• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Yangi loyihaga kirishildi

21 Sentyabr 2023, 14:11 596

“Olmaliq KMK” AJning “Qalmoqqir” va “Yoshlik I” karyerlari bazasidagi kon transportlari komplekslari va burg‘ulash-portlatish ishlarini, shu jumladan, tog‘-kon-geologiya axborot tuzilmalarini avtomatlashtirilgan tarzda boshqarish tizimini joriy etishga kirishildi. Mazkur loyihaning texnik asoslangan hujjatlari belgilangan tartiblarda tasdiqlanib, loyiha ijrochilari tanlab olingan holda barcha tashkiliy ishlar yakuniga yetkazildi va uning ijrosi yo‘lida amaliy ishlar boshlab yuborildi.

Ya'ni “Sifra” kompaniyalar guruhiga kiruvchi VIST kompaniyasining bir guruh muhandislari hamda OKMKning Qalmoqqir kon boshqarmasi, Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va Texnologik transport boshqarmalari xodimlaridan iborat bo‘lgan montaj-sozlash guruhlari tashkil etilib, ular bevosita kar'erlarda vazifalarni bajarishlari uchun shart-sharoitlar yaratib berildi.

Hamkor xorij kompaniyasidan loyiha boshlig‘i Marat Yengalichev va kombinat Ijro apparati ERP loyiha ofisi yetakchi muhandisi Ruslan Mosalsevlardan loyihaga doir masalalarda o‘zimizni qiziqtirgan savollarga javob oldik.

- Marat Rustamovich, avvalombor VIST kompaniyasi xususida ma'lumot berib o‘tsangiz?

- Birinchi navbatda kompaniyamiz “Olmaliq KMK” AJ bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yganidan va biz O‘zbekistonning eng yirik kon-metallurgiya korxonasining rivojiga o‘z hissamizni qo‘shayotganimizdan mamnunman. Kompaniya Rossiya Federatsiyasining tog‘-kon sanoati tarmoqlarining xavfsiz va yuqori samaradorlikda faoliyat yuritishlari uchun raqamli loyihalar ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Ochiq va yer osti kon qazib olish ishlarini boshqarishning raqamli loyiha mahsulotlarini kompaniyamiz 35 yildan beri ishlab chiqib keladi.

Kompaniya Peru, Chili, Marokash, Ukraina, Qozog‘iston kabi bir qator mamlakatlarda o‘z vakolatxonalariga ega. Biz dunyoning ko‘plab yirik korxonalari bil an hamkorlik qilgan holda shu kunga qadar 80 dan ziyod loyihalarni muvaffaqiyat bilan amalga oshirganmiz. Amalga oshirishga kirishgan loyiha xususida qisman to‘xtaladigan bo‘lsam, “Karyer” tog‘-kon texnikal arini avtomatlashtirilgan tarzda boshqarish tizimi ochiq kon ishlarini boshqarish bozorida amalda standart sifatida qabul qilingan. Tizim esa o‘zida karyer ish quvvatlarini oshirish, kon texnikalari ekspluatasiyasidagi asossiz to‘xtab turishlarni qisqartirish, kon qazib olish ishlarini operativ ravishda boshqarish va mazkur ishlar xavfsizligini ta'minlashga mo‘ljallangan texnik-apparat vositalari jamlamalarini o‘zida mujassam etadi. Kombinat kar'erlarida bevosita tizim joriy etilishini olib boruvchi Sifra Rabotiks innovatsiyaviy bo‘linmasi tog‘-kon transportlari industriyasi rivoji yo‘lida faoliyat yuritib keladi.

- Tizimni montaj qilishda kompaniya tomonidan kimlar jalb etilgan va ishlar qancha muddatda yakunlanadi?

- Sifra Robotiks kontinentda birinchi bo‘lib robotlashtirilgan avto o‘ziag‘dargichlarni sanoat ekspluatasiyasiga joriy etgan va bugungi kunga kelib guruh tarkibidagi mustaqil kompaniya sifatida faoliyat yuritib keladi. O‘z-o‘zidan ma'lumki, buyurtmachi tomonidan tizim va uning qurilmalariga o‘ziga xos talablar va shartlar qo‘yiladi. Ishonchni qozonish esa oson emas. Shu maqsadda biz OKMKda loyihaning joriy etilishiga bir qator tajribali mutaxassislarimizni jalb etganmiz. Yetakchi muhandisimiz Andrey Lapin, dasturchi muhandislarimiz Aleksandr Kurochkin, Ivan Ananin, Dmitriy Jeludkovlar kombinat mutaxassislari bilan ko‘zlangan natijaga erishishlariga ishonchim komil.

