Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33“Olmaliq KMK” AJ Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish bo‘yicha Ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi mamlakatimizda o‘z sohasida noyob bo‘lgan majmuaviy korxonalardan biridir. Markazda volfram va molibden mahsulotlarining har xil markadagi qotishmalaridan metall buyumlar tayyorlash, import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlarni chiqindisiz texnologiyalar asosida chuqur qayta ishlash amalga oshiriladi.
Korxonada mahalliy korxonalar uchun o‘tga chidamli mahsulotlar bo‘yicha bir qator investitsiyaviy loyihalar amalga oshirib kelinmoqda. Ishlab chiqarilgan volfram va molibden mahsulotlarining 95 foizi Yevropa mamlakatlariga eksport qilinmoqda. Ushbu mahsulotlar asosan, po‘lat ishlab chiqarish, mashinasozlik va harbiy sanoatda keng ishlatiladi.
Birlashma negizida faoliyat yuritayotgan KIRAM Ilmiy-texnologik markaz tomonidan so‘nggi yillarda bir qator e'tiborga molik tadqiqotlar va ishlanmalar olib borilmoqda. Mahalliylashtirish dasturi asosida esa ko‘plab sanoat tajribalari jadallikda amalga oshirilayapti. Bular jumlasiga volfram asosidagi qattiq qotishmali metallarning tuzilishini tadqiqot qilish va ishlash muddatlarini uzaytirish bo‘yicha tadqiqotlar hamda volframli asosdagi qattiq qotishmalardan yangi turdagi mahsulotlar olish usullarini yaratish kabi tadqiqot va izlanishlarni kiritish mumkin. Volframli asosdagi qattiq qotishmalardan yangi turdagi mahsulotlar olish usullarini yaratish hamda volfram nanokukunini qo‘shish orqali yangi istiqbolli materiallar yaratish ustida olib borilayotgan ishlar ham e'tiborga molikdir.
Hozirgi kunda volfram, molibden, kobalt, reniy kabi noyob metallarning mahalliy resurslarga asoslangan konsentratlaridan yarimo‘tkazgich materiallari sohasida va radioelektronikada ishlatiladigan mahsulotlarni ishlab chiqish uchun 99,99% gacha toza bo‘lgan noyob metallarga bo‘lgan talab oshib bormoqda. Markaz mutaxassislari tomonidan bu borada salmoqli ishlar boshlab yuborilgan. Ahamiyatlisi shundaki, noyob metallar aso sida qotishma larga nanokukun qo‘shimchalarini joriy qilish markazning asosiy ustivor vazifalari hisoblanadi.
Mamlakatimizda rivojlanib borayotgan yangi turdagi kompozit materiallardan yuqori sifatli volfram, molibden, kobalt, reniy tarkibli mahsulotlarning yangi turlarini yaratish hamda ishlab chiqarishga joriy etish ishlari, shu jumladan, mashinasozlik, metallurgiya, avtomatlashtirish, radiotexnika sohalarida ulkan izlanishlar olib borishda Ilmiy-texnologik markazi bo‘lim boshlig‘i G‘ayrat Parmonov, Tajriba-sanoat sexi boshlig‘i Baxtiyor Zohidov kabi xodimlar g‘ayrat va tashabbus ko‘rsatib kelishmoqda.
Hozirda Tajriba-sanoat sexida bir qator zamonaviy qurilmalar, uchqunli plazmada sintrlash (SPS) va bosimli issiq presslash uskunasi orqali yangi usullarni joriy etish va amalga tatbiq qilish ustida ishlar olib borilmoqda. Ushbu vazifalarga Orifjon Xomidov yosh, umidli mutaxassislardan biri sifatida ilmiy qarashlarini dadil joriy etishga bel bog‘lagan.
Ilmiy-texnologik markazda qisqa davr ichida qo‘yilgan poydevor, salohiyatli yosh mutaxassislarga keng imkoniyatlar berilishi, markazning jarayonlar va tadqiqotlar uchun zamonaviy laboratoriya uskunalari bilan qurollanganligi 2022-2026 yillarda Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish bo‘yicha ilmiy ishlab chiqarish birlashmasini rivojlantirish dasturiga xizmat qiladi.
Hasan ABDULLAYEV