• Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

"Vatan ostonadan, bilim kitobdan boshlanadi"

09 Fevral 2024, 9:40 147

Joriy yilning 8-fevral kuni “Metallurg” madaniyat saroyida "Olmaliq KMK" AJ Ma'naviyat va ma'rifat kengashi tashabbusi bilan buyuk mutafakkir va davlat arbobi, she'riyat mulkining sultoni Mir Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligi munosabati bilan "Vatan ostonadan, bilim kitobdan boshlanadi" shiori ostida “Bedor qalblar” nomli adabiy kecha tashkil etildi.

Kechada Oliy Majlis Senati a'zosi, O‘zbekiston Xalq shoiri, Yozuvchilar uyushmasi Toshkent viloyati bo‘limi rahbari Mahmud Toir, "Abu Ali ibn Sino” tarixiy roman-trilogiyasi" kitobi muallifi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi Abdujalol Rahimov, O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi Toshkent viloyati bo‘limi rahbari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Rahmatilla Sheraliyev, filologiya fanlari doktori Abdurahmon Pirimqulovlar ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘z olgan OKMK boshqaruvi raisi, senator Abdulla Xursanov mamlakatimizda ilm ahliga, adabiyotga qaratilayotgan e'tibor haqida to‘xtaldi. Bu kabi tadbirlar yoshlarimizga buyuk bobolarimizning boy ma'naviy merosini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidlab o‘tdi. Abdulla  Xursanov buyuk ajdolarimizning jahon ilm-fan sivilizatsiyasi hamda islom ma'rifati va madaniyati rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi, ularning nodir asarlari o‘z davridan hozirgi vaqtgacha, o‘z ahamiyatini yo‘qotmasdan  ilm-fan taraqqiyoti uchun muhim manba sifatida e'tirof etib kelinayotganini aytib o‘tdi.

Shuning uchun ham buyuk allomalarimizning hayoti va ijodini o‘rganish ulaning boy madaniy merosi bilan tanishishimiz lozim. Zero, kitob o‘qigan kishining ma'naviyati yuksalib, dunyoqarashi kengayib boraveradi.

- Hazrati Alisher Navoiy nafaqat ijodkor balki bukyu inson ham bo‘lgan. Yurt obodligi, yoshlarga bilim berish kabi vaziflarni ham bajargan, - deydi xalq shoiri Mahmud Toir. – Navoiy bobomiz 300dan ortiq katta inshootlar qurdirgan, 20dan ziyod kanallar qazdirgan, o‘zi tashkil qilgan madrasalarda 12 ming inson ta'lim olishgan. Ularning bilimlariga qarab har oyda moddiy rag‘batlantirib turgan. Ularga dars beradigan o‘qituvchilarning oylik maoshlarini ta'minlab turgan.

Tadbir davomida mehmonlar tomonidan g‘azal mulkining sultoni Alisher Navoiyning g‘azallari, ruboiylari yod olindi, shoir hayotiga  oid qiziqarli ma'lumotlar berildi.

Toshkent viloyati filarmoniyasi ijodkorlari tomonidan  shoir g‘azallari bilan aytilgan qo‘shiqlar jonli ijro etildi.

Tadbirning ikkinchi qismida yozuvchi Abdujalol Rahimovning OKMK homiyiligida chop etilgan “Abu Ali ibn Sino” trilogiyasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Yozuvchi ushbu kitobning yozilish tarixi, ijod mashaqqatlari bilan o‘rtoqlashdi. Kitobsevarlar tomonidan berilgan ko‘plab savollarga javob berdi. Tadbirda so‘z olgan ijodkorlar tabobat ilmida benazir bo‘lgan, Abu Ali ibn Sino hayoti, uning tib ilmiga qo‘shgan hissasi bo‘yicha qiziqarli ma'lumotlarni tomoshabinlar hukmiga havola etishdi.

Butun bashariyatga tegishli bo‘lgan buyuk ajdodimiz, bobokalonimiz Ibn Sino hayot yo‘li, faoliyatiga bag‘ishlangan ushbu trilogiya, shubhasiz, yozuvchining uzoq yillik mehnat mashaqqatlari, izlanishlari va ilmiy-ijodiy tafakkurining mevasidir. Bu kitob xalqimizning ulkan adabiy-badiiy merosidir. Trilogiya nafaqat tarixiy-badiiy asar, balki tabobat kitobi hamdir. Kitobning har bir varag‘ida ulug‘ alloma Ibn sino bilan birga yashaysiz, birga sahro kezasiz, tabib bo‘lasiz. Birga quvonib, birga xavotirga tushasiz. “Afsuski, turkiylar birlashmadi, o‘sha davrda turkiylar birlashganida edi, urushlarga chek qo‘yilganida edi, Ibn Sinodek buyuk alloma mana shu bemaqsad, besamar urushlar sabab hastaligi og‘irlashib, olamdan o‘tmagan bo‘lardi.” Kitob ana shunday juda sermazmun bo‘lib, sodda va samimiy tilda yozilgan.

Xalqimiz uchun shunday boy merosni chop etilishda homiylik qilgan Olmaliq kon-metalurgiya kombinati rahbariyatiga barcha ijodkorlar va kitobxonlar o‘z minnatdorchiliklarini bildirishdi. 

Shuningdek, tadbir davomida OKMK Axborot xizmati, kombinat xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi hamda OKMK Yoshlar ittifoqi hamkorligida buyuk bobomiz, g‘azal mulkining sultoni Mir Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligiga bag‘ishlab tashkil etilgan “Buyuk ajdodimizga ehtirom” mavzusida chellenj tanlovi g‘oliblari taqdirlandi.

Tanlov natijalariga ko‘ra, 3-o‘rinni Mis eritish zavodi metallurgiya sexi xodimasi Feruza Abdusamatova egalladi. 2-o‘rin esa Innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish markazi xodimasi Svetlana Murashkevichga nasib etdi.

Mis boyitish fabrikasi Yanchish va flotatsiyalash sexi ish taqsimlovchisi Ozoda Abduhamidova g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Tanlov g‘oliblari qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishdi.

OKMK rahbariyati tomonidan kecha mehmonlari va ijodkorlariga minnatdorchilik bildirilib, ularga esdalik sovg‘alari tuhfa etildi.

Tadbirdan so‘ng, ijodkorlar Qalmoqqir konida bo‘lishib, kondagi texnologik jarayon bilan tanishdilar.

Kitob bilan oshno bo‘ling. Zero kitob - qalblarni yorituvchi chiroq, inson ma'naviyatining  asosi hisoblanadi. Kitob - muvaffaqiyat va saodat eshiklarini ochuvchi kalitdir.

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech