Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Tilsiz yovdan ogoh bo‘ling

14 Avgust 2026, 14:18 40

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tarkibiy bo‘linmalarida ishlab chiqarish xavfsizligini ta’minlash, xodimlarning favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish ko‘nikmalarini oshirish hamda qutqaruv tuzilmalarining shayligini tekshirish doimiy diqqat markazida bo‘lib kelmoqda.

Shu maqsadda, 2026-yil 13-avgust kuni Texnologik transport boshqarmasi tasarrufidagi Texnologik transportlarni ta’mirlash sexi hududida yirik kompleks obyekt o‘quv-mashg‘uloti tashkil etildi. Mazkur amaliy tadbirda kombinat obyektlarida favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish bo‘limining 51-sonli yong‘in o‘chirish qismi, Fuqaro muhofazasi otryadi hamda korxona fuqaro muhofazasi tuzilmalari hamkorlikda harakat qilishdi.

O‘quv-mashg‘uloti “Yong‘inlarni bartaraf qilish va qutqaruv ishlarini tashkil etish” mavzusiga bag‘ishlandi. Jarayonda shartli ravishda yuz bergan yong‘inni tezkorlik bilan qurshab olish, o‘chirish, shuningdek, xavfli hududdan ishchi-xodimlarni evakuatsiya qilish hamda jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha amaliy harakatlar muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazildi. Hamkorlikdagi tuzilmalarning tezkor va bahamjihat harakatlari tufayli qo‘yilgan vazifalar to‘liq va yuqori saviyada bajarildi.

Bu kabi tizimli tadbirlar Sanoat temir yo‘l transporti boshqarmasida ham davom ettirildi.

“Favqulodda vaziyatlarni oldini olish va yong‘in xavfsizligini ta’minlash birinchi navbatda!” mavzusida o‘tkazilgan ko‘rgazmali targ‘ibot seminarida kombinat obyektlarida yong‘in xavfsizligini bartaraf etish bo‘limi boshlig‘i A.Ahrorov hamda Fuqaro muhofazasi otryadi komandirining yong‘in xavfsizligi bo‘yicha o‘rinbosari B.Abulqosimov ishtirok etishdi.

Muloqot davomida shahrimiz va kombinat hududidagi yong‘in xavfsizligining asosiy talablari, baxtsiz hodisalarning oldini olish chora-tadbirlari va sodir bo‘lgan yong‘inlar tahlil qilindi.

Tadbir davomida yong‘in o‘chirish vositalari va texnikalari namoyish etilib, ular haqida to‘liq ma’lumot berildi.

Bu kabi tizimli amaliy o‘quv-mashg‘ulotlari kutilmagan favqulodda holatlarning oldini olish hamda korxona mol-mulki va insonlar hayotini ishonchli himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech