• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Yaxshiyam siz borsiz dunyoda!

07 Mart 2024, 15:30 412

Zamonaviy dunyoda ayol kishi erkaklar bilan teng vakolatlarda faoliyat olib bormaydigan soha deyarli qolmagan. Ayol astronavt, ayol politsiyachi, ayol haydovchi, ayol temiryo‘lchi - bugun hech kimni ajablantirmaydi. Biznesdagi tadbirli ayol, siyosatdagi yetakchi ayol!

Sanoat korxonalari, ijtimoiy-maishiy, maorif, madaniy-ma'rifiy sohalarda band bo‘lgan nozik hilqat vakilalariga boqar ekanmiz, ayolga mos xususiyatlar - intuitsiya va nostandart yondashuv ularga ishda yordam berayotgani, ba'zida erkaklarga nisbatan afzalliklarni namoyon etayotganiga guvoh bo‘lamiz. Eng muhimi, ular o‘z tanlagan sohalarini sevishadi, ardoqlashadi, unga sadoqat bilan xizmat qilishadi.

Ishlab chiqarishdagi murakkab vazifalarni bajarishda tartib-intizomga rioya qilish, vaziyatni oqilona baholash, ta'mir va texnik xizmat ko‘rsatish ishlarini bajarish tartiblarini yuksak darajada belgilab olish hamkasabalarimizning e'tirofga munosib jihatlaridir.

Agar sen o‘z ishingni ustasi bo‘lsang, sening qaysi jins vakili ekanligingdan qat'iy nazar sifat va natija darhol ko‘zga tashlanadi. Tan olish kerak, ayollar har bir mayda detallargacha e'tiborli bo‘lishadi, ular o‘zlariga nisbatan talabchan va yakuniy natijalar sermahsul bo‘lishiga intilishadi. Ular maqsadlar sari ildam qadam tashlovchi, mehnatkash va o‘z atrofidagi ishlab chiqarish muhitiga nisbatan nihoyatda muhabbatlidirlar, aynan shu jihatlar bugun ayollarni sanoat sohalarida yuqori mavqega olib chiqqan.

Ayol rahbar. Laboratoriya boshlig‘i, ishlab chiqarish smenasi ustasi, texnik nazoratchilar guruhiga yo‘lboshchilik qiladimi, u o‘z jamoasining yetakchisi, xayrixoh va hammaslak hamkasbdir.

Ayol mutaxassis. Ishlab chiqarish texnik bo‘limi muhandisi, sotuv bo‘limi hisobchisi, defektoskopist, muhandis-konstruktor, muhandis-dizayner, tarbiyachi, yo‘riqchi. Shu kabi lavozimlarni egallab kelayotgan xotin- qizlar barcha masalalarga oqilona yechim topa oladigan, istiqbollarni ko‘ra olgan holda rejalarni qat'iy belgilab oladigan hilqat hamdir.

Ayol xizmatchi. Eng quyi pog‘onada ham u har qanday vaziyatdan chiqish yo‘lini ko‘rsata oladigan, yelkadosh bo‘luvchi, maqsadlar sari undovchi jamoadosh.

Jamoalarda turfa xarakterli, turli dunyoqarashli insonlar jam bo‘ladi. Lekin ayollar bor jamoada sog‘lom raqobat, ularning yuqori bahosini, muhabbatini qozonishga intilish albatta zohir bo‘ladi. O‘zaro qo‘llov, hammaslaklik, jamoadoshlarga samimiy yordam bor bo‘lgan joy shak-shubhasiz shakllanadi.

“Olmaliq KMK” AJning asosiy korxonalari, yordamchi sexlari, ijtimoiy-madaniy muassasalarida qo‘lga kiritilayotgan yutuqlarning bosh omili sifatida aynan yuqorida keltirib o‘tilgan jihatlarni ko‘rsatib o‘tsak, adashmagan bo‘lamiz. Rangli metallurgiya yo‘na lishida faoliyat yuritayotgan ayollarga ham oson tutib bo‘lmaydi. Ular erkaklar bilan yonma-yon turib, ishlab chiqarish yutuqlariga baravar hissa qo‘shib kelishmoqda.

Markaziy ta'mirlash-mexanika zavodi Mexanika-yig‘uv sexi kichik prolyotida tokar sifatida kam sonli ayollar mehnat qilishadi. Ular bajarayotgan ishlarga nazar tashlab, natijalari erkaklarnikidan sira ham kam emasligiga guvoh bo‘lamiz. STTB Vagon deposidagi defektokopistlar, kran mashinistlari, Texnik - nazorat xizmati nazoratchilari, tahlillarni oluvchilar, xo‘jalik bo‘limlari suvoqchi-bo‘yoqchilari, farroshlari - ularni OKMK deb nomlanuvchi yaxlit mexanizmning muhim bir muruvvati, yurituvchi kuchi deyish mumkin.

Ayolga e'tibor va ishonch kerak. Eng asosiysi, samimiy muhabbatni ifodalovchi ikki og‘iz shirin so‘z ular uchun bebaho e'tirof.

Suluv bahorning shu kunlarida xonadonimiz farishtasi, oila qo‘rg‘onimizning bekasi, ro‘zg‘or yukini yelkasida ko‘tarib borayotgan, zurriyodlarimizni oq yuvib, oq tarab kamolga yetkazayotgan, xonadonimizga orastalik va fayz bag‘ishlayotgan sadoqatli umr yo‘ldoshlarimiz, zahmatlarimizga teng sherik bo‘layotgan hamkasblarimiz, ertamiz iqbolining darakchisi sifatida olamshumul marralarni zabt etishga chog‘langan munisa qizlarimiz bayramingiz muborak bo‘lsin. Yaxshiyam siz borsiz dunyoda!

Siz onam, siz opam, siz singlim, siz jannatlar kalitini qo‘lida tutgan munisa zurriyodim! Dilbar hamkasblar, muhtarama opa-singillar oilangizni baxt va tole, qalbingizni go‘zallik, lobar chehrangizni latofat va bahoriy chiroy aslo tark etmasin!

Hasan ABDULLAYEV

Bo`lishmoq:
Text to speech