Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Ustozlarga ehtirom — oliy saodat

17 Aprel 2026, 8:50 99

Inson mehnati bilan aziz, fidoyiligi bilan qadrlidir. Sanoat temiryo‘l transporti boshqarmasida ko‘p yillardan buyon davom etib kelayotgan xayrli an’ana — ko‘p yillik samarali faoliyatidan so‘ng nafaqa gashtini surish arafasida turgan xodimlarni tantanali kuzatish marosimi buning yaqqol isbotidir.

Jumladan, kuni kecha korxonaning 2-temiryo‘l yo‘l sexida o‘tkazilgan tadbir ham ustoz-shogird an’analarining yuksak namunasi bo‘ldi.

Tadbir markazida yillar davomida temir yo‘l tizimida halol mehnat qilib, jamoaning tayanchiga aylangan uch nafar fidoyi inson — teplovoz mashinisti Muhiddin Qo‘chqorov, avtodrezina mashinisti yordamchilari Ahmad Sotivoldiyev va Shavkat  Boltayevlar bo‘lishdi.

Ustozlar nafaqat o‘z kasbining ustasi sifatida STTB taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shdilar, balki o‘nlab yosh mutaxassislarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, haqiqiy maktab yaratdilar. Ular tomonidan qoldirilgan bilim va tajriba bugungi kunda korxona rivojida muhim poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.

Tantanali marosimda STTB rahbariyati va kasaba uyushmasi qo‘mitasi faollari so‘zga chiqib, ustozlarning jamoa jipsligi va ish unumdorligini oshirishdagi xizmatlarini alohida e’tirof etdilar. Shogirdlarning samimiy tilaklari va minnatdorchilik so‘zlari esa tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.

Tadbirda nafaqaga kuzatilayotgan faxriylarga boshqarma ma’muriyati tomonidan tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Bu kabi tadbirlar nafaqat mehnatni qadrlash, balki yosh avlod qalbida kasbga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini shakllantirishda katta ahamiyatga ega.

Otabek Minasipov,

STTB kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi o‘rinbosari

Bo`lishmoq:
Text to speech