• Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Texnologik jarayonlarning boshlang‘ich bo‘g‘ini

12 Fevral 2024, 10:39 262

2-MBFning 70 yilligiga

2024-yilga mo‘ljallangan ishlab chiqarish reja ko‘rsatkichlariga asosan, “Olmaliq KMK” AJ 2-Mis boyitish fabrikasi tomonidan jami 4 700 ming tonna miqdorida xom ashyoni qayta ishlash ko‘zda tutilgan bo‘lsa, uning 4 030 ming tonnasini “Sariq-cho‘qqi” karyeri ma'dani va 670 ming tonnasini Mis eritish zavodi toshqollari tashkil qiladi.

Ma'lumki, 2-MBFda maydalash jarayonlari uch bosqichli maydalash va u bilan birgalikda ishlovchi yopiq g‘alvirlash texnologik bosqichlardan iborat. Korxona texnologik jarayonlarining boshlang‘ich bo‘g‘ini hisoblangan Maydalash bo‘limi ikkita ShKD 12x15 rusumli yirik jag‘li maydalagich, uchta KSD-2200 rusumli o‘rta konusli maydalagich va 6 ta KMD-2200 rusumli mayda maydalagich, GIT41 rusumli 24 ta g‘alvirlar hamda sobit turuvchi tasmali transportyor uzatmalar(konveyer) bilan qurollangan holda texnologik jarayonlarni amalga oshirib keladi.

Sarvar Hamzayev rahbarlik qilib kelayotgan ushbu bo‘lim mehnat jamoasi tomonidan xom ashyolarning yiriklik va moddiy tarkibi bo‘yicha bir turdoshligiga erishish yo‘lida o‘ziga xos ishlab chiqarish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Mis-molibden ma'dani va MEZ toshqollarini qayta ishlash vazifalari esa bu yerda yillar davomida shakllangan bosqichliklarda bajarib kelinmoqda.

Mazkur jarayonlarning barqaror olib borilishi va belgilangan ishlab chiqarish ko‘rsatkichlariga erishishda Jo‘rabek Mehmonboyev yo‘lboshchiligidagi texnologik smenaning o‘rni alohida bo‘lmoqda. Xususan, bir ish smenasi davomida 5000 tonna miqdorida ma'dan va 950 tonna miqdorida toshqollarni qabul qilish topshiriqlari izchil olib borilishiga Dilshod Ergashev, Javohir Hamidov, Ma'ruf Boboxonov kabi texnolog-xodimlar munosib hissa qo‘shib kelishmoqda. Smena boshqaruv pulti operatori Hadicha Do‘satova texnologik jarayonlarning me'yoriy va avariyali rejimlarda borishini nazorat qilish, avtomatika va barqarorlashtirish vositalari ko‘rsatkichlari asosida jarayonlarni kuzatib borish, jarayonlardan og‘ish sabablarini topish va bartaraf etish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berish, ishlab chiqarishni muvofiqlashtirish, zarur o‘zgartirishlarni tezkorlikda kiritish hamda barcha jarayonlarni smena jurnaliga belgilangan tartiblarda qayd etib borgan holda smena ustasining eng yaqin maslakdoshiga aylangan. Asosiy texnologik va yordamchi uskunalar, shuningdek mexanika qurilmalarida yuzaga keladigan nosozliklarni tezkorlikda bartaraf etish va ularning uzluksiz ishlashi yo‘lida tezkor o‘chirib-yoqish operatsiyalarini bajarishda smena navbatchi elektr-ta'mirchisi Sherali Xolmatovning mahorat va tajribasi muhim ahamiyat kasb etmoqda.

1-texnologik smena jamoasidagi hamjihatlik yilning dastlabki oyida bo‘lim tomonidan barcha ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarining muvaffaqiyatli uddalanishiga omil bo‘ldi. Jumladan, mehnat jamoasi ma'dan va MEZ toshqollarini qabul qilish va qayta ishlash bo‘yicha yanvar oyi uchun belgilangan rejani muddatidan oldin bajarishga erishdi. 16 mm konditsiya ko‘rsatkichi rejaga asosan 92%ni tashkil qildi. Qo‘lga kiritilgan ushbu ko‘rsatkich korxonaning yubileyi yilidagi natijalari yuqori bo‘lishidan dalolat beradi.

Hasan ABDULLAYEV

Bo`lishmoq:
Text to speech