Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33“Olmaliq KMK”AJ Kovuldi koni jamoasi hisobot yilining dastlabki oyini yuqori mehnat ko‘rsatkichlari bilan yakunlashga muvaffaq bo‘ldi.
Konchilar tomonidan rudalarni qazib olish 100,1%, tog‘-kon tayyorlov ishlari 168%, ekspluatasion razvedka ishlari 138,5%ga ortig‘i bilan bajarildi. Rudalarni qayta ishlash 110,2%ga uddalangan holda birinchi va ikkinchi metallning flyus rudalardagi miqdori mos ravishda 106,8% va 104,7%ni tashkil etdi. Ushbu muvaffaqiyatli natijalarda konning Xurshid Borliboyev va Ilhom Tog‘ayevlar rahbarlik qilib kelayotgan bosh mexanik hamda bosh energetik xizmatlarining o‘rni alohida bo‘ldi.
Burg‘ulash-portlash, zaboylardan tog‘ jinslarini olib chiqish, shaxtalarni shamollatish, tog‘-kon o‘tishlarini mustahkamlab borish, to‘ldirish ishlarini amalga oshirish uchun qum va shebenlar tayyorlash, tog‘-kon texnikalariga ekspluatasion xizmat ko‘rsatish va ta'mirlash ishlari ushbu ikki xizmatni o‘zaro bog‘lagan. Bu hamkorlik va hamjihat harakatlarni tog‘-kon o‘tishlarini ta'minlab borish va shamollatish uchastkasi faoliyatiga nazar solib baholash mumkin bo‘ladi. Tog‘-kon o‘tishlarini samarali, sifatli va barqaror shamollatilishi yer osti konlarida xavfsiz mehnat sharoitlarini belgilab beradigan asosiy omillardan biridir.
Yer osti uchastkasi, ya'ni shaxtaga burg‘ulash ishlari olib borilishi uchun siqilgan havo yetkazib berish, ventilyasiya uskunalarini ta'mirlash, suv va havo quvurlarini montaj qilish, ularning demontaji, yer qa'rida to‘planib boruvchi suvlarni muntazam ravishda tashqariga chiqarib borish kabi ishlar aniq belgilangan tizimda olib borilmoqda. Yer osti tog‘-kon qazib olish ishlarining asosiy xususiyatlaridan biri - barcha kon o‘tishlariga talab qilinadigan tozalik va haroratdagi havo miqdorining yetkazib berilishi hisoblanadi. Bu vazifalar bajarilishida elektromexanik Tohirjon Ergashev, kompressor qurilmalari mashinistlari Mahbuba Radjapova, Galina Yurbasheva, Venera Axmadulina, Orzigul Karimova, elektr qurilmalari ta'mirchi-chilangarlari Hasan Janaev, Zokirjon Rahmonov, Shuhrat Xudoyberdiev, Jo‘rabek Usmonov, Bahrom G‘aniyevlarning hissalari alohida bo‘lmoqda.
Shaxtalar, konlarning bosh shamollatuvchi qurilmasi hisoblangan VOD-16 ikki bosqichli ventilyatorining uzatmalari, transmission vallari, kollektor, ish g‘ildiraklari, korpus va diffuzorini ta'mirlab borishda aynan ta'mirchi- chilangarlarning mahorat va ko‘nikmalari alohida ahamiyatga ega. Nurali Abduqodirov va Rustamxon Muzaffarov kabi elektrpayvandlovchilar har qanday turdagi ta'mirlarning o‘z vaqtida sifatli olib borilishida yuqori ish sur'atlarini ta'minlab kelishayapti.
Tog‘-kon o‘tishlarini to‘ldiruvchi atmosfera havosi ma'lum bir vaqt o‘tishi bilan o‘z kimyoviy tarkibi hamda fizik xossalarini o‘zgartiradi. U zararli, zaharli, portlovchan gazlar va kon changlari bilan to‘yinadi, harorati, namligi, solishtirma og‘irligi va bosimini o‘zgartiradi. Buni inobatga olgan holda tahlillar namunalarini olish yo‘lga qo‘yilgan va kon zaboylariga haydab berilayotgan havo tarkibining me'yoriy talabi bajarilishi ta'minlanmoqda.
Konchilar uchun eng muhim himoya vositasi hisoblanuvchi shaxta yoritgichlari va o‘z-o‘zini qutqarish moslamalarini quvvatlantirish, ularni konchilarga taqsimlab, smena yakunida qabul qilib olish, hisobini yuritish va quvvatlantirish ishlari Gulzoda Jumaboeva, Hosiyat Matiyeva, Nuriniso Bo‘riboyeva, Zulayho Eshmatova singari chiroqchilar tomonidan qat'iy tartiblarda amalga oshirib borilmoqda.
Kovuldi konining bir sutkalik ehtiyojlari uchun 18 000 kVt/soat elektr energiyasi talab etiladi. Elektr energiyasi va energetika qurilmalarining texnik ekspluatatsiya qilish qoidalariga muvofiq holda xavfsiz va ishonchli faoliyatini ta'minlash bilan bir qatorda yangi qurilmalarni joriy etish ishlari keng miqyosda olib borilmoqda. Birgina o‘tgan yil davomida kon energetiklari tomonidan 3 ta zamonaviy kompressorlarni montaj qilish va foydalanishga topshirishga erishildi. Konning har bir uchastkasi energetika manbalariga bo‘lgan talabini qondiruvchi yangi samarador texnologiyalar va quvvatlarni ishga tushirish hisobiga 2021-yil davomida konchi-energetiklar tomonidan 342546 kVt/soatga teng elektr energiyasi iqtisod qilindi.
So‘nggi o‘n yilliklardagi iqtisodiy islohotlar tog‘-konchilik sanoatida ko‘zga ko‘rinarli o‘zgarishlarga olib keldi. Tog‘-konchilik korxonalarining barqaror faoliyat yuritishi va jadal rivojlanishining asosiy sharti esa ularining barcha tizimlarini samaradorlikda boshqarib borish bo‘lib qolayotgan bir vaqtda Kovuldi koni elektromexanika xizmati o‘z faoliyatini yangi asoslarga qurib borayotgani ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarida o‘z aksini topmoqda.
Hasan ABDULLAYEV