• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Ta'minotda yuqori natijalar

10 Noyabr 2023, 15:59 541

Har qanday ishlab chiqarish tizimi va sanoat korxonalarini energiya ta'minotisiz tasavvur qilish qiyin. Energiya sexi “Olmaliq KMK” AJ Mis eritish zavodining yordamchi sexlaridan hisoblansada, uning korxona ishlab chiqarish tizimida tutgan o‘rni beqiyosdir.

Zavod sex va uchastkalarini elektr energiyasi, xo‘jalik-ichimlik suvi, texnik-aylanma suvlar va bug‘ bilan ta'minlash asosiy vazifasiga kiruvchi bu sex 1988-yil tashkil etilgan. Bunga qadar Mis eritish zavodida podstansiya tarmoqlari hamda aylanma suvlar ta'minoti sexlari faoliyat yuritib kelgan. Ana shu ikki sex birlashtirilib, yaxlit yordamchi sexga aylantirilgan. Bugunga kelib Energiya sexi tarkibida elektr xizmati, santexnika xizmati va aylanma suv ta'minoti uchastkalari faoliyat yuritib keladi.

“Qora-qiyasoy” va “Adolat” podstansiyalaridan uzatiluvchi elektr energiyasini qabul qilib olish va korxona sexlariga taqsimlash to‘rtta bosh podstansiyalar tomonidan amalga oshirib kelinadi. Aynan ana shu podstansiyalarga yirik o‘lchamli 16 000.00 kVa dan 40 000.00 kVa.gacha kuchlanishli 110 kV kuchlanishli tokni 6 kV tokga aylantirib beruvchi 9 ta podstansiyalar va 18 ta sexlar podstansiyalari, shuningdek turli quvvatga ega 97 ta kuch transformatorlari o‘rnatilgan. Zavod asosiy va yordamchi sexlariga elektr energiyasi yetkazib beruvchi kuchlanishli kabellarning umumiy uzunligi 80 km.dan oshadi. Bundan tashqari, 300 ga yaqin yuqori vol'tli o‘chirgichlar o‘nlab yuqori kuchlanishli elektr dvigatellar ekspluatasiyasi ham Energiya sexi zimmasiga yuklatilgan.

Zavod tezkor tarmoq tizimlari ishini takomillashtirish maqsadida 2 ta akkumulyatorlar kompleksida olib borilgan modernizasiyalash ishlari diqqatga molikdir. Yigirmaga yaqin yog‘li o‘chirgichlar vakkumli o‘chirgichlarga almashtirilishi ham zavod energetiklari tomonidan maqsadli ishlar olib borilayotganidan dalolat beradi. Zavodning suv ta'minoti 12 ta quduq(skvajina)dan iborat bo‘lgan drenaj suv havzasi tomonidan amalga oshirib kelinadi. Xo‘jalik-ichimlik suvi ehtiyojlari chuqurligi 70 metr, ish quvvati 375 m3/soatni tashkil qiladigan “Kerovchi” suv havzasi orqali ta'minlanadi. Issiqlik elektr markazi tomonidan yetkazib berilayotgan bug‘, KUKP-10/40 qozon utilizatorlari, 1- va 2-sonli anod pechlari, 1-, 3- va 4-sonli konvertor pechlarining napilniklari zavodning issiqlik energiyasi ta'minoti manbalari hisoblanadi. 6 atmosfera bosimida ishlab chiqilgan va harorati 200°C ni tashkil etuvchi bug‘ MEZning umumiy bug‘ quvurlariga yetkazib beriladi.

Yuqoridagi zalvorli vazifalarni bajarishda Dilshod Poltayev rahbarligi ostida o‘z ishining ustasi bo‘lgan mohir energetiklar jamoasi shakllangan. Energiya sexi elektr jihozlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha elektromontyorlar Muhammad Abdiraimov, Nina Allagulova, Abrorjon Navro‘zov, elektr jihozlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha usta Halil Payzullaev, sex ish taqsimlovchisi Dilorom Xalilova hamda katta omborchi Fotima Tadjiyevalar o‘z ish uchastkalarida yuqori mehnat natijalariga erishib kelishmoqda. Energiya sexi past voltli uskunalar energetigi Azimiddin Abdullayev, sex katta energetigi Doniyor Abdug‘aniyev, tajribali ishchilar Laziz Mirzayev, Vitaliy Popov hamda Tohir Mamatqulov kabi elektromontyorlar, Izatilla Ibrohimov, Sirojiddin Abdug‘aniyev, Atham Hamzayev, Sobirjon Sarimsoqov singari ta'mirchi-chilangarlar bugunga kelib sexning faxriga aylanishgan.

Hasan ABDULLAYEV

Bo`lishmoq:
Text to speech