Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Virtual olamning xavfli tuzoqlaridan ogoh boʻling

05 Avgust 2026, 14:55 39

Texnologiyalar asrida yashayotganimiz bizga ulkan qulayliklar bilan birga, jiddiy xavf-hatarlarni ham tugʻdirmoqda. Birgina noto‘g‘ri bosilgan havola yoki virtual olamdagi o‘ylamasdan qilingan qaror inson hayotini butunlay izdan chiqarib yuborishi hech gap emas. Ayniqsa, so‘nggi yillarda kibermakonning ayyorona tuzoqlari o‘z domiga minglab sodda va begunoh insonlarni tortib ketayotgani achchiq haqiqatdir.

Ana shunday tahdidlarning oldini olish, xodimlarning ogohligi va kiber-savodxonligini oshirish maqsadida, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida “Dolzarb 40 kunlik” chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan bo’lib, uning doirasida kuni kecha Texnologik transport boshqarmasi va Markaziy analitik laboratoriyasi mehnat jamoalari uchun targʻibot tadbiri tashkil etildi.

Tadbirda Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Qizilgul Qosimova, Xalq deputatlari Olmaliq shahar Kengashi kotibiyati mudiri Sevar Qodirova, Ramazoni sharif jome masjidtining imom xatibi Diyorbek Karimov, imom noib Muxriddin Ismoilov, Kasaba uyushmasa kengashi ijtimoiy maishiy psixoanalitik masalalari bo’yicha bosh mutaxassisi Viloyat Davletova hamda Toshkent viloyati IIBB OKMKdagi IIB xodimlari, bank vakillari ishtirok etishdi.

Mutasaddilar virtual olamning inson ruhiyati va jamiyat rivojiga salbiy ta’siri, xususan, qimor o‘yinlari hamda kiberjinoyatlar oilalar parokandaligiga sabab bo‘layotganini ta’kidlashib, fuqarolarning bu boradagi savodxonligini oshirish bugunning eng muhim vazifasi ekanligini qayd etishdi.

Yig‘ilishda sovrinli yutuqlar toʻgʻrisidagi shubhali xabar va apk fayllarga ishonmaslik, shaxsiy ma’lumotlarni asrash hamda kiber-gigiyena qoidalariga rioya qilish orqali raqamli xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.

Kiber olam berayotgan imkoniyatlar ortida jiddiy xavflar ham yashiringan bo‘lib, o‘ylamay qilingan harakatlar fojiali oqibatlarga olib kelishi mumkin. Oʻtkazilgan mazkur uchrashuv aynan shu kabi dolzarb muammolarning oldini olishga qaratildi. Targʻibot tadbiri soʻngida ishchi-xodimlar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga soha mutaxassislaridan batafsil javob oldilar.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech