Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

O‘z ish o‘rnini qadrlagan adashmaydi

12 Sentyabr 2026, 12:19 21

Joriy yilning 11-sentyabr kuni Mis boyitish fabrikasi va Mis eritish zavodi ishchi-xodimlari uchun navbatdagi huquqbuzarliklar profilaktikasi tadbiri o‘tkazildi.

Tadbirda Toshkent viloyati IIBB OKMKdagi IIB boshlig‘i, podpolkovnik S.Andamuratov, JQB va tergov bo‘limi vakillari, “Olmaliq KMK“ AJ Maxfiy-tartibot bo‘limi boshlig‘i D.Xamzayev, Harbiy qism komendanti S.Sadikov, shuningdek, fabrika va zavod rahbariyati hamda ishchi-xodimlar ishtirok etishdi.

Yig‘ilish kun tartibidan o‘g‘rilik, talon-tarojlik va narkotik moddalar bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olish, ichki tartib-qoidalarga rioya etish hamda xodimlar o‘rtasida odob-axloq madaniyatini yuksaltirish masalalari o‘rin oldi.

Tadbirda so‘zga chiqqan D.Xamzayev hozirgi kunda Mis boyitish fabrikasi va Mis eritish zavodi hududida ba’zi ishchilar tomonidan jinoiy qonunbuzarliklarga qo‘l urilayotgani achinarli holat ekanini qayd etib, har qanday jinoyat uchun jazo muqarrarligini eslatib o‘tdi.

Shundan so‘ng, S.Andamuratov OKMK hududida sodir etilgan jinoyatlar tahlilini taqdim etdi. U o‘z so‘zida fabrika va zavod hududidan bir guruh ishchilar tomonidan tarkibida qimmatbaho metallar bo‘lgan qumni noqonuniy ravishda olib chiqishga urinish holatlari aniqlangani va aybdorlar ushlanganini misollar bilan ko‘rsatib o‘tdi.

Shuningdek, giyohvandlik moddalari iste’mol qilish, saqlash va tarqatish kabi jinoyatlarning huquqiy oqibatlari haqida ham ma’lumotlar berildi.

OKMKdagi IIB boshlig‘i o‘tgan yilga nisbatan olib qaraganda sodir etilgan jinoyatlar statistikasi xavotirli ekanini ta’kidladi.

Yakunda fabrika va zavod rahbarlari so‘zga chiqib, OKMK kabi yirik korxonada faoliyat yuritish har bir fuqaro uchun sharaf ekanini, ish o‘rinlarini qadrlash va ichki tartib-qoidalarga qat’iy rioya qilish zarurligini ta’kidlashdi. Ular ishchilarni tez boylik orttirish ilinjida jinoyat ko‘chasiga kirmaslikka, o‘zi, oilasi va farzandlari kelajagini xavf ostiga qo‘ymasdan, halol mehnat qilishga chaqirdilar.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech