• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

STTB: marralar manzili

19 Aprel 2024, 12:41 501

Temir yo‘lni bejiz iqtisodiyotning qon tomiriga qiyoslashmaydi. Zero, bu soha rivoji yo‘lida bosib o‘tilgan har bir qadam aholi farovonligini ta'minlash barobarida mamlakat iqtisodiyotining yuksalishi, hukumatimiz tomonidan belgilab berilgan yirik investitsiyaviy dasturlar ijrosi yo‘lida ham alohida ahamiyat kasb etadi.

O‘zining shonli tarixiga ega bo‘lgan “Olmaliq KMK” AJ Sanoat temir yo‘l transporti boshqarmasi kombinat konlari va korxonalari bilan hamqadamlikda rivojlanib bordi va bugungi kunga kelib yirik transport korxonasiga aylanishi bilan bir qatorda OKMKning mamlakatimiz iqtisodiy tarmoqlari, shuningdek, jahon temiryo‘llar logistikasi bilan aloqalar mustahkamlanishiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Boshqarma ayni kunga kelib 4 ta temir yo‘l sexi, 5 ta xizmat va bitta noruda qurilish materiallari kar'erini o‘z ichiga olgan. Rudalarni fabrikalarga eltish, tog‘ jinslari va ustki qatlamlarni zahira konlarga tashish, xo‘jalik yuklarini yuklash va tushirib olish hamda yo‘llarni bo‘shatib berish bilan shug‘ullanib keluvchi mazkur korxona safida hozirda uch ming nafarga yaqin turli kasb va mutaxassisliklarga ega ishchi-xodimlar mehnat qilib kelishmoqda.

Texnologik va xo‘jalik yuklarini tashishda 2-Temiryo‘l sexi barqaror yuqori ko‘rsatkichlarga erishib kelayotganligi diqqatga molik albatta. Tashkil topganiga 70 yil bo‘lgan mazkur sex Sariq-cho‘qqi koni ma'danlarini Mis boyitish fabrikasi va 2-Mis boyitish fabrikasiga, Mis eritish zavodidan chiqayotgan toshqollarni(shlaklarni) 2-Mis boyitish fabrikasiga tashib berish hamda kombinat tarkibiy bo‘linmalarining texnologik tashuvlarini amalga oshirmoqda. Shuningdek, kombinat korxonalariga “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ ga qarashli temiryo‘llar orqali keladigan xalq xo‘jaligi yuklarini va kombinat tomonidan ishlab chiqilgan tayyor mahsulotlarni temir yo‘l orqali jo‘natishda mazkur sex faoliyati yetakchi jabha sanaladi. Bundan tashqari, Olmaliq shahridagi 30 dan ortiq turli korxonalar, mas'uliyati cheklangan jamiyatlar bilan o‘zaro tuzilgan shartnomaga asosan, korxonalarga temir yo‘l orqali keladigan yuklarni berish va olish xizmatini ko‘rsatib kelmoqda.

Sex jamoasi 136 kilometrdan oshiq po‘lat izlarga mas'ul bo‘lib, uning tarkibida 7 ta temiryo‘l stansiyalari mavjud. Xususan, “Sovuq buloq” , “Pregornaya”, “Izvestkovaya”, “Olmaliq”, “Svinsovaya”, “Mednaya”, “Fabrichnaya” kabi temiryo‘l stansiyalari orqali har qanday yuklar o‘z manzillariga yo‘naltiriladi.

- “Yoshlik I” konini o‘zlashtirish” invsetitsiyaviy loyihasi doirasida 2020-2021 yillarda seximizga Gruziya davlatidan 2 dona MPE2U rusumli zamonaviy tortuv agregatlari, texnologik qayta qurollantirish va modernizasiya dasturiga ko‘ra, 2 VS105 rusumli 115 tonnalik 96 ta vagonasamosval, 95 dona sulfat kislotasi tashishga mo‘ljallangan vagon sisternalar hamda 5 ta portlovchi moddalar uchun xom ashyo tashiydigan sisterna vagonlar xarid qilindi. Ushbu texnika vositalari albatta yuqori mehnat unumdorligini ta'minlamoqda. Jamoamiz tomonidan birgina joriy yilning 1-choragida Sariq-cho‘qqi koni ma'danlarini Mis boyitish fabrikasiga tashish vazifasini 106,2%ga, Mis eritish zavodidan chiqayotgan toshqollarni(shlaklarni) 2-MBFga tashish rejasini 111%ga bajarilgani ham bunga misol bo‘laoladi, - deydi sex boshlig‘i Sanjar Yusupov.

Ahil va hamjihat mehnat jamoasining ishlab chiqarish marralarini zabt etishida shaksiz, o‘z ishining ustasi bo‘lgan muhandis-texnik xodimlar va ishchi-xizmatchilarning zalvorli mehnati tilga olinadi. Bulardan sex muhandis-texnik xodimlari - Sherzod O‘taev, Xayrulla Karimov, Axror Abdurashidov, Temur Abdurashidov, Pavel Drigin, Feruz Yoqubjonov, Husan Hayitboev, G‘ulom Hayitboev, Shoxruh Toshpo‘latov, ishchi- xodimlardan Anvar Jo‘raev, G‘ayrat Yunusov, Shohsanam Chancharova, Sayyora Abdurashidova, Elmurod Buranov, Muzaffar Dushaev, Shahobbidin Beknazarov, Zafar Bayatov, Bobur Jumanazarov, Akrom Xudoyberdievlarning faxrli nomlari munosib ravishda e'tirof etiladi.

Ayni kunlarda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining manzilli ro‘yxati asosida “2-TYS “Svinsovaya” stansiyasida yoqilg‘i quyish shoxobchasi va yoqilg‘i moylash materiallari bilan birgalikda Temir yo‘l zvenolarini yig‘ish uchastkasi va vagonlarni ta'mirlash punkti” loyihasi o‘z yakuniga yetmoqda. 2-TYS ham ushbu loyihani yakunlashda o‘z hissalarini qo‘shib kelayotganligini alohida ta'kidlab o‘tish joiz.

Albatta, ushbu loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda biz so‘z yuritgan 2-TYS mehnat jamoasining zalvorli mehnati kombinat ravnaqi uchun ulkan ulush bo‘lib qo‘shilishi shubhasizdir.

Dilafro‘z EGAMBERDIYEVA

Bo`lishmoq:
Text to speech