Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining sanoat temiryo‘llari 513 ta strelka o‘tkazgichlar, 13 ta temiryo‘l stansiyalari, 108 ta sun'iy inshootlar (4 ta katta ko‘priklar, 16 ta yo‘l o‘tkazgichlar, 1 ta akveduk, 88 ta trubalar) hamda 35 ta temiryo‘l kesishmalaridan iborat bo‘lib, ulardan 9 tasi qo‘riqlanadigan temiryo‘l kesishmalari hisoblanadi.
OKMK Sanoat temiryo‘l transporti boshqarmasining 4-Temiryo‘l sexi jamoasi zimmasiga temir yo‘llar, sun'iy inshootlarning kapital qurilishi va ularni saqlab borish, turli o‘lchamlardagi shag‘a l va qumlar ishlab chiqarish hamda ta'mir ishlarini olib borish vazifasi yuklatilgan. Sexda temiryo‘llarni ta'mirlash bo‘yicha barcha ishlar maksimal darajada mexanizatsiyalashtirilib, bu yerda 26 ta maxsus o‘zi yurar texnikalar, shu jumladan, rostlash-rixtalash mashinalari, o‘lchov texnikalari, zvenolarni yotqizish kranlari va ikkita zveno-yig‘uv bazasi imkoniyatlaridan foydalaniladi. So‘nggi yillarda 4-TYS tomonidan kombinatning megaloyihalari doirasida yangi temiryo‘llar va yo‘l qurilmalari hamda inshootlarini bunyod etish ishlari yuqori sur'at va jadallikda olib borilayotgani e'tiborga molikdir. Xususan, sex temiryo‘l quruvchilariga “Yoshlik I” konini o‘zlashtirish” investitsiya loyihasining birinchi bosqichi doirasida 3-MBF temir yo‘llari, “668 Razyezd-Otvalnaya” stansiyalari temiryo‘l bog‘lamasini qayta qurish, “Razvyazka-Yoshlik” stansiyalari uch izli temiryo‘l bog‘lamasini qurish vazifalari topshirilgan. Mazkur loyihaga asosan, “Razvyazka” stansiyasi yo‘nalishida umumiy uzunligi 14 kilometrni, “Otvalnaya” stansiyasi yo‘nalishida 13,2 kilometr uzunlikdagi yangi temiryo‘llarni yotqizish belgilangan bo‘lsa, kuni kecha Qalmoqqir konidagi mavjud uch izli temiryo‘lni qayta qurish ishlari yakuniga yetkazildi.
“Razvyazka” stansiyasida uch yo‘lli temiryo‘l qurilishi ishlari 2023-yilning birinchi choragida boshlangan bo‘lib, 4,2 km uzunlikdagi ushbu temiryo‘l Qalmoqqir konining shimoliy bortini kengaytirish maqsadida qayta barpo etildi. Temiryo‘lga 8 jamlama strelkali o‘tkazgichlar o‘rnatildi. Bundan tashqari, aloqa tarmog‘i va ta'minot liniyalarini qurish bo‘yicha loyihaga muvofiq, 133 jamlama kontakt tarmoqlari tayanch ustunlari va tayanch ustuni asoslari o‘rnatildi. 8,5 km ta'minot va aloqa simlari tortildi. Yangi temiryo‘l ishga tushirilishi natijasida eski temiryo‘l o‘rnidan ham ma'danlar qazib olinadi.
Mazkur uch izli temiryo‘l qurilishiga 17,8 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Qurilish ishlari STTB hamda “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti ishchi-xodimlari tomonidan amalga oshirildi. Ushbu temiryo‘lning qurilishi qo‘shimcha ravishda o‘rtacha 3 mln m3 hajmdagi ma'dan qazib olish imkonini beradi.
Zafar Musayev rahbarlik qilib kelayotgan 4-TYS tomonidan bundan bir necha yillar oldin “Kolsevaya” stansiyasi zveno-yig‘uv bazasi hududida yangi rels-shpal panjaralarini yig‘ish stendi qurilib foydalanishga topshirilganligi temiryo‘l zvenolarining jadal yetkazib berilishiga xizmat qildi. O‘tgan yil sex temiryo‘lchilari “Yoshlik” temiryo‘l stansiyasini qurib bitkazib, “Otvalnaya” stansiyasi yo‘nalishida 13,2 km uzunlikda yangi temiryo‘llar yotqizgani ham jamoaning OKMKning investitsiyaviy loyihalari ijrosida faol ishtirok etib kelayotganidan dalolat beradi.
Temiryo‘llar inshootlariga xizmat ko‘rsatish bilan bir qatorda yangi temiryo‘l tarmoqlarini bunyod etishda O‘sarbek Yaxyoyev, Mira'zam Umirov, Mirg‘iyos Ortiqboyev, Adxam Egamberdiyev kabi yo‘l ustalari va Baxtiyor Turg‘unov, Doniyor Mashakirov, Davron Xoliqulov singari temiryo‘llar montyorlari munosib ulush qo‘shib kelishmoqda.
Hasan ABDULLAYEV