‘ylab ICA Osiyo, Yevropa va Shimoliy Amerikada mintaqaviy ofislarga ega bo‘lib, uning va hamkor “Copper Alliance®” tarmog‘ining faoliyat doirasi 60 dan ortiq mamlakatni qamrab oladi.
- Assotsiatsiya a’zolari soni: - 35 ta kompaniya;
- A’zolar jahon rafinadlangan mis ishlab chiqarishining: - taxminan 50 foizini tashkil etadi;
- “Copper Mark” dasturi: - mis ishlab chiqarishda ijtimoiy va ekologik mas’uliyatni tasdiqlovchi yagona kompleks dastur;
- ICA BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) ijobiy hissa qo‘shishni o‘z strategiyasining markaziy yo‘nalishi sifatida belgilagan;
ICA so‘nggi yillarda a’zolar safini kengaytirmoqda: 2024-yil fevral oyida AQShning “Newmont Corporation” kompaniyasi, 2026-yil yanvar oyida esa dunyoda mis ishlab chiqarish bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinni egallagan Xitoyning “Zijin Mining” kompaniyasi assotsiatsiya a’zoligiga qabul qilindi.
Joriy yilning may oyida esa Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga Xalqaro mis uyushmasi tashabbusi bilan 2019-yilda tuzilgan “Copper Mark” tashkiloti tomonidan The Copper Mark va The Molybdenum Mark sertifikatlari taqdim etildi.
Mazkur sertifikatlar mis va molibden mahsulotlarining Yevropa bozorlarida raqobatbardoshligini ta’minlashi bilan ahamiyatli sanaladi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech