Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33“Yoshlik I” konini o‘zlashtirish investitsion loyihasini amalga oshirish doirasida quriladigan obyektlar va “Olmaliq KMK” AJning markaziy temir yo‘llarini 2020-2030 yillarda rekonstruksiya qilish va kengaytirish loyihasi asosida Sanoat temiryo‘l transporti boshqarmasi tomonidan ayni kunlarda keng miqyosda e'tiborga molik ishlar olib borilmoqda. Ushbu vazifalar ijrosida 4-Temiryo‘l sexi jamoasi asosiy bo‘g‘inga aylangan.
“Yoshlik I” konini o‘zlashtirish investitsion loyihasi doirasida loyihalashtirilgan yangi temiryo‘llar tarmoqlari va inshootlarini bunyod etish borasida sex jamoasi bugun yangi istiqbolli yo‘nalishni tanlab olgan. Bundan bir necha yillar oldin ko‘tarish-rixtovkalash mashinasi, Dresta 584 frontal yuklagichi, xoper dozatorlar, dizelli motaj avtomatrisalari hisobiga sex mexanizatsiya vositalari parkining yangilanishi va zveno yig‘ish bazasining ishlab chiqarish quvvatlari oshirilishi temiryo‘l ta'mirchilarining muhim obyektlar qurilishiga dadil kirishishiga mustahkam asos bo‘lib xizmat qildi.
“Yoshlik I” konini o‘zlashtirish investision loyihasi doirasida 2020-2030 yillar davomida yotqizilishi ko‘zda tutilayotgan temiryo‘llar qurilishi ikki bosqichda amalga oshiriladi. Jami 71 331 metr uzunlikda temiryo‘llar tortilishi, 184 jamlama chiziqli o‘tkazgichlar montaj qilinishi rejalashtirilgan. Ba'zi obyektlar 2023-2025 yillar davomida, ayrimlari 2027-2030 yillarda qurilib foydalanishga torshirilishi rejalangan.
STTBning markaziy temiryo‘llarini 2020-2030 yillarda rekonstruksiya qilish va kengaytirish loyihasi doirasida ham bir qator infratuzilmalar qurilishi ko‘zda tutilgan. Mazkur loyiha 10 800 m masofada yangi temiryo‘llarni yotqizish, 26 ta yoyli o‘tkazgichlar montajini o‘z ichiga olgan.
- Jamoamiz tomonidan yuqori sur'atlarda olib borilayotgan qurilish-ta'mir ishlarini baholar ekanmiz, “Otval'naya” stansiyasi va “Nakpaysoy” otvallari temir yo‘llarini rekonstruksiya qilish loyihasiga to‘xtalib o‘tish lozim, - deydi 4-TYS sexi boshlig‘i Zafar Musayev. - Qalmoqqir koni tog‘ jinslarining to‘liq hajmda tashish imkoniyatini yaratish loyihaning asosiy maqsadi hisoblanadi. Mazkur loyiha ishlari 2023-2024 yillarda yakuniga yetkazilishi kerak. Loyiha ishlari boshqarmasining temir yo‘llar qurish loyihasiga muvofiq, 13,1 kilometrli temir yo‘l qurilishi, 25 jamlama ko‘rsatkichli o‘tkazgichlarni qurish, 432 dona kontakt tarmoqlarini montaj qilish nazarda tutilgan. Ushbu loyihani amalga oshirish boshlanganidan to hozirgi kunga qadar 3,2 km. uzunlikda temiryo‘llar yotqizilib, 8 jamlama yoyli o‘tkazgichlar tiklandi va 51 dona kontakt tarmoqlari montaji yakuniga yetkazilgan holda 11,8 mlrd. so‘mlik mablag‘lar o‘zlashtirilishiga muvaffaq bo‘lindi.
Sexning eng tajribali muhandis-texnik xodimlaridan biri bo‘lgan sex boshlig‘i o‘rinbosari Abdurashid Mo‘minovning bevosita rahbarligida yuqoridagi ishlar qat'iy asoslarda olib borilmoqda. Yog‘ochli va temir-beton shpallardan tashkil topgan temiryo‘l zvenolarini bevosita yig‘ish va ob'ektlarga yotqizib chiqish, temiryo‘llarda barcha ta'mir va montaj ishlarini olib borish, yo‘l inshootlarining barcha elementlari to‘g‘ri montajini tashkil etish borasida uning tajribasi va tashkilotchiligi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Temiryo‘l mashina va mexanizmlari, shuningdek boshqa uskunalarning barqaror ekspluatatsiyasi ham muhim o‘rin tutadi. Mazkur ish uchastkasiga mas'ul bo‘lgan ishlab chiqarish ustasi Ikrom Shokirov rahbarligida mehnat qilib kelayotgan Farhod Azimov, Obid Omonov, Soib Xudoyberdiev, Yorqin Abjalov, Rustam Salikov, Mahmud Bo‘riboyevlar o‘zlariga biriktirilgan mexanizasiya vositalaridan yuqori samaradorlikda foydalanib borishmoqda. Amalda foydalanishda bo‘lgan va topshirilayotgan temiryo‘l tarmoqlarida poezdlarning xavfsiz harakatini ta'minlashda temiryo‘l ustasi Alisher Matmusayev qo‘l ostida mehnat qilayotgan Ramis Turkmanov, Abdulla Chimpo‘latov va Shohjahonbek Amanovlar yuqori ko‘rsatkichlarni qo‘lga kiritib kelishmoqda.
Yuqoridagi omillar barcha ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarining barqaror bajarilishi bilan birga sexning yangi istiqbolli texnik ishlab chiqarish quvvatlarini belgilab olishiga xizmat qiladi.
Hasan ABDULLAYEV