Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Xabaringiz bor, ayni kunlarda poytaxtimizda “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma'rifat” mazusida xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi bo‘lib o‘tmoqda.
Joriy yilning 7-iyuliga qadar davom etadigan mazkur nufuzli xalqaro anjumanda dunyoning qaryib barcha qit'asidan, ya'ni 60dan ziyod mamlakatdan 450dan ortiq davlat arboblari, siyosatchilar, yirik biznes vakillari va ekspertlar, shuningdek, qator xalqaro tashkilotlarning vakillari ishtirok etishmoqda.
Xalqaro haftalik doirasida tadqiqot va tahliliy markazlar, biznes hamjamiyat, vazirlik va idoralar tomonidan 50dan ziyod konferensiya, davra suhbatlari va amaliy muloqotlar tashkil etilayapti.
Joriy yilning 4-iyul kuni haftalik doirasida O‘zbekiston Kinematografiya agentligining “Event Hall” tadbirlar zalida “O‘zbekistonda tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar: natijalar va istiqbollar” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.
Mazkur tadbirda qator xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning ishbilarmon doira vakillari hamda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati vakillari ham ishtirok etishdi.
O‘zbekistonda tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar: natijalar va istiqbollar”, “Kon-geologiya tizimining bugungi rivojlanish bosqichi va istiqboldagi imkoniyatlar”, “Transformatsiya yo‘lida” kabi mavzularida o‘tgan muloqot tadbirida so‘nggi yillarda respublikada olib borilayotgan investitsion muhitni yaxshilashga doir islohotlar mazmuni va sohadagi keng o‘zgarishlar tahliliga atroflicha to‘xtalib o‘tildi, tadbir ishtirokchilari o‘zlarining qiziqtirgan savollariga batafsil javoblar oldilar.
O‘zbekiston Respublikasida mineral-xomashyo zaxiralarini o‘stirish istiqbollari, qimmatbaho, rangli va qora metallar, uran va ko‘mir ishlab chiqarishni rivojlantirish hamda chet el investorlari uchun jozibador investitsiya muhitini takomillashtirish va salmoqli investitsiya loyihalarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari oshib bormoqda.
Yurtimizdagi yer osti boyliklari potensiali katta. Foydali qazilmalarning likvid turlari, shu jumladan oltin, kumush, mis, uran, kaliy, fosforit va kaolinning mineral zaxiralari bo‘yicha O‘zbekiston dunyoning yetakchi mamlakatlari o‘nligiga kiradi.
Dunyodagi eng yirik etalon konlar qatoridan o‘rin olgan Navoiy viloyatidagi Muruntov oltin koni, Olmaliqdagi Qalmoqqir mis konlari negizida yiliga 100 tonnadan ortiq oltin, 150 ming tonna mis, 4 ming tonna uran ishlab chiqarish natijasida, O‘zbekiston tog‘-kon va metallurgiya sohasida alohida e'tiborli mamlakatlar qatoridan o‘rin olgan.
Mis klasteri tashabbusi misol sifatida olinadigan bo‘lsa, bunda dastlabki geologiya-qidiruv ishlaridan tortib, ya'ni keyingi 5 yilda 730 tonna oltin va 1,5 mln tonna mis zaxiralarini o‘stirish bilan birga, Olmaliqda yangi topilgan “Yoshlik” koni negizida 200 mln tonna rudalarni qayta ishlash hisobiga mis mahsuloti ishlab chiqarish hajmini yiliga 500 ming tonnaga yetkazish mega-loyihasi amalga oshirilmoqda.
- Bugungi anjumanning ahamiyati mamlakatimiz iqtisodiy rivoji uchun juda katta ta'sir ko‘rsatadi,- deydi anjumanda ekspert sifatida ishtirok etgan OKMK boshqaruvi raisining raqamlashtirish bo‘yicha o‘rinbosari Abdulla Azizov. – Anjumanda xorijiy investorlarni yurtimizga jalb qilish, investitsiya kiritish masalalari ko‘rib chiqildi. Xorijiy hamkorlar yurtimizdagi amalga oshirilayotgan va istiqboldagi loyihalar bo‘yicha mahalliy ekspertlardan ma'lumotlar olishdi. Tadbirda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari va kelgusidagi ishlar haqida ma'lumot berdik. Hozirda kombinatda 100dan oshiq investitsiyaviy loyihalar amalga oshirilayapti. Asosiysi “Yoshlik-1” konini o‘zlashtirish mega loyhasi bo‘lib, uning doirasida qurilayotgan 3-Mis boyitish fabrikasi, Metallurgiya kompleksi qurilish haqida konferensiya ishtirokchilarga ma'lumotlar berildi. Oldimizda turgan asosiy vazifa mis ishlab chiqarishni 2028-yilga kelib 400 000 tonnaga, 2030-yilga kelib esa 500 000 tonnaga yetkazish kerak bo‘ladi.
So‘nggi yillarda keng islohotlar, xususan investitsiya qonunchiligi takomillashuvi, kon-geologiya sohasidagi soliq islohotlari, moliya bozorlari liberallashuvi, institusional o‘zgarishlar yuz berdi. Bular o‘z navbatida investorlar uchun kapital va moliyaviy imkoniyatlardan kengroq foydalanish, ma'muriy to‘siqlarni bartaraf etish, investitsion faoliyatda shaffoflikni oshirishga zamin yaratib, asosiysi ishonch va barqarorlik muhitini vujudga keltirdi.
Mazkur islohotlar va investorlar uchun qulay sharoitlar takomillashuvi misoli sifatida, asosiy foydali qazilmalardan bo‘lgan oltin, kumush, mis va uran qazib olish uchun soliqlar (royalti) 15 foizdan 7 foizga, volfram va boshqa metallar uchun 2,5 foizgacha pasaytirildi.
Bundan tashqari, geologiya-qidiruv ishlarini o‘tkazish bosqichida yer qa'ridan foydalanuvchilar yer solig‘idan ozod etilib, zamonaviy texnika va texnologiyalarni olib kirishida bir qator bojxona imtiyozlari taqdim etilmoqda. Bu o‘z navbatida kon-geologiya sohasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalar salmog‘ini oshirib, tegishli geologik xizmatlar bozori hamda Junior mayning, ya'ni sohada kichik va o‘rta biznesning keng rivojiga turtki bo‘lmoqda.
Axborot xizmati