Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Ustoz-shogird an’analari 2-Mis boyitish fabrikasida tajriba va bilimlar ommalashuvining universal texnologiyasi bo‘lib xizmat qilmoqda.
“Olmaliq KMK” AJ 2-Mis boyitish fabrikasi tomonidan ishlab chiqarish bashoratlariga ko‘ra, joriy yilda 5 million tonnaga yaqin, shu jumladan Sariq-cho‘qqi karyerining 3 mln tonnalik, Qalmoqqir konining 1 mln tonnalik rudalarini, 600 ming tonnadan ziyod tashlanma shlaklarni va 100 ming tonna miqdorida konvertor shlaklarini qayta ishlash ko‘zda tutilgan.
Ishlab chiqarish bashorat ko‘rsatkichlari bilan bir qatorda energiya samaradorligiga yo‘naltirilgan texnologik va energetika uskunalarini yangilash, modernizatsiya qilish korxona o‘z oldiga qo‘ygan asosiy vazifalar hisoblanadi. Bugun sanoat korxonalarida ustoz-shogird an’anasida o‘ta nozik bo‘lgan qirralarni anglash va munosabatlarni mustahkamlash muhimligini ta'kidlab o‘tish zarur bo‘ladi.
Bu munosabatlar o‘zaro hurmat va ishonch, insoniylik va mehr-oqibatda ko‘rinadi. Ustoz-shogirdlik an'analari qadimdan rivojlanib kelgan, ayniqsa, ilm-fan, adabiyot va san’at, hunarmandchilik, me’morchilik, tibbiyot kabi sohalarda ustoz-shogirdlik munosabatlari umuminsoniy qadriyatlarga aylanib ketgan. Xususan, 2-MBFda ham ustoz-shogird an'analariga tayanilgan holda ishlab chiqarish tajribalarini mutaxassislar, yosh ishchi-xodimlarga o‘rgatish samarali omilga aylangan. Jumladan, texnologik smena ustasi sifatida mehnat qilib kelayotgan Hojiakbar To‘raqulov va yosh iqtidorli texnolog-ishchi, konveyer mashinisti Firdavs Abdug‘aniyev o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan ustoz-shogird an'anasi bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
Salkam o‘n to‘rt yildan beri 2-MBFda mehnat qilib kelayotgan Hojiakbar To‘raqulov shu davr ichida o‘nlab yosh ishchilarga boyitish texnologiyalarining sir-asrorlarini qunt bilan o‘rgatib keladi. Uning eng iqtidorli shogirdlaridan biri bo‘lgan Firdavs Abdug‘aniyev ishlab chiqarish jarayonlarini mukammal o‘zlashtirish bilan birga, ayni kunda ishlab chiqarishdan ajralmagan holda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida sirtdan ta'lim ham olib kelmoqda. Ishlab chiqarish zaruriyati tufayli texnologik smena ustasi vazifasini bajaruvchi sifatida ham uning tayinlanib kelinayotgani ustozi mehnatlarining samarasi hisoblanadi.
- Korxonamizda, shu jumladan seximizda mehnat faoliyatini yangi boshlagan xodimga ustoz sifatida biriktirib qo‘yilar ekanman, belgilangan muddatda ishlab chiqarish va texnologiyalar talablarini o‘rgatib borishda shogirdga individual yondashish, faoliyatini nazorat qilish, oddiy munosabatlarni qurish, yuqori natijalarni maqsad qilib olish, ruhiy yuklamalarni kamaytirish, uning salohiyatini doimo yuqori baholash, jamoadagi munosabatlarni mustahkam o‘rnatib borish kabi jihatlarga asosiy e'tiborni qaratib kelaman, - deydi Hojiakbar To‘raqulov. - Biriktirib qo‘yilgan xodimning xatti-harakatlarini muhokama qilishdan ko‘ra, unga omilkora yechimni topish imkonini beraman. Vaziyatni tanqid qilish emas, balki uni izchil tahlil qilish, muammoni tajribamdan kelib chiqib hal qilishni emas, balki muammo yechimida ko‘maklashishni asosiy tamoyil sifatida belgilab boraman. Unga o‘z fikrlarimni o‘tkazishdan ko‘ra, uni qizg‘in muhokamaga chorlayman. Harakatlarini tasdiqlab emas, unga maslahat va yo‘l-yo‘riqlar berish samarali kechishini tajribamdan bilaman. Eng muhimi, shogirdimga shaxsiy ibrat bo‘lgan holda uni ishlab chiqarish va texnologik intizom talablariga rioya qilishga da'vat etaman.
Yuqoridagi omillar nafaqat yangi hamkasbimning o‘z sohasi sir-asrorlarini o‘zlashtirishi, balki menga jamoani samaradorlikda boshqarish, boshqaruv qarorlarini to‘g‘ri qabul qilish, jamoani jipslashtirish va bir maqsad yo‘lida yo‘naltirish imkoniyatlarini ham yaratadi.
Bir so‘z bilan aytganda, korxonada shakllangan an'analarga sodiqlik ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarining barqaror bajarilib borilishida muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Hasan ABDULLAYEV