Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“Uch avlod uchrashuvi” — hurmat va qadriyatlar timsoli

12 May 2026, 9:2 239

Xalqimiz azaldan yoshi ulug‘ insonlarni qadrlab, e’zozlab kelgan. Ana shunday an’analarni davom ettirish hamda 9-may — “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan “Qalmoqqir” kon boshqarmasida “Uch avlod uchrashuvi” ma’naviy-ma’rifiy tadbiri tashkil etildi.

Tadbirda mehnat faxriylari, xususan, O‘zbekiston Qahramoni Saidali Raxmonov, uzoq yillar turli sohalarda samarali faoliyat olib borgan Abduqahhor Uralov, o‘rta avlod vakillari hamda yoshlar ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va bugungi osoyishta hayot yo‘lida fidokorona xizmat qilgan insonlar xotirasi yod etildi. So‘zga chiqqanlar keksa avlod vakillarini e’zozlash va ularga hurmat ko‘rsatish xalqimizning eng ezgu qadriyatlaridan biri ekanini alohida ta’kidladilar.

Uchrashuv davomida faxriylar yoshlarga o‘zlarining boy hayotiy tajribalari, mehnat faoliyati davomida orttirgan bilim va ko‘nikmalari haqida so‘zlab berdilar. Shuningdek, kasbga sadoqat, Vatanga muhabbat va mas’uliyat hissi borasidagi samimiy o‘gitlari bilan o‘rtoqlashdilar.

Bundan tashqari, tadbirda Komplayens bo‘limi yetakchi mutaxassisi Gulnoza Sabriyeva ishtirok etib, “Oila muqaddas — jamiyat farovon” mavzusida ma’ruza qildi. U o‘z nutqida oila tinchligi va mustahkamligi yurt ravnaqi uchun muhim omil ekanini yoshlarga ta’kidlab oʻtdi.

Tadbir yakunida tashkilotchilar tomonidan nuroniylarga chuqur minnatdorlik bildirilib, ehtirom ko‘rsatildi. Samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tgan “Uch avlod uchrashuvi” barcha ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Mazkur tadbir yoshlar qalbida yurtga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat hamda keksa avlod vakillariga nisbatan minnatdorlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Xurshid Abdullayev,

“Qalmoqqir” KB Yoshlar ittifoqi raisi

Bo`lishmoq:
Text to speech