• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Ta'mirlash va sifat - bosh mezon

03 Noyabr 2023, 8:59 470

...Balandligi 3x6, og‘irligi 4 tonna bo‘lgan ulkan BelAZ ballonlari qarshisida turarkanman, ballonining o‘zi 4 metrga yaqin bo‘lsa, kon texnikasining o‘zi qanday zalvorli ekan?, - degan savol yashin tezligida o‘tadi. Mana shunday 4 tonnalik ballonlarning oltitasiga ega 220 tonnalik gigant texnikani yaratish, uni tiklash, umuman sozlash-ta'mirlash ishlari qay yo‘sinda bo‘lishi nafaqat erkaklarni, ayollarga ham birmuncha qiziq ekanligini inkor qilmayman...

Dvigatellar, turli kattalikdagi boltlar, shinalar ta'miri bilan shug‘ullanayotgan ishchilar tilidagi “MEXSEX”ga shu manzaralar va o‘ylar bilan kirib boraman...

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Texnologik transport boshqarmasi tarkibidagi Texnologik transport ta'mirlash sexi boshqarmaning yuragi, qon tomiri, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Barcha markadagi dizel avtomashinalarining ichki yonuv dvigatellari, shuningdek turli qismlar va agregatlarni ta'mirlash asosiy vazifasi hisoblangan sexda bugungi kunda 187 nafar ishchi-ta'mirchilar mehnat qilib kelmoqda. Eskender Abdullayev boshchiligidagi jamoa eng og‘ir tonnadagi gigant texnikalarning sifatli ta'mirlarining ta'minlanishida o‘z jonbozliklarini ko‘rsatishmoqda.

- Yangi konlarning ochilishi o‘z-o‘zidan ish sig‘imini kengaytiradi. Ehtiyoj va talablar ham shunga mos ravishda bo‘lishini hammamiz bilamiz. Kombinatning ishlab chiqarish quvvatlari yil sayin ortib borarkan, o‘z-o‘zidan yirik hajmdagi avtotransport vositalariga, gigant avtomashina va avtoyuklagichlarga ehtiyoj oshib boradi. Bunda Texnologik transport ta'mirlash sexi faoliyati ko‘zga tashlanadi. Hozirgi kunga kelib bir oy davomida 130 tonnalik BelAZ hamda 220 tonnalik gigant texnikalarning 4 tasiga xizmat ko‘rsatib kelmoqdamiz. Profilaktik ta'mirlash, umuman joriy ta'mir ishlari muntazam ravishda olib boriladi. Ta'mirlarning belgilangan muddatlarda sifatli amalga oshirilishida tajribali ta'mirchilarimizdan - I.Merzayev, K.Xudoyarov, I.Kim, U.Rabilov, N.Amonov, R.Kurtveliv, A.Abdilayev, Sh.Tulyaganov, N.Abdiyevalarning hissalari alohida bo‘lmoqda, - deydi sex rahbari Eskender Abdullayev.

Sexdagi yana bir e'tiborimizni tortgani - maxsus laboratoriya bo‘ldi. Eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan laboratoriyada gigant texnikalarga ishlatilgan moylar, suyuqliklar tahlil qilinadi. Tasavvur qiling, ta'mirtalab texnika. Unga ishlatilgan suyuqlik tahlil qilingach, uning qaysi qismi ta'mirga muhtoj ekanligi aniqlanib, o‘sha joyga taalluqli murvatlar tuzatilishi belgilanadi.

4 ta asosiy uchastkadan tashkil topgan Texnologik transport ta'mirlash sexi nafaqat texnikalarga xizmat ko‘rsatishda peshqadam, balki jamoaviy ishlarda ham o‘z faolliklarini ko‘rsatib kelishmoqda. Jumladan, sex hududida ishchi-xodimlar qo‘li bilan barpo qilingan issiqxona, kuz bo‘lishiga qaramay bahor nafasini berib turgan gulzor, mazali taomlari bilan eng yaxshi oshxonalardan biri bo‘lgan sex taomxonasi... Hammasida inson qalb qo‘rini, yurak taftini his etish mumkin.

- Sakkiz soat, ba'zida undan ham ko‘p vaqtimiz shu yerda, ishxonada o‘tadi. Shunday ekan, avtotransportlar bilan ishlayotgan barcha ishchilarga munosib mehnat sharoitini yaratib berish, ularning sifat va samara bilan ishlashlari uchun zamin hozirlash eng asosiy vazifamiz deb bilaman va shunga amal qilamiz. Fursatdan foydalanib, yaqinlashib kelayotgan Avtomobil' transporti xodimlari kuni munosabati bilan barcha soha vakillarini kasb bayramlari bilan chin qalbimdan tabriklab qolaman, - deya o‘z tilaklarini bildiradi Eskender Abdullayev.

Dilafro‘z EGAMBERDIYEVA

Bo`lishmoq:
Text to speech