"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Uyg‘on, hey Turkiston, uyg‘on, el-yurtim,
O‘zligingni anglab, qad rostla, yurtim.
Tarixing — xotira, noming — iftixor,
Kelajak yo‘lingga boqsin ming nigoh.
Bu satrlarda Vatanga muhabbat, milliy o‘zlik va yurt kelajagiga daxldorlik tuyg‘ulari mujassam. Qariyb yetmish yillik ijodiy faoliyati davomida ana shunday ezgu g‘oyalarni tarannum etib kelayotgan O‘zbekiston xalq shoiri Barot Isroilning serqirra merosi bugun ham kitobxonlar, ayniqsa, yosh avlod uchun ma’naviy saboq va ibrat manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ushbu ezgu maqsad yo‘lida kuni kecha “Olmaliq KMK” AJ Ma’naviyat va ma’rifat kengashi tashabbusi bilan “Metallurg” madaniyat saroyida taniqli shoir bilan ijodiy uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda , taniqli o‘zbek sozandasi, bastakor Ahmadjon Dadayev, Islom Karimov nomidagi 34-sonli madaniyat markazi rahbari Zohida Umarova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist To‘shpo‘lat Matkarimov shuningdek, san’at namoyandalari, adabiyot ixlosmandlari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
1938-yilda Toshsoy qishlog‘ida dehqon oilasida dunyoga kelgan Barot Isroil adabiyotga o‘tgan asrning 60-yillarida kirib keldi. Toshkent poligrafiya texnikumida matbaachi mutaxassisligini egallagan ijodkor 1956-yildan poytaxtdagi 1-sonli bosmaxonada mehnat faoliyatini boshlagan. Shu yillarda yozgan “Imtihon” she’ri “Mash’al” gazetasida chop etilib, uning ijodiy parvoziga yo‘l ochadi.
Keyinchalik Toshkent davlat pedagogika institutida tahsil olgan shoir “Tong yulduzi” gazetasida, so‘ng O‘zbekiston teleradiokompaniyasida faoliyat yuritadi. Uning 1972-yilda O‘zbekiston xalq shoiri Mirtemir muharrirligida nashr etilgan “Boychechak” to‘plami ijodiy yo‘lining muhim bosqichlaridan biridir.
Uning “Nay navosi”, “Oq bulut”, “Oq oltin”, “Bahor”, “Subhidam”, “Shirin kulcha”, “Nastarin”, “To‘ytepaga to‘yga keling”, “Alisherning shirin tili” kabi she’riy majmualari, shuningdek, Najmiddin Kubro haqidagi “Turonlik avliyo” asari dunyo yuzini ko‘rgan.
Shoir ijodining yana bir muhim qirrasi — tarjimonlik. U Nikolay Nekrasov, Sobit Muqonov, Rasul Hamzatov, Jo‘lmirza Oymirzayev kabi qardosh xalqlar shoirlarining asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Uning ijodi nafaqat she’riyat, balki qo‘shiqchilik va sahna san’ati bilan ham chambarchas bog‘liq. Jumladan, “Er va she’r” dostoni asosida “Hayvonlar sultoni” operasi, “Alisherning shirin tili” dostoni asosida esa radiospektakl yaratilgan.
Uchrashuvda Barot Isroil ijodining mazmun-mohiyati, uning she’riyatida Vatan, ona zamin, xalq taqdiri, tarixiy xotira, insoniylik va ezgulik kabi mavzularning tutgan o‘rni haqida so‘z yuritildi.
Tadbirning asosiy qismi shoirning “Uyg‘on, hey Turkiston!” kitobi taqdimoti bo‘ldi.
Asarning nomi ham kitobning bosh g‘oyasiga ishora qiladi. Unda o‘zlikni anglash, milliy qadriyatlarni asrash, ona yurt taqdiriga befarq bo‘lmaslik va kelajak oldidagi mas’uliyat kabi tushunchalar badiiy talqinda aks etadi.
Uchrashuv davomida Barot Isroil qalamiga mansub To‘shpo‘lat Matkarimov tomonidan ijro etilgan “O‘lanchi yigit” hamda boshqa kuyu-qo‘shiqlar yig‘ilganlarni raqsga chorladi.
Metallurg” madaniyat saroyida o‘tkazilgan ijodiy uchrashuv kitobxonlarga nafaqat shoir ijodini yaqindan anglash, balki uning hayotiy tajribasidan o‘rnak olish imkonini berdi. Zero, adabiyot — faqat so‘z san’ati emas. U insonni o‘ylashga, anglashga, xulosa chiqarishga chorlaydigan, avlodlar tajribasini kelajak avlodga yetkazadigan bebaho ma’naviy ko‘prikdir.
Axborot xizmati