• Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Yangi inshootlar bunyod etilmoqda

10 Fevral 2023, 12:44 665

“Olmaliq KMK” AJning raqobatbardoshligini va mavjud ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, yangi quvvatlarni yaratish maqsadida ustuvor vazifalarni nazarda tutadigan “2020-2024 yillarda “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Yoshlik I” konini o‘zlashtirish” investitsiya loyihasini amalga oshirish strategiyasi doirasida olib borilayotgan ishlar bugun qizg‘in bosqichga kirgan.

“Olmaliq KMK” AJning investitsion dasturlari doirasiga kirgan - yiliga 74 mln tonna ruda qazib olish quvvatiga ega bo‘lgan “Yoshlik I” tog‘-kon kompleksi, 60,0 mln tonna rudani qayta ishlash imkoniyatiga ega bo‘lgan 3-Mis boyitish fabrikasi va mis boyitish jarayoni qoldiqlarini saqlash ob'ekti, soatiga 55,0 ming kub metr texnik kislorod ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan kislorod stansiyasi, 2-sonli mis eritish (Vanyukov) pechi, konverterlash bo‘limi, anodlash bo‘limi, yiliga 275,0 ming tonna mis katodi ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan mis elektroliz sexi, yiliga 1 200,0 ming tonna sulfat kislotasi ishlab chiqarish sexi, kuniga 1 000,0 tonna ohak ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan Ohak zavodi, tashqi elektr tarmog‘i obyektlari hamda bir qator boshqa ijtimoiy infratuzilma obyektlarida ishlar ko‘lami kundan-kunga oshib bormoqda. Mazkur obyektlar direksiyalari va quruvchilar uchun vaqtinchalik vaxta shaharchalarini qurish ishlarining tashkil etilishi va olib borilishi OKMKda vazifalar ijrosida har bir jihatlar doimo e'tibor markazida bo‘lishini amalda isbotlamoqda.

“Yoshlik I” investitsion dasturi doirasida esa Mis kompleksi obyektlari quruvchilari uchun “Vaqtinchalik quruvchilar shaharchasi” hamda “Yoshlik I” koni direksiyasining ma'muriy-maishiy korpusi binosi qurilishi bugun barchaning diqqat e'tiborida.

Mis kompleksi obyektlari quruvchilari uchun “vaqtinchalik quruvchilar shaharchasi” 5,6 gektar yer maydonida joylashgan bo‘lib, 14 ta yotoqxona, direksiya hamda xorijlik mutaxassislar uchun ma'muriy bino(ofis), 200dan ziyod mijozlarga xizmat ko‘rsatadigan oshxona hamda omborxona binolarini o‘z ichiga olgan. Yotoqxonalar sig‘imi 1500 nafar bunyodkor istiqomat qilish imkonini beradi. Eng asosiysi, quruvchilar uchun barcha maishiy sharoitlar yaratiladi. Ularning mazmunli dam olishlari, ovqatlanishlari, yuvinishlari va kundalik ehtiyojlarni ta'minlab beradigan barcha sharoitlar mujassam etiladi.

“Olmaliqmetallurgqurilish” trestining Qurilish-montaj boshqarmasi, “Yoshlik” qurilish-montaj uchastkasi, Ixtisoslashtirilgan mexanizasiya boshqarmasi va Ixtisoslashtirilgan qurilish-montaj ishlari boshqarmasining eng ilg‘or ishchi kuchlari va zamonaviy mexanizasiya vositalari ushbu ob'ektlarga safarbar etilgan. Shu kunga qadar ob'ektda 12000 metr kub hajmda yer ishlari, 1400 metr kubga yaqin temir-beton ishlari hamda poydevorlar karkaslari uchun 130 tonnaga yaqin temir konstruksiya ishlari bajarilishiga muvaffaq bo‘lindi. Umuman yangi texnologiyalar asosida devorlarga sendvich panel va gipsokarton qoplamalarini o‘rnatish ishlari ham jadal sur'atlarda amalga oshirilmoqda.

“Olmaliqmetallurgqurilish” trestining eng tajribali muhandis-texnik xodimlaridan biri bo‘lgan uchastka boshlig‘i Bahrom Abdurazzoqov rahbarligida bunyodkorlik ishlari yuqori tashkilotchilikda olib borilmoqda. Vazifalarning o‘z vaqtida sifatli bajarilishi uchastka ish boshqaruvchisi Xudoynazar Umbirov tomonidan nazorat qilib borilayapti.

Maftuna Aliqulova, Ilhom Tursunov, Akmal Ortiqboyev, Abdishukur Jiyanov, Jamoliddin Saparniyozov kabi quruvchilar eng zamonaviy qurilish asboblari va texnologiyalarni qo‘llagan holda yuqori ish sur'atlarini ta'minlab kelishmoqda.

Sobiq “Mayakovskiy” parki hududida 1 gektar yer maydonida barpo etilayotgan “Yoshlik I” koni direksiyasining ma'muriy-maishiy korpusi binosidagi ishlar ham ayni kunga kelib o‘zining yakuniy bosqichiga kirmoqda. Ushbu maydonda “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti 1-Qurilish uchastkasi bunyodkorlari tomonidan shu kunga qadar 325 metr kub yer ishlari, 129 metr kub beton ishlari, 10,4 tonna metallkonstruksiya ishlari bajarilishiga erishildi. Hozirda bino ichidagi xonalarga gipsokarton listlarini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.

Islom Xoldorboyev rahbarligidagi uchastkaning Ramziddin Mamatxo‘jayev, Diyor Turopov, Madiyor Qo‘shmaqov va O‘ktam Haydarqulov kabi bunyodkorlari mazkur ob'ektda ko‘zda tutilgan ishlarning o‘z muddatida yakunlanishi yo‘lida astoydil g‘ayrat bilan mehnat qilib kelishmoqda. Gipsokarton listlari qoplab chiqilgan devorlar suvoqchilar tomonidan pardozlanishi ham ko‘zda tutilgan. 2350 metr kvadrat hajmda gipsokarton listlari o‘rnatish ishlari yakunlanishi bilan suvoqchilik va bo‘yoqchilik ishlariga kirishiladi.

Yangi direksiyalarda olib borilayotgan ishlar istiqbolli muhandislik qarorlari va innovasion materiallar qo‘llanilayotgani bilan ham ahamiyatlidir. Bu esa o‘z navbatida yuqori texnologik jihozlangan maishiy binolar qad rostlashini ta'minlaydi.

Hasan ABDULLAYEV

Bo`lishmoq:
Text to speech