Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Suv ta'minoti va suvlarni chiqarib borish tizimlari har qanday korxona faoliyatida muhim ahamiyat kasb etadi. Sanoat suv ta'minoti sexi “Olmaliq KMK” AJning ana shunday eng ahamiyatli yordamchi sexlaridan biri hisoblanadi.
Texnologik jarayonlar ehtiyojlari uchun talab qilinadigan ushbu energetika manbasini yetkazib berishda ishtirok etuvchi gidrotexnika qurilmalari doimiy parvarishni talab qiladi. Kombinat suvsozlari suv havzalari, nasos stansiyalaridagi qurilmalarni doimiy ish holatida saqlab borish bilan birga yangi magistrallar va suv ta'minoti inshootlarini bunyod etib borgan holda bugunga kelib OKMKning muhim investitsiyaviy dasturlari ijrochisidan biriga aylangan.
Ma'lumki, ayni damda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlik I” koni negizida “Olmaliq KMK” AJning ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda “Olmaliq KMK” AJ konlari negizida rangli va qimmatbaho metallarni ishlab chiqarishni kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari doirasida mavjud quvvatlarni kengaytirish va yangi quvvatlarni qurish bo‘yicha ko‘plab ishlar davom ettirilmoqda. Xususan, Sanoat suv ta'minoti sexi tomonidan 3-MBFning texnologik va ichimlik suvga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish maqsadida shu kunga qadar Qoraxitoy-Axcha suv havzasida 39 ta quduq, Kultepa suv havzasida texnik(chuchuk) suv olish uchun 40 ta quduq qazilishiga muvaffaq bo‘lindi. Suv quvurlarini yotqizish va uchinchi ko‘tarma nasos stansiyasini qurish ishlari qizg‘in davom etmoqda. Yangi investitsiyaviy loyiha ijrosida ko‘zda tutilgan maqsadlarga erishish yo‘lida Suv ta'minoti sexi tasarrufida yangi 8-uchastkani tashkil etishga qaror qilindi. Mazkur uchastkada 35 nafar xodim faoliyat yuritib, 5 ta nasos qurilmalari yordamida yangi fabrikaga 23200 m3 miqdorida texnik suv yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan. Sexning eng tajribali muhandis-texnik xodimlaridan biri bo‘lgan Akmal Norqulovga yangi uchastkaga rahbarlik qilish vazifasi yuklatildi. Akmal Norqulovning 54-nasos stansiyasi rekonstruksiya qilinishida orttirgan tajribasi bu vazifalar ijrosida qo‘l kelishi shubhasiz.
Shu kunga qadar yangi uchastka xodimlarini tanlab olish, shtatlar birligini tasdiqlash va ularni o‘qitish, malakasini oshirish hamda ishlab chiqarish amaliyotlarini o‘tashlari uchun barcha tashkiliy ishlar amalga oshirildi.
Sex jamoasi tomonidan kombinat korxonalari ishlab chiqarish quvvatlari yildan-yilga oshib borayotganini e'tiborga olgan holda yangi tarmoqlarni bunyod etish vazifalari ham jadal olib borilmoqda. Jumladan, MBFga aylanma suv yetkazib beruvchi diametri 1220 mm, jami uzunligi 17 km ni tashkil qiladigan yangi tarmoqni yotqizish ishlari o‘zining yakuniy bosqichiga kirib bormoqda. Ayni kunlarda 54-nasos stansiyasi tomonidan MBFga o‘rtacha 14000-14500 m3/soat miqdorida texnik aylanma suvlar yetkazib berilayotgan bo‘lsa, yangi magistral tarmog‘i ishga tushishi bilan bu ko‘rsatkich 18 500 m3/soatga chiqarilishi rejalangan.
Murod Qo‘shboyev rahbarlik qilib kelayotgan uchastka nafaqat sex ishlab chiqarish tizimining asosiy bo‘g‘ini, balki istiqbolli loyihalar amalga oshirilishida tajriba-tadqiqot markaziga ham aylanib ulgurgan. Suv ta'minoti inshootlarida qo‘llaniladigan yangi ishlanmalar va loyihalar aynan shu yerda dastlab joriy etiladi va sinovlardan o‘tkazib kelinadi. Ayni kunlarda 3-MBF suv ta'minoti tizimini boshqarish uchun shakllantirilayotgan jamoalar mazkur markazda ishlab chiqarish amaliyotini o‘tashmoqda.
II va III bosqich nasos stansiyalari yordamida 2-MBFga 1992 ming m3/soat va Issiqlik elektr markaziga 1277 ming m3/soat suv haydab berilishi nasos uskunalari mashinistlari Gulnora Jo‘rayeva va Ziyoda Badayevalar nazorati ostida kechadi. Maftuna Ergasheva o‘zining tajribali hamkasblari qo‘l ostida kasb sirlarini o‘rganib bormoqda. Hademay u yangi uchastka nasos qurilmalariga mustaqil ravishda xizmat ko‘rsatishga kirishadi. Mahmud O‘rmonov, Behzod Tillayev, Bunyod Pirmatov, Abbos Turdimahmudov kabi ishchi-xodimlar sa'y-harakatlari evaziga uchastka suv ta'minoti qurilmalari barqaror va uzluksiz faoliyati ta'minlab kelinayapti.
Kombinat suvsozlari tomonidan yilning birinchi choragida 52 421 ming/ m3 hajmda suvlar tortib olinib, iste'molchilarga yetkazilishiga erishildi. Mamlakatimiz rahbarining energetika manbalari tannarxini kamaytirish borasidagi topshiriqlarini bajarish yo‘lida ham e'tiborga molik ishlar olib borilganligini alohida ta'kidlash zarur. Xususan, 27 856,45 ming/kVt.soat elektr energiyasi sarflanib, boshqa manbalar iqtisodi evaziga 1000 m3 texnik va aylanma suv narxini 1 455 ming so‘mgacha tushirishga muvaffaq bo‘lindi.
Hasan ABDULLAYEV