"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Bugungi Yangi O'zbekiston taraqqiyotining asosiy ustuvor yo'nalishlaridan biri - mamlakatning mineral xom ashyo salohiyatidan samarali foydalanish, zamonaviy sanoatni rivojlantirish va yuqori qo'shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini keskin oshirishdan iborat.
So'nggi yillarda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatimizda tog'-kon va metallurgiya sanoati mutlaqo yangi bosqichga ko'tarildi. Bu sohada qabul qilingan keng ko'lamli qarorlar natijasida nafaqat yangi ishlab chiqarish quvvatlari barpo etildi, balki butun tarmoqni xalqaro standartlar asosida rivojlantirishga zamin yaratildi.
Ana shunday ulkan strategik ahamiyatga ega investitsiya loyihalaridan biri - “Yoshlik I” konini o'zlashtirish megaloyihasi hisoblanadi.
Ushbu loyihaga O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-martdagi “Olmaliq KMK” AJning “Yoshlik I” koni negizida ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori bilan rasman start berildi.
Oradan ko'p o'tmay, shu yilning avgust oyida davlatimiz rahbari “Olmaliq KMK” AJga tashrif buyurib, kombinat faoliyati, amalga oshirilayotgan investitsiya dasturlari va istiqboldagi rivojlanish rejalari bilan yaqindan tanishdi. Tashrif davomida sohani modernizasiya qilish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda eksport salohiyatini oshirish bo'yicha aniq vazifalar belgilab berildi.
2018-yildan boshlab kombinatda xalqaro standartlarni joriy etish ishlari yangi bosqichga chiqdi. “Qalmoqqir” va “Yoshlik I” konlaridagi mineral resurslar hamda ma'dan zaxiralarini baholash Avstraliya-Osiyo mamlakatlarida tan olingan “JORC Code” talablari asosida amalga oshirildi.
Bu esa o'z navbatida mineral resurslarni baholashning shaffofligini, hisobotlarning haqqoniyligi, xalqaro investorlar ishonchini, shu bilan bir qatorda mamlakatimiz tog'-kon sanoatining xalqaro moliya bozorlariga integratsiyasini ta'minladi. Natijada Olmaliq kon-metallurgiya kombinati nafaqat Markaziy Osiyo, balki jahon miqyosidagi yirik tog'-kon kompaniyalari qatoriga kirish uchun mustahkam zamin yaratdi.
Bugungi kunda “Yoshlik I” konini o'zlashtirish loyihasi qiymati 4 milliard 620 million AQSH dollarini tashkil etadi. Bu nafaqat O'zbekiston, balki Markaziy Osiyoda amalga oshirilayotgan eng yirik sanoat investitsiya loyihalaridan biri bo'lish bilan birga Yangi O'zbekiston tomonidan yaratilayotgan asr mo''jizasi hamdir.
Kon maydoni qariyb 11 ming gektarni tashkil etadi. Loyihaning to'liq ishga tushishi natijasida yiliga 65 million tonna ma'dan qazib olish imkoniyati yaratiladi. Qazib olingan ma'danlar karyer hududida barpo etilgan yuqori unumdor yirik maydalagich majmualarida dastlabki maydalash jarayonidan o'tkaziladi. So'ng ma'dan zamonaviy Uzluksiz-oqim texnologiyasi - ruda tizimi orqali yuqori quvvatli tasmali konveyerlar yordamida to'g'ridan-to'g'ri 3-Mis boyitish fabrikasiga uzluksiz yetkazib beriladi. Mazkur texnologiya avtotransport harakatini qisqartirish, tashish xarajatlarini kamaytirish, yoqilg'i sarfini tejash, atrof-muhitga chiqariladigan chiqindilarni kamaytirish hamda ishlab chiqarish jarayonining uzluksizligi va samaradorligini ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
“Yoshlik I” konini o'zlashtirish loyihasini amalga oshirish boshlangandan buyon ko'plab yirik obyektlar qurilib, ekspluatatsiyaga topshirildi. Jumladan, Markaziy ta'mirlash-mexanika zavodi qayta qurildi va kengaytirildi, “Yoshlik I” temir yo'l stansiyasi ishga tushirildi, Kovuldi kon boshqrmasida geologik namunalar ombori qurilib foydalanishga topshirildi, “Barakali” uchastkasining tog'-kon texnikalarini ta'mirlash maydoni qurilishi yakunlanish arafasida, yiliga 220 mingta geologik namuna tayyorlash va tahlil qilish imkoniga ega zamonaviy laboratoriya qurilib, topshirish bosqichiga yetdi. Shu bilan bir qatorda yangi zamonaviy podstansiyalar, energetika va yordamchi ishlab chiqarish obyektlari bunyod etilib, foydalanishga topshirildi. Bu obyektlar konning keyingi o'nlab yilliklarda samarali faoliyat yuritishi uchun mustahkam ishlab chiqarish infratuzilmasini shakllantirmoqda.
Loyihani amalga oshirishga kirishlganidan to hozirgi kungacha 257,3 million m³ bo'sh tog' jinslari qazib olindi, 14,91 million tonna ma'dan qazib chiqarildi. Ayni kunga kelib kon o'lchamlari uzunligi - 4 km, kengligi - 2,3 km, chuqurligi - 265 metrga yetdi. Bu ko'rsatkichlar “Yoshlik I” koni qisqa vaqt ichida Respublikadagi eng yirik ochiq konlardan biriga aylanganidan dalolat beradi.
Konda bugungi kunda dunyoning yetakchi ishlab chiqaruvchilari tomonidan tayyorlangan 600 dan ortiq zamonaviy tog'-kon texnikasi ishlamoqda. Ushbu texnikalar, kon ishlarini raqamli texnologiyalar asosida yuqori unumdorlik bilan tashkil etish imkonini bermoqda.
Konning samarali ishlashi uchun transport va energetika infratuzilmasi jadal barpo etildi. Jumladan, “TP-8” elektr ta'minoti obyekti ekspluatatsiyaga topshirildi, “TP-9” nimstansiyasi ishga tushirilish arafasida, 500 kV elektr uzatish liniyasi qurildi, raqamli podstansiya foydalanishga topshirildi, yangi temir yo'llar qurildi, mikroprosessorli boshqaruv tizimlari joriy qilindi. Bu esa transport harakatini optimallashtirish, dizel yoqilg'isi, elektr energiyasi va shinalar sarfini kamaytirishga asosiy omil bo'ldi.
Loyihaning dastlabki natijalariyoq uning naqadar samarali ekanini amalda namoyon etmoqda. Fikrimizni raqamlar bilan asoslab ko'rsatadigan bo'lsak, 2024-yil iyun oyidan buyon 48,2 ming tonna mis, 4 977 kilogramm oltin, 25,4 tonna kumush, 413 tonna molibden ishlab chiqarilishiga muvaffaq bo'lindi. Bu ