Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-3318-aprel kuni mamlakatimiz uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari o‘z kasb bayramlarini nishonlashdi. Bugungi hayotimizni kommunal xizmat sohasi xodimlarining kecha-yu kunduz barqaror faoliyatisiz tasavvur qilish qiyin. “Olmaliq KMK” AJning Uy-joylarni ta'mirlash va ulardan foydalanish boshqarmasi faoliyati ana shu yo‘nalishga dahldor. Mazkur jamoaning bugungi vazifalari xususida boshqarma boshlig‘i v.b. Dilorom Usanova quyidagi ma'lumotlarni biz bilan baham ko‘radi.
- Boshqarmamiz faoliyati nihoyatda katta, hattoki chegarasiz, deb ta'rif bergan bo‘lardim. Nega? Chunki, kommunal soha xodimlarining ishlari bir qarashda ko‘zga tashlanmaydi: yorug‘lik, issiqlik, suv ta'minoti, xonadonlardagi shinamlik, kvartallar va shahar ko‘chalaridagi tartib hamda ozodalik, dov-daraxtlar, gulzorlar, sifatli kommunal xizmatlari... Bularning barchasi tabiiy bo‘lishi shartdek qabul qilinadi. Aslida esa bu qulayliklar, go‘zal manzaralar ortida yuzlab kishilar, shahrimizda obodlik va ozodalik muhitini yaratib borayotgan insonlarning mashaqqatli va matonatli mehnatlari yotadi.
Biz aholi uchun farovon turmush tarzini ta'minlash yo‘lida ter to‘kamiz. Yildan-yilga zimmamizga yuklatilayotgan vazifalar va ular ortidan mas'uliyat tobora ortib bormoqda. Uy-joy kommunal sohasida ulkan o‘zgarishlar yuz bermoqda: raqamlashtirish hayotimizda tobora mustahkam o‘rin olib borayapti, bu esa texnik va kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarning eng qulay va maqbul shakllarini joriy etish, shu bilan birga turar-joylar, yo‘laklar ta'mirlanishi, ko‘chalar, xiyobonlar va hovlilar obodonlashtirilishi imkoniyatlarini oshirmoqda. Maxsus bilim va malakani talab qiladigan murakkab mexanizmlar va texnikalar hayotimizga mustahkam kirib bormoqda. Shu sababli ham murakkab vaziyatlarda aniq va hamjihatlikda faoliyat olib borishga qodir bo‘lgan o‘z ishining ustasi bo‘lgan professionallar boshqarmamizda mehnat qilishadi.
Kommunal soha xodimlari ishi sermashaqqat, asabiy, o‘z o‘rnida xavfli hamdir. Turar-joylardagi muhandislik tarmoqlarining ayanchli ahvoli vaziyatni yana ham murakkablashtiradi. Lekin shu kabi muammolarga qaramasdan biz qanday qilib yakuniy natijalarga erishish mumkinligini har kuni isbotlab kelmoqdamiz. Bizning sohamizda natijadorlikning mezoni tadbirlarning obdon va puxta rejalashtirilishidir. Va albatta, odamlar bilan doimiy muloqot, har kunlik muammolar yechimiga oqilona yondashuv ham muhim ahamiyat kasb etadi.
UJTFB 3 ta uy-joylarni ta'mirlash uchastkalari, elektr, dispetcherlik, abonentlar uchastkalari, ishlab chiqarish chiqindilarini qabul qilib olish va to‘plash, xo‘jalik uchastkasi va ikkita umumiy yotoqxonani o‘z ichiga olgan.
Uy-joylarni ta'mirlash uchastkalari aholi turar- joy binolaridagi umumiy foydalanishdagi yo‘laklar, zinapoyalar maydonlari, kirish yo‘laklari ichi va yerto‘lalar elektr shchitlariga texnik xizmat ko‘rsatadi, tom ustilarida joriy va kapital ta'mir ishlarini amalga oshiradi, uylar oldi hududlari va shahrimizning bizga biriktirilgan ko‘chalarida tartibga keltirish ishlarini olib borishadi. Mazkur uchastkalar xodimlari turli nosozliklarni aniqlash maqsadida o‘z tasarrufidagi binolarni ko‘zdan kechirib chiqishadi, zaruriyatga qarab tegishli chora- tadbirlarni ko‘rishadi.
