Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Yangi uchastka ish unumdorligini ta'minlaydi

03 Sentyabr 2026, 8:27 58

Ayni kunlarda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalari doirasida "Yoshlik 1" koni hududida muhim sanoat infratuzilmasi obyektining qurilishi faol davom etmoqda.

Ushbu obyekt konning tog'-transport va yordamchi texnikalariga birinchi va ikkinchi bosqich texnik xizmat ko'rsatish (TX-1 va TX-2) ishlarini sifatli tashkil etishga mo'ljallangan zamonaviy ishlab chiqarish uchastkasidir.

Uchastka hududining umumiy maydoni 4,5 gektarni tashkil etib, unda konda foydalaniladigan ulkan texnikalar va samosvallarga yuqori darajada texnik xizmat ko'rsatish uchun barcha zarur sharoitlarni yaratish ko'zda tutilgan.

Uchastka to'liq avtonom va ko'p tarmoqli tizim asosida loyihalashtirilgan bo'lib, uning hududida bir qator muhim infratuzilma inshootlari o'rin oladi.

Jumladan, ma'muriy-maishiy bino, ishchi-xodimlar uchun shinam oshxona, tovar-moddiy boyliklarini saqlaydigan omborxonalar hamda nazorat-o'tkazish punktlari barpo etilmoqda.

Majmua tarkibida tog'-transport vositalarini ta'mirlash va xizmat ko'rsatish uchun maxsus ko'rik chuqurlariga ega bo'lgan ayvon, mexanik ta'mirlash ustaxonasi,  gazda kesish va qo'lda payvandlash ustaxonasi, beton estakada, ishlatilgan moyni quyish estakadasi va uni saqlash uchun yer osti rezervuari qurilmoqda.

Shuningdek, yoqilg'i-moylash materiallarini saqlash uchun konteynerli maydoncha, bo'sh idishlarni saqlash uchun ayvon, yirik hajmli shinalar ombori, texnikalarni yuvish posti, yuvuvchilar uchun bino, tozalash inshooti hamda modulli nasos stansiyasi bunyod etilmoqda. Obyekt xavfsizligi va barqarorligini ta'minlash maqsadida hududda qattiq maishiy chiqindilar maydonchasi, azotli, kislorodli va propanli ballonlarni saqlash omborlari, avtoturargoh, transformatorli tashqi podstansiya, xo'jalik-ichimlik suv ta'minoti uchun nasos stansiyasi, yong'in nasos stansiyalari va to'xtash paviloni qurilishi ko'zda tutilgan. Energiya samaradorligini oshirish maqsadida majmuada yashil energiya texnologiyalariga alohida urg'u berilib, quyosh foto elektr stansiyasi uchun maxsus maydonchalar hamda uzluksiz elektr ta'minoti uchun dizel elektrostansiyasi barpo etilayapti.

Ayni paytda qurilish maydonidagi asosiy binolarda ishlar yakuniy bosqichga yetgan. Xususan, ko'rik chuqurlari mavjud bo'lgan ayvon binosining metall karkas qismlarini montaj qilish 95 foizga bajarilib, devorlarini profnastil bilan yopish ishlari olib borilayapti.

Ma'muriy-maishiy korpusda ichki xonalarning pardozlash, santexnika, elektrika va ventilyasiya tizimlarini o'rnatish ishlari deyarli 98 foizga yetdi. Hozirda ichki qismini jihozlash va binoning yon qismiga otmostka quyish jarayoni ketmoqda.

Tovar-moddiy boyliklar omborida metall konstruksiyalarini tayyorlash va montaj qilish ishlari 100 foizga bajarilib, tom va devor qismlari profnastil bilan yopildi. Shuningdek, ushbu binoni tabiiy yorug'lik bilan ta'minlash maqsadida tomiga yangi loyiha asosida nur o'tkazuvchi shaffof kompozit profnastil montaj qilindi va ichki qismidagi maishiy bino qurilishiga tayyorgarlik ko'rilmoqda.

Yirik hajmli shinalar omborida metall ustunlar 100 foizga o'rnatilib, bog'lovchi konstruksiyalar montaji 98 foizga yetdi, devor va tom qismlari profnastil bilan yopilmoqda.

Payvandlash va gazda kesish posti hamda mexanik ta'mirlash ustaxonasi binolarida metall ustunlar va bog'lovchi konstruksiyalarni tayyorlash hamda montaj qilish ishlari 100 foizga bajarilib, devor va tom qismlarini profnastil hamda sendvich panellar bilan qoplash ishlari to'liq yakunlandi.

Qurilish ishlari "Olmaliqmetallurgqurilish" tresti tomonidan amalga oshirilmoqda.

Mazkur zamonaviy texnik xizmat ko'rsatish uchastkasining ishga tushirilishi "Yoshlik 1" konida ishlayotgan tog'-transport texnikalarining sozligi va ish unumdorligini oshirishga xizmat qiladi. Bu tizim ortiqcha mehnat sarfi va texnik xizmat ko'rsatish vaqtini qisqartirishga, kon-metallurgiya sohasidagi ishlab chiqarish hajmini yanada kengaytirishga hamda qo'yilgan tog'-kon rejalarining o'z vaqtida va sifatli bajarilishiga mustahkam zamin yaratadi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech