• Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Muntazam muloqot – kamchiliklarni tug‘ilishiga yo‘l qo‘ymaydi!

16 Fevral 2023, 12:59 1068

Ma'lumki OKMK boshqaruvi raisining 2022-yil 31-avgustdagi 1037-sonli buyrug‘iga muvofiq tuzilgan ishchi guruh tomonidan kombinat tarkibiy bo‘linmalarida ijtimoiy va ma'naviy-ma'rifiy muhit, yoshlar masalalari hamda turli ko‘rinishdagi jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar samaradorligi o‘rganilmoqda.

Avval xabar berganimizdek, ana shunday o‘rganish ishlaridan navbatdagisi Angren kon boshqarmasi hamda Shaxtaqurilish boshqarmasi mehnat jamoalarida tashkil etilgan bo‘lib, joriy yilning 9-fevral kuni ushbu o‘rganish ishlari davomida aniqlangan kamchiliklarning muhokamasiga bag‘ishlangan ochiq muloqot tarzidagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda OKMK boshqaruvi raisining xodimlar va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari S.Shermatov, tegishli soha mutassaddi rahbarlari, Kasaba uyushmasi Kengashi mas'ullari, tarkibiy bo‘linmalarning boshliqlari hamda ishchi-xodimlar ishtirok etishdi.

Ochiq muloqotda ishchi guruh tomonidan o‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklarga batafsil to‘xtalib o‘tildi va Angren kon boshqarmasi hamda Shaxta qurilish boshqarmasi mas'ullarining hisobotlar tinglandi. Aniqlangan kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish bo‘yicha korxonalarning mutasaddi rahbarlariga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.

O‘rganishlar davomida kamchiliklarning aksariyati tezkorlikda bartaraf etilgani qayd etib o‘tildi. Shuningdek, ochiq muloqot davomida ishchi-xodimlar tomonidan boshqa ishga o‘tish, ish joylaridagi mehnat sharoitlarini yanada yaxshilash, bo‘sh (vakant) lavozimlarni kerakli mutaxassislar bilan to‘ldirish kabi bir qancha samarali takliflar bildirilib, ularni amalga oshirish bo‘yicha aniq choralar, muddatlar va mas'ullar belgilab olindi.

Yig‘ilish so‘ngida, Angren kon boshqarmasi hamda Shaxtaqurilish boshqarmasi mehnat jamoalarining yuqori ishlab chiqarish ko‘rsatkichlariga erishishlarida faollik ko‘rsatib kelayotgan bir guruh ishchi-xodimlar hamda mehnat faxriylari uchun “Olmaliq KMK” AJ rahbariyati hamda kombinat xodimlari Kasaba uyushmasi Kengashi tomonidan tantanali taqdirlash tadbiri tashkil etilib, ularga faxriy yorliqlar tuhfa etildi.

Ishchi guruh tasdiqlangan reja asosida o‘z ishini davom ettiradi, kelgusi o‘rganish ishlari Qalmoqqir kon boshqarmasida bo‘lib o‘tadi.

Shu o‘rinda aziz kombinat ishchi-xodimlariga eslatib o‘tamiz. Sizning korxonangizda qonunbuzilish holatlari bo‘layaptimi? Sizni qandaydir muammo qiynayaptimi? Unda telegram messenjeri orqali @OKMK_OFFICIAL_bot manziliga murojaat qiling. Sizning murojaatingizga mas'ullar javob beradi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech