Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Joriy yilning 15-yanvar kuni Sanoat temiryo‘l transport boshqarmasining 1-sonli temir yo‘l sexining ekspulatatsiya xizmati xodimlari ishtirokida navbatdagi profilaktik tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda kombinat tarkibiy bo‘linmalarda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar, ish joylaridagi ishlab chiqarish intizomi, diniy ekstremizmning har qanday ko‘rinishlarining oldini olish, narkotik moddalari savdosi, yoshlar orasida jinoyatning oldini olish, korrupsiyaga qarshi kurashish, terrorizm, ijtimoiy-ma'naviy va siyosiy muhitni yanada sog‘lomlashtirish bo‘yicha masalalar muhokama etildi.
Tadbirda OKMKdagi IIB tergov bo‘linmasi katta surishtiruvchisi B.Abdullayev, STTB boshlig‘ining TMB butligini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari M.Madmarov hamda STTB mas'ullari qatnashdi.
- Bugungi kunda ommalashgan jinoyatlardan biri bu ijtimoiy tarmoqlari va virtual olam orqali sodir etilayotgan firibgarliklardir. Firibgarlar yuqori axborot texnologiyalari yordamida fuqarolarning ishonchiga kirish orqali ularning pul mablag‘larini o‘zlashtirish, aldov yo‘li bilan bank plastik kartalaridagi pul mablag‘larini boshqarish huquqini qo‘lga kiritishmoqda. Shaxsga doir ma'lumotlarni ruxsatsiz olish va to‘lov evaziga tarqatish kabi moliyaviy firibgarliklar ko‘p bor kuzatilmoqda. Bu ko‘rinishdagi tovlamachilikni oldini olish uchun begona shaxslarga tasdiqlovchi kodni oshkor qilmang, har qanday holatda ham SMS xabar orqali kelgan bir martalik tasdiqlovchi kodni hech kimga oshkor qilmang. Ushbu tasdiqlovchi kod yordamida firibgarlar hisobingizdagi pul mablag‘larini ruxsatingizsiz o‘tkazishi yoki mobil ilovalar yordamida ularni boshqarish huquqini qo‘lga kiritishi mumkin. Begona shaxslarga bank kartalari yoki bankning mobil ilovasidagi akkauntingiz to‘g‘risidagi ma'lumotlarni bermang. Shuni yodda tutish kerakki, bank kartasiga pul o‘tkazish uchun uning 16 xonali raqamini bilish yetarlidir, - deydi “Olmaliq KMK” dagi IIB tergov bo‘limi katta surishtiruvchisi – B.Abdullaev.- Unutmang, bank xodimlari plastik kartangizning amal qilish muddati yoki SMS xabar orqali kelgan tasdiqlovchi kodlarni aytishingizni so‘ramaydi. Sizga telefon orqali murojaat qilib, o‘zini bank xodimi, to‘lov tashkilotining administratori yoki boshqa davlat idorasi xodimi sifatida tanishtirib, plastik kartangiz bo‘yicha yoki bankning mobil ilovasidagi akkauntingiz to‘g‘risidagi ma'lumotlarni so‘ragan shaxslarga bank plastik kartasi to‘g‘risidagi konfidensial axborotlarni yoki shaxsiy ma'lumotlaringizni bermang. Ma'lumot o‘rnida, O‘zbekistonda axborot tizimi, jumladan, axborot texnologiyalaridan foydalanib firibgarlikni sodir etganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravaridan 400 baravarigacha jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yohud muayyan huquqdan mahrum etib, 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Tadbir davomida mas'ullar bugungi dunyodagi notinch holat hukmronlik surayotgan vaqtda yurtimiz tinchligini saqlash uchun doimo ogoh va sergak bo‘lishi har bir fuqaroning burchi ekanligi ta'kidlandi. Bugungi kunda telegram va boshqa messenjerlar orqali fuqarolarga har xil begona akkauntlardan jinoyatchilikni targ‘ib qiluvchi, uning amallarini bajarishga undovchi chaqiriqlar bo‘lib turgani aytib o‘tildi. Ayniqsa, yot g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi internet saytlarga kirmaslik, tushunib-tushunmay turli xil jinoyatlar, terrorizm va boshqa qo‘poruvchilik harakatlarini amalga oshirishga undovchi, ta'qiqlangan videomateriallar ko‘rish, saqlash va tarqatib targ‘ib qilganlikka ham jazo muqarrarligi ta'kidlandi.
Yig‘ilishda har bir mavzu bo‘yicha mas'ullar o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tishdi.
Axborot xizmati