• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Vazifalarga yangicha yondashuv

22 Aprel 2024, 14:7 432

2-MBFning 70 yilligiga

Har qanday ishlab chiqarishni mexanika ustaxonalarisiz tasavvur qilish qiyin. Aynan shu kabi ustaxonalarda foydalanishda bo‘lgan uskuna va jihozlar, ularning ehtiyot hamda butlovchi qismlari ta'mirlanadi va tiklanadi.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 2-Mis boyitish fabrikasi tomonidan bugungi kunga kelib 4 mln 800 ming tonnadan ziyod ma'dan qayta ishlanib, boyitilmoqda. Boyitilish jarayonlarida qo‘llaniladigan maydalash va yanchish tegirmonlari, flotamashinalar va boshqa texnologik uskuna-jihozlarning ta'mirlari fabrikaning mexanika ustaxonasi tomonidan amalga oshirilib kelinadi.

Ehtiyot va butlovchi qismlarni tayyorlash va ishlab chiqarishda keng qo‘llaniluvchi mexanik ishlov berish tokarlik, rezba kesish, tish frezali, silliqlash, parmalash, yo‘nuvchi dastgohlar, gidravlik press bolg‘asi kabi 20 dan ziyod turli uskunalar bilan qurollangan uchastkada har oyda 7 tonnadan ortiq tayyor mahsulotlar ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan. Uchastka faoliyati rejali oldini olish ta'mirlar tizimi asosiga qurilgan bo‘lib, uskuna va jihozlar hamda ularning ehtiyot va butlovchi qismlaridagi ta'mir ishlarida yuqori sifat ko‘rsatkichlari ta'minlanib kelinmoqda.

Zarur detallarni tayyorlash va qayta tayyorlash vazifalari 10 nafar tokarlar, chilangar-ta'mirchi, tunikasoz va temirchilar tomonidan amalga oshirib kelinadi. Mexanika ustaxonasi ustasi Rustambek Qultonov rahbarligi ostida faoliyat yuritayotgan jamoa o‘tgan hisobot oyining o‘zida keltirilgan pokovkalardan 150 dan ziyod bolt va gaykalar tayyorlab berishga muvaffaq bo‘ldi. Rustam Xolmurodov, Mirsodiq Abdiqulov, Maqsud Burliyev, Hikmat Abduqodirov, Asilbek Qambarov, Sanjar Axmatov kabi o‘z vazifalarini sidqidildan bajarib kelayotgan uchastka ishchilari bugun fabrikaning reja ko‘rsatkichlari bajarilishiga ham munosib hissa qo‘shishmoqda. Jamoa a'zolarini yanada rag‘batlantirish maqsadida esa ishbay asosida haq to‘lash tartibi ham yo‘lga qo‘yilgani muhim ahamiyat kasb etmoqda. Yana bir ahamiyatli jihati, ustaxonada vazifalarning taqsimlanishi elektron shaklga o‘tkazilib, ID kartalar orqali ishchilar kunlik topshiriqlarini olishi va shu tartibda ularning faoliyati va ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari doimiy nazoratda bo‘lishi ta'minlangan.

Kichik jamoaning ahamiyatli vazifalarni o‘z vaqtida, eng muhimi, malakali mutaxassislari ko‘magida tashkil eta olishi fabrika ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarida o‘z aksini topayotgani e'tirofga molikdir.

Hasan ABDULLAYEV

Bo`lishmoq:
Text to speech