• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Tadqiqot va sinovlardan ishlab chiqarishga

27 Oktyabr 2023, 15:7 501

Har qanday ilmiy ishlanmalar, joriy etilishi ko‘zda tutilayotgan texnologiyalar, reagentlar dastlab mukammal laboratoriya sinovlaridan o‘tkazilishi, zarur reklamatsiyaga ega bo‘lishi va shundan keyingina ishlab chiqarishga tatbiq etilishi muhim shartlardan hisoblanadi. OKMKning boyitish fabrikalari ishga tushirilishidan qariyb o‘n yillar oldin, aniqrog‘i 1952-yilda mamlakat amaliyotida ilk marotaba okislangan rudalarni boyitish texnologiyalari yarim sanoat sinovlaridan o‘tkazilgan edi. Keyingi yillardan boshlab ayni davrga qadar tajriba boyitish fabrikasida mis-molibden, polimetall, oltin tarkibli rudalar va boyitishning sanoat mahsulotlarida keng qamrovli tadqiqotlar va yarim sanoat sinovlari o‘tkazib kelindi. Bir so‘z bilan aytganda, Tajriba boyitish fabrikasi tajriba-sanoat sinovlari maydoniga aylandi.

2019-2020 yillarda fabrikada yangi bunyod etilayotgan 3-MBFda “Yoshlik I” koni maydoni rudalarini boyitish tizimlari va tartiblari muvaffaqiyatli sinovlardan o‘tkazildi.

- Jamoamiz tomonidan joriy yil boshidan rahbarlik hujjatlarida belgilangan talablar asosida 4-MBFni modernizatsiya qilish doirasida tajriba-sanoat sinovlari o‘tkazib borildi, - deydi fabrika boshlig‘i Rinat Nigmatjanov. - “Yoshlik I” kon maydonining 60 foiz va Qalmoqqir konining 40 foiz rudalari uchun turli texnologik sxemalar sinovlardan o‘tkazildi. Tadqiqotlar yakunlari asosida zarur tavsiyalar berildi. Iyun va avgust oylari davomida mazkur konlardan yangi namunalar keltirilishi yo‘lga qo‘yilishi bilan ishlar davom ettirilib, ayni kunlarda olib borilgan ishlarga doir hisobotlar tayyorlanmoqda.

Bundan tashqari, “FALCON” markazga intilma konsentratorini Angren kon boshqarmasi texnologik jarayonlariga jalb etish bo‘yicha yakuniy sanoat tajribalari asosida yuqori tarkibli gravitasiyaviy konsentrat olinishiga muvaffaq bo‘lindi hamda oltin va kumushning saralanish yig‘indisi mos ravishda 91,77 va 89,35%ni tashkil etdi. Ushbu yangi texnologiya ishlab chiqarishda ham yuqori samara berib kelayotganini fabrikada olib borilgan ishlarning samarasi sifatida baholab o‘tgan bo‘lardim.

Bir qator xorijlik hamkorlarimiz va mamlakatimiz ilmiy tashkilotlari tomonidan tavsiya etilgan yangi reagentlarni qo‘llash maqsadida o‘tkazilgan laboratoriya, yarim sanoat sinovlari ham e'tiborga molik izlanishlar sirasiga kiradi. Shuningdek, metallarning saralanib olinishi sifat ko‘rsatkichlarini oshirish maqsadida yangi reagentlarni sinovlardan o‘tkazish va ishlab chiqarishga joriy etish maqsadida bir qator izlanish va tadqiqotlar olib borildi. Boyitishning turli uslublarini qo‘llagan holda OKMKning texnogen chiqindilaridan nodir metallarni saralab olinishini o‘rganish maqsadida ham laboratoriya va tajriba sanoat sinovlari o‘tkazib borildi. Bugungi kunda fabrika mehnat jamoasi tomonidan turli kon maydonlari rudalarining boyitilishini chuqur o‘rganish borasida izlanishlar davom ettirilayapti. Shu bilan birga mavjud texnologiyalar va boyitish rejimlarini takomillashtirish yo‘nalishlari ham diqqat markazimizda bo‘lib turibdi. Yaqin oylarda xitoylik hamkorlar bilan birgalikda yangi reagentlar ustida laboratoriya va tajriba sanoat sinovlarini o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Fabrika muhandis-texnologi Olga Proskuryakova, maydalovchi Fanil' Fazilov, flotatorlar Sayyora Qurdosheva, Malohat Turdiboyeva, Dilafro‘z Rahmatova, Zuhra O‘rolova, Malika Abdujabborova, Anora Jo‘rayeva, elektromontyor Abduhamid Misirov, Chingiz Abduvayitov hamda Gennadiy Sopogryayev kabi ta'mirchi-chilangarlarimiz izlanishlar va tadqiqotlarning samarali kechishiga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib kelishmoqda.

Tajriba boyitish fabrikasida ayni damda Avstraliyaning Glencore Technology kompaniyasi rasmiy vakili bo‘lgan “MASHIMPORT” MChJ vakillari tomonidan US flotatsiya mashinalarini yarim sanoat sinovlaridan o‘tkazish ishlari olib borilmoqda. Ko‘zlangan natijalarga erishish maqsadida fabrikada foydalanishda bo‘lgan barcha tajriba-sinov uskuna va jihozlarining uzluksiz faoliyat yuritishi yo‘lga qo‘yilgan. Korxonaning intensiv faoliyati kombinat korxonalarida boyitish jarayonlari takomilashishiga xizmat qilishi kutilmoqda.

Hasan ABDULLAYEV

Bo`lishmoq:
Text to speech