Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-332024-yil - “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”
“Olmaliq KMK” AJ obyektlariga avtotransport xizmatini ko‘rsatish, texnologik va xo‘jalik yuklar hamda yo‘lovchilarni tashish asosiy vazifasi bo‘lgan Avtomobil transporti boshqarmasi tomonidan 2023-yilda belgilangan ishlab chiqarish bashorat ko‘rsatkichlari muddatidan oldin bajarildi.
Jumladan, tog‘ jinslarini tashish bashorati 2 302 000 tonna hajmda belgilangan holda amalda bu ko‘rsatkich 2 520 700 tonnani tashkil etdi va reja 109,5%ga bajarildi. Shuningdek, 2 165 700 mashina/soat bashorat ko‘rsatkichi 2 173 615 mashina/soatga uddalanib, reja 100,4%ga ado etildi. Ushbu natijalarning qo‘lga kiritilishiga katta hissa qo‘shgan Abdumutolib Topilov, Abduvoit Boboyev, Laziz Murodullayev va A'zam Axmatqulovlar rahbarlik qilib kelayotgan avtobazalar jamoalarini ta'kidlab o‘tish lozim bo‘ladi. Mazkur avtobazalar ichida Kamoliddin Qo‘shboev rahbarlik v.b. qilib kelayotgan 1-Avtobaza boshqarmaning eng yirik avtokorxonasi hisoblanadi.
Avtobaza 1962-yilda o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan davrdan boshlab hozirgi kungacha har tomonlama rivojlanish bosqichini bosib o‘tgan. Bugungi kunda korxona tomonidan 923 ta avtotransport vositalari ekspluatatsiya qilib kelinayotgan bo‘lsa, ularning 472 tasi yuk avtomashinalari, 274 tasi yengil avtomobillar, 177 tasi avtobuslardir. Bundan tashqari, 16 ta maxsus avto kranlar va 6 ta avtominoralar tegishli ob'yektlarga ixtisoslashtirilgan xizmatlar ko‘rsatilishi uchun qo‘yib kelinmoqda. Avtomashinalar parki turli rusumda bo‘lishi bilan birga ko‘rsatilayotgan transport xizmatlari ham turfa xildir.
Kombinat konlaridan texnologik hamda moddiy-texnika yuklarini tashish bilan birga ish joylariga mehnatkashlarni eltish va olib qaytish vazifalari qat'iy belgilangan tizim asosida olib borilmoqda. So‘nggi yillarda transport parkini yangilash barobarida xizmatlar tannarxini tushirish, yonilg‘i-energetika manbalari iqtisodiga erishish maqsadida yangi raqamlashtirilgan boshqaruv va nazorat tizimlari joriy etib kelinayapti. Dizel yoqilg‘isi va benzin sarfini optimallashtirish borasida amalga oshirilayotgan tadbirlar birgina o‘tgan yilning o‘zida 730 800 million so‘mga teng bo‘lgan 60,9 tonna miqdorida dizel yoqilg‘isi, 113,7 tonnadan ziyod benzin iqtisod qilinishiga omil bo‘ldi.
Avtobaza transport parki safini to‘ldirayotgan zamonaviy texnikalar o‘ziga xos yondashuv va yuqori malakani talab qiladi. Shu maqsadda avtotransport vositalariga biriktirilgan haydovchilar va mexanizatorlarning mahorat hamda nazariy ko‘nikmalarini oshirish avtobaza ma'muriyatining doimiy diqqat markazida. Kuni kecha Rustam Davlatov rahbarlik qilib kelayotgan 5-kolonna maxsus transport texnikalari parki 1 ta Krantas yuk ko‘tarish krani hisobiga kengaydi. Yana ushbu texnikalardan 5 ta xarid qilinishi ko‘zda tutilgan. Mazkur texnikalarga biriktiriladigan haydovchilar uchun maxsus o‘quv kurslari tashkil etildi. Foydalanishda bo‘lgan texnikalarga ekspluatasiyaviy xizmatlar ko‘rsatish yildan-yilga takomillashib bormoqda. Barcha turdagi texnik xizmat ko‘rsatish vositalari mexanizasiyalashtirilgan. Avtobaza ta'mirchilari tomonidan mamlakatimizda ishlab chiqarilgan Malibu yengil avtotransportlarining dvigatellari(uzatma qutisi)ni ta'mirlash avtobazaning o‘zida yo‘lga qo‘yildi. Shokir Isakov, Elmurod Radjapov kabi avtochilangarlar mazkur ta'mir operatsiyasini bugungi kunda yanada takomillashtirib borishmoqda.
Mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi yo‘nalishida belgilangan tadbirlar ijrosi yo‘lida boshqarma avtobazalaridagi maishiy-yuvinish, ovqatlanish va boshqa yordamchi xonalarida kapital ta'mir ishlari olib borilmoqda. Ta'mir-xo‘jalik uchastkasining Bahodir Abdukarimov va Mansur Pardaev singari xodimlari mahorati evaziga 1-avtobaza ma'muriy binosida amalga oshirilayotgan kapital ta'mir ishlari o‘zining yakuniy pallasiga kirdi. Biriktirilgan ob'yektlarga yuqori xizmat ko‘rsatib kelayotgan Ilhom Mamatqulov, Abdulla Azimboyev kabi haydovchilar yo‘nalishlarda tartibli harakatlanish bilan birga buyurtmachi ob'yektlarning e'tirofiga sazovor bo‘lishmoqda. Transport vositalariga har smenalik texnik xizmat ko‘rsatish, “buyurtmachi” ob'yektiga borish yo‘nalishi ko‘rsatilgan va avtosaroyga qaytish, yonilg‘i bilan baklarni to‘ldirish va spidometr ko‘rsatkichlari qayd etilgan yo‘l varaqasini rasmiylashtirish ishlari smenalar mexaniklari tomonidan qat'iy asoslarda olib borilayapti. Yo‘nalishga qo‘yilayotgan va yo‘nalishdan qaytgan har bir transport vositasi bo‘yicha barcha ma'lumotlar dispetcherlik hamda mexanika xizmatining avtomatlashtirilgan nazorat tizimiga kiritilgan.
Haydovchi va mexanizatorlarning jismoniy holati va salomatliklari yo‘nalishlardan oldin tibbiy nazoratdan o‘tkaziladi. Tibbiyot hamshirasi Sadoqat Tojiboyeva har kuni 400 nafarga yaqin xodim salomatligini nazorat qilish bilan birga ularga e'tiborni mustahkamlaydigan zarur tavsiyalarni ham berib boradi.
Boshqarma yutuqlariga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan tajribali hamkasblar mahoratini sidqidildan o‘rganishga intilayotgan avtomobilchi yoshlarni ham shu o‘rinda ta'kidlab o‘tish zarur bo‘ladi. Avtomobil transporti boshqarmasida bugungi kunda 324 nafar yoshlar mehnat qilib kelayotgan bo‘lsa, ulardan 28 nafari oliy ma'lumotli yoshlar hisoblanadi. Oliy ma'lumotli yoshlarning 23 nafari rahbarlik lavozimlariga ishonch bilan tayinlangan, 20 nafari zahira kadrlar sifatida ro‘yxatga olingan. 296 nafar o‘rta maxsus ma'lumotga ega yoshlar ham o‘z bilimlarini oshirib borishmoqda. Korxonaning Yoshlar ittifoqi yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ongi va qalbida mustaqillik g‘oyalariga sodiqlik, Vatani va qadrdon korxonasiga muhabbat va uning taqdiriga daxldorlik, fidoyilik hissini qaror toptirish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasidagi islohotlarda ular faolligini oshirish, munosib mehnat sharoitlar yaratishga qaratilgan vazifalarni izchil bajarib kelmoqda. O‘z o‘rnida yoshlar ham kombinat tarkibiy bo‘linmalari yoshlari o‘rtasida o‘tkazib kelinayotgan kasb mahorati tanlovlarida, madaniy-ma'rifiy hamda ijtimoiy-iqtisodiy tadbirlarda, sport musobaqalarida munosib ishtirok etishmoqda. Hasan Turg‘unboyev, Sarvarjon Murotov, Gulnoza Niyozova kabi yosh avtomobilchilar o‘z yutuqlari bilan hamkasblariga o‘rnak bo‘lishayotir.
Davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga muvofiq holda OKMKda amalga oshirilayotgan ishlab chiqarishni texnik va texnologik yangilash, rekonstruksiya qilish, nodir va qimmatbaho metallarni ishlab chiqarish hajmini keskin oshirish borasidagi sa'y-harakatlarning bevosita ishtirokchisi bo‘lish avtotransport boshqarmasi yoshlari uchun sharafdir.
Azamat ABDUJABBOROV,
ATB boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha yordamchisi