Boshqarmamizning elektr xizmati turar-joylarning elektr shchitlari, transformator nimstansiyalari, kvartallar ichi va Amir Temur, Sharof Rashidov, qisman Ehtirom ko‘chalarining yoritilishi va uning sozligi uchun javobgar.
Dispetcherlik-mexanika xizmatimiz maishiy chiqindilar olib chiqilishi bilan shug‘ullanadi, bu maqsadlar uchun zarur texnikalarimiz mavjud. Bundan tashqari, xizmatda avariyali vaziyatlarda aholidan shikoyatlar kechayu-kunduz qabul qilib borilishi ham yo‘lga qo‘yilgan.
Abonentlar xizmati ko‘rsatilgan xizmatlar va texnik xizmatlarga to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirib borilishiga javob beradi, debitorlik qarzdorliklar kamaytirib borilishi, issiq suv hisoblagichlari almashtirilishi, yangisi o‘rnatilishi, hisoblagichlar tamg‘alanib borishini nazorat qilib boradi. Imkoniyatdan foydalanib aholiga shuni eslatib qo‘yishim kerakki, bolling tizimi joriy etilishi munosabati bilan UJTFBning g‘aznaxonasi faoliyati tugatildi. Endilikda har bir abonent to‘lovlar uchun o‘ziga ma'qul bo‘lgan usulni tanlab olishi: Ipoteka banki, pochta bo‘limlari kassalari, ommaviy bo‘lgan Payme, Click va boshqa to‘lov ilovalaridan foydalanishlari mumkin. To‘lovni amalga oshirishdan oldin bizning abonentlar bo‘limimizga murojaat qilib, qiyoslashlarni amalga oshirishlari maqsadga muvofiqdir.
Xo‘jalik uchastkamiz Totuvlik ko‘chasidagi 9- va 11-uylarga, shuningdek OKMK Ijro apparatining tog‘-konchilik, geologiya va marksheyderlik bo‘limlari faoliyat yuritadigan binolar va ularga chegaradosh bo‘lgan hududlarga xizmat ko‘rsatadi.
Umumiy foydalanish maydoni 1,7 gektarni tashkil etuvchi ishlab chiqarish chiqindilarini qabul qilish va to‘plab borish uchastkasi kombinat korxonalaridan olib chiqilgan chiqindilarni to‘plab borish vazifalarini bajarib boradi.
O‘z issiqxonamizda bir necha yillardan beri yil davomida turli bir yillik gul ko‘chatlarini yetishtirib kelayapmiz. Aynan shu gullar shahrimiz ko‘chalari va xiyobonlariga nafis go‘zalik baxsh etmoqda. Joriy yilda bizning gul ko‘chatlarimiz “Yoshlik I” koni va 3-MBF hududlariga ham ekildi.
Bundan tashqari, boshqarmamiz jamoasi “Yashil makon” umumilliy loyihasida ham faol ishtirok etib kelmoqda. Shahrimiz va kombinat bo‘linmalari ob'ektlariga o‘tqaziladigan 100 mingdan ziyod terak va tol ko‘chatlarini ekishga tayyorlash mazkur yo‘nalishdagi eng so‘nggi ishlarimizdan biri hisoblanadi.
Men yuqorida ta'kidlab o‘tgan barcha keng tarmoqli ishlar bilan jamoamizning 400 nafardan ziyod ishchi-xodimlari - chilangar-santexniklar, gazpayvandlovchilar, tom yopuvchilar, yuklovchilar, traktorchilar, suvoqchi-bo‘yoqchilar, hovli ishchilari va boshqa xizmatchilarimiz shug‘ullanishadi.
Shu o‘rinda boshqarmamiz jamoasini, shu bilan bir qatorda barcha kommunal sohasi xodimlarini yaqinlashib kelayotgan kasb bayramlari bilan muborakbod etaman. Har kunlik mashaqqatli va mas'uliyatli mehnatlari, shahrimizning yanada go‘zal va farovon bo‘lishi yo‘lidagi fidoyiliklari uchun samimiy minnatdorchiligimni bildiraman! Barcha hamkasblarimizga bitmas-tuganmas g‘ayrat, tolmas bilak, samarali mehnat, muammolar oqilona yechimida sabr-bardosh va zakovat, qat'iy ishonch, mustahkam sog‘lik, oilalariga farovonlik va tiniq bahoriy kayfiyat, ko‘tarinkilik hamisha hamroh bo‘lishini tilayman!
Anastasiya KALINKINA yozib oldi