• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

TMS: mustaqil sexning mustaqil odimlari

11 Dekabr 2023, 8:48 430

Mis eritish zavodining 60 yilligiga

Mis eritish zavodi sexlarining texnologik uskunalarida o‘tkaziladigan kapital va joriy ta'mirlar uchun ehtiyot va butlovchi qismlarni tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi Ta'mir-mexanika sexi korxona tashkil etilgan 1963-yildan beri faoliyat yuritib keladi. Dastlab, Metallurgiya sexining bo‘linmasi sifatida faoliyat yuritgan ushbu ish uchastkasi ishlab chiqarish quvvatlari ortishi bilan mustaqil sex maqomini oldi.

Korxona bosh mexanik xizmati tomonidan berilgan buyurtmalar asosida Ta'mir-mexanika sexi yillar davomida o‘z ishlab chiqarish tizimini yo‘lga qo‘yib boradi. Mazkur sex haqida fikr yuritilganda 34 yil ushbu jamoaga rahbarlik qilib kelgan Safarali Qo‘chqorov nomini yodga olmasdan iloj yo‘q. “Mehnat shuhrati”, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari sohibi - O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sanoat xodimi Safarali Xolbo‘tayevich o‘zidan munosib izdoshlar va yorqin xotiralar qoldirib ketdi. Bobur Qo‘ziboyev, Irina Gerasimova kabi tokarlar, elektromexanik Olga Shukina, frezerlovchi Abdurashid G‘aniyev, ta'mirchi- chilangar Rinat Gabdullinlar sexda shakllangan tajriba va mahorat maktabini yosh hamkasblariga meros qilib qoldirishmoqda.

Bugungi kunda sex dastgohlar parkini yangilash asosida uning ishlab chiqarish quvvatlarini yanada oshirishga alohida e'tiborni qaratmoqda. Turli o‘lchamlardagi detallarga ishlov berishga mo‘ljallangan yangi tokarlik - vint kesish dastgohlari, gil'otina qaychilari, listlarni bukish valslari, quvurlarni bukish va kesish dastgohlarini keltirish va montaj qilish borasida izlanishlar olib borilmoqda.

Sex 34 ta turli uskuna va jihozlar bilan qurollangan. Ta'mirchilar zimmasiga yuklatilgan vazifalar 24 ta metall kesish va unga ishlov berish dastgohlari yordamida amalga oshirib boriladi. Yuk ko‘tarish quvvatlari turlicha bo‘lgan 5 ta yuk ko‘tarish kranlari ta'mirchilarning eng ishonchli ko‘makchilari hisoblanadi. 2021-yilda listli metallarni kesuvchi dastgoh xarid qilinib foydalanishga topshirilishi sex ishlab chiqarish quvvatlari va mahsulotlar assortimentlari oshishiga xizmat qildi. Bundan tashqari, sexning zarur dastgohlar va uskunalar bilan jihozlanishi tayyorlov uchastkasida tokarlik, frezerlik, payvandlash, temirchilik va mexanizmlarning qismlarini yig‘ishda chilangarlik ishlarini yuqori sifatlarda amalga oshirish imkonini bermoqda. Umuman olganda, tayyorlov, dastgohlik, chilangarlik-payvandlash, temirchilik uchastkalarining hamjihatlikdagi faoliyatlari evaziga har oyda o‘rtacha 10-12 tonna miqdorida tayyor ta'mirlangan mahsulotlar ishlab chiqarilishiga muvaffaq bo‘linmoqda.

Hasan ABDULLAYEV

Bo`lishmoq:
Text to speech