"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Joriy yilda O'zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yillik shonli to'yonasi butun yurtimizda keng nishonlanmoqda. Ushbu qutlug' sana arafasida “Olmaliq KMK” AJ tarkibidagi eng istiqbolli va strategik bo'linmalardan biri bo'lmish “Xonjiza” kon boshqarmasining mustaqillik yillarida bosib o'tgan yo'li va ishlab chiqarish sanoatida erishgan yutuqlari istiqlol bergan imkoniyatlarning yorqin namunasi sifatida alohida e'tirofga loyiqdir.
Korxona tarixiga nazar tashlanadigan bo'lsa, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 10-avgustdagi “Xonjiza” va “Uchquloch” konlari polimetall rudalarining mineral xom ashyo bazasidan samarali foydalanish to'g'risida”gi 442-sonli Farmoni ushbu hududda ulkan sanoat majmuasi qad rostlashiga huquqiy asos bo'ldi. Mazkur hujjat ijrosini ta'minlash maqsadida, 2007-yilda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan yangi kon-boyitish majmuasi qurilishi boshlab yuborildi. Quruvchi va muhandislarning fidokorona mehnatlari evaziga rekord muddatda, ya'ni 2010-yilning dekabr oyida boyitish fabrikasi to'liq ishga tushirilib, kondan qazib olingan polimetall rudadan rux konsentratining birinchi partiyasi Olmaliqdagi rux zavodiga qayta ishlash uchun yuborildi. Natijada, 2010-yilning dekabr oyida mustaqil O'zbekiston tarixida ilk bor mahalliy rux metalli olinishiga erishildi.
“Xonjiza” kon boshqarmasi o'z solnomasini 2011-yilning may oyidan, ya'ni kombinatning yangi tarkibiy bo'linmasi sifatida rasman ochilgan vaqtdan boshlagan bo'lib, majmua ishlab chiqarish zanjirini zamonaviylashtirish borasida izchil islohotlar davrini bosib o'tdi. Olib borilgan keng ko'lamli modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari doirasida fabrikaga 1 dona qayta tozalash flotatsiyasi majmuasi, 11 dona 3,2 kubli va 4 dona 16 kubli flotatsiyalash pnevmomexanika mashinasi hamda yangi quyultirish qozonlari o'rnatildi. Bunday yuqori texnologik yechimlar mis flotasiyatsida sig'imlarni kengaytirish, quyultirgich oqava suvlarida metall yo'qotishlarining oldini olish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish imkonini berdi.
Texnologik zanjirning to'g'ri yo'lga qo'yilgani natijasida chiqindi tarkibidagi foydali elementlar miqdori kamayib, rux ajratib olish ko'rsatkichi o'rtacha 69 foizdan 73 foizga, mis ajratib olish esa 39 foizdan 42 foizgacha yuksaldi. Korxona mutaxassislarining izlanishlari evaziga keyingi yillarda mis-qo'rg'oshin va qo'rg'oshin flotatsiyasi sxemalari tubdan o'zgartirilib, mis ajratib olish hajmi 54 foizga, qo'rg'oshin metallini ajratib olish esa 62 foizgacha ko'tarildi. Shuningdek, 2019-yilning oktyabr oyida fabrikadagi MMPS maydalash tegirmonining eski elak uskunasi o'rniga tegirmonga biriktirilgan zamonaviy butara o'rnatildi, bu esa ishlab chiqarishda elektr energiyasining katta miqdorda tejalishiga olib keldi. Bu sa'y-harakatlar korxonaga qo'rg'oshin konsentratini to'g'ridan-to'g'ri xorijga eksport qilishni boshlash va mahsulotni qoplarga yuklovchi zamonaviy bunker uskunalarini o'rnatish imkonini taqdim etdi.
Innovatsiyalar va ilg'or xorij tajribasini ishlab chiqarishga tatbiq etish maqsadida, kon boshqarmasi Shvetsiyaning "Epiroc" va Finlyandiyaning "Sandvik" kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan zamonaviy yer osti avtosamosvallari, burg'ulash mashinalari hamda ortish-yetkazish texnikalari bilan to'liq ta'minlandi. Natijada yer osti usuli bo'yicha ruda qazib olish 107,6 foizga, tog' massasini qazish 107,9 foizga, mis konsentratida mis metallini ajratib olish 128,9 foizga va qo'rg'oshin konsentratida qo'rg'oshin metallini ajratib olish 113,1 foizga o'sib, yuqori iqtisodiy samaradorlik qayd etildi.
Mazkur yutuqlarning tub negizida korxona xodimlarining fidokorona mehnati va inson qadri ustuvorligi yotibdi. Bugungi kunda jamoa a'zolaridan 4 nafari davlatimizning yuksak mukofotlari, jumladan, Dilmurod Xamroyev va Muazzam Sharapova “Mehnat shuhrati” ordeni, Botir Xujamuratov va Nuriddin Xursanov “Do'stlik” ordeni bilan taqdirlangan bo'lsa, 25 nafar xodim "Shuhrat" medali sohibi sifatida yosh ishchi-xodimlarga ibrat maktabi bo'lib xizmat qilmoqda. Mustaqillik bergan ushbu imkoniyatlar va iqtisodiy barqarorlik “Xonjiza” kon boshqarmasi jamoasini Vatan ravnaqi va Yangi O'zbekiston taraqqiyoti yo'lida yangi zafarlarga undashda davom etadi.
“Xonjiza” kon boshqarmasi istiqboldagi rejalari va ishlab chiqarish quvvatlarini yanada kengaytirish yo'lida strategik kon-texnik tadbirlarni izchil davom ettirmoqda.
Bugungi kunda “Xonjiza” shaxtasida yiliga 615 ming tonna ma'dan qazib olinmoqda.
Yaqin kelajakda qazib olish ishlarining ikkinchi bosqichini boshlash uchun shaxtaning ichki qismida ikkita yangi kon lahmlari muvaffaqiyatli o'tildi. Endilikda yer ostidagi ishlarni yer usti bilan to'g'ridan-to'g'ri bog'laydigan, umumiy uzunligi 1876 metr bo'lgan katta “Kapital shtolnya” kon lahmini qurish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, konning ichki qismini toza havo bilan ta'minlash maqsadida, chuqurligi 570 pogonometr bo'lgan ulkan shamollatish qudug'i qazilmoqda.
Ushbu qutlug' va shonli ayyom munosabati bilan “Xonjiza” kon boshqarmasining butun mehnat jamoasi nomidan barcha yurtdoshlarimizni Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami bilan chin qalbdan muborakbod etamiz. Jonajon Vatanimiz taraqqiyoti va iqtisodiy qudratini yuksaltirish yo'lida sidqidildan mehnat qilayotgan barcha yurtdoshlarimizga mustahkam sog'liq, oilaviy baxt-saodat, xonadonlariga tinchlik, osoyishtalik va to'kin-sochinlik tilaymiz. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, Mustaqilligimiz abadiy bo'lsin!
Botir Xo'jamurotov,
Xonjiza kon boshqarmasi direktori