Dastlabki bosqichlardayoq yuqori tashkilotchilik va ishchan aloqalarning to‘g‘ri olib borilayotgani vazifalarning belgilangan 9 oy muddat ichida bajarilishiga omil bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.

- Ruslan Vladislavovich, umuman bu tizim o‘z oldiga qanday maqsadlarni qo‘ygan?

- Ma'lumki, konlarimizdagi ishlab chiqarish jarayonlari avtomatlashtirilmagan, shuningdek karyerlarda avtomatlashtirilgan axborot tizimlari mavjud emas. Zamonaviy tog‘-konchilik korxonasining faoliyati yuqori axborot tizimlari asosida olib borilishini zaruriyat taqozo qilmoqda. Birinchi navbatda avtotransport vositalari tomonidan olib chiqilayotgan tog‘ jinslarining hajm miqdorlari, avto o‘ziag‘dargichlar va lokomotivlar tomonidan amalga oshirilgan reyslarning avtomatlashtirilgan tarzdagi hisobi yo‘lga qo‘yiladi. Tog‘-kon texnikalarini boshqarib boruvchilar, operatorlarning bort uskunalari displeylari barcha ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari o‘z aksini topib boradi. Foydalanishda bo‘lgan texnikalar hisobi va to‘xtab turishlarning sabablari yuzasidan ma'lumotlarga ega bo‘linadi. Rudalar sifatining to‘liq nazoratga olinishi ham muhim aspektlardan biri hisoblanadi. Tog‘-kon texnikalariga sarflanayotgan yonilg‘i-moylash vositalari, shinalar va agregatlarning holati, shu bilan birga ish reglamentlaridagi qoidabuzarlik larga doir xabarlar yetkazib berilishi ham yo‘lga qo‘yiladi. Bundan tashqari, Google Maps, Bing Maps, OpenStreetMaps va boshqa mavjud elektron kartalar bazasida karyerlar texnikalari ishining aks ettirilishi ham tizimning muhim yutuqlaridir. Kon texnikalariga texnik xizmat ko‘rsatish va ta'mirlash ishlariga doir ma'lumotlar ham jarayonlarni boshqarishda asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi. Shuningdek, burg‘ulash- portlatish ishlarini boshqarib borish ham tizimning maqsad-mohiyatlariga javob beradi. Bir so‘z bilan aytganda, OKMK karyerlarida olib borilayotgan jarayonlar qo‘l kaftida ko‘rib turilganidek nazorat ostida bo‘ladi.

Tizim joriy etilishi bilan kon qazib olish hajmlarining yuqori samaradorlikda oshirilishi, robotlashtirilgan pilotsiz transport texnikal ari va barcha ishlarning optimallashtirilishiga erishamiz. Tizim 420 dan ziyod tog‘- kon texnikalariga joriy etilishini inobatga oladigan bo‘lsak, biz nihoyatda katta loyiha ijrosiga kirishganimizga ishonch hosil qilishingiz mumkin.

- Marat Rustamovich, tizim qanday afzalliklarga ega va u qanday bosqichlarda joriy etiladi?

- Birinchi navbatda barcha loyiha hujjatlari qonuniy asoslarga ega ekanligini, loyihaning yaxlitligi va ma'lumotlarning ishonchliligi, ishlanmalarning mavjud texnologiyalarga uyg‘unlashib ketishi, dasturiy va texnik vositalarning modelligi, mavjud tarmoqlar bilan oson integratsiyalanishi, axborot xavfsizligi va ma'lumotlarning maxfiyligi ta'minlanishi kabi afzalliklarga ega. Birinchi navbatda dispetcherlik markazi tashkil etiladi, uskunalar o‘rnatiladi, montaj-sozlash ishlari amalga oshiriladi, ma'lumotlarni uzatish tarmog‘i yo‘lga qo‘yiladi, dasturiy mahsulotlar, bort qurilmalarining o‘rnatilishi kabi bir qator ishlar amalga oshirilishi kerak. Misol uchun BelAZ ko‘p tonnali o‘zi ag‘daruvchi transport vositasiga tizim qurilmalarini joriy etish va montaj qilish ishlari ikki ish smenasida bajarilishi ko‘zda tutiladi. Tizimni joriy etishning har bir bosqichi yakunlanishi bilan buyurtmachini xabardor qilish va kelgusi vazifalarni belgilab olish tadbirlari yo‘lga qo‘yiladi.

- Batafsil ma'lumotlar uchun katta rahmat. Ishonamizki, hamkorlikda amalga oshirilayotgan ushbu loyiha har ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘ladi. Ishlaringizga muvaffaqiyatlar tilayman.

- Rahmat, salomat bo‘ling.

Hasan ABDULLAYEV

Bo`lishmoq:
Text to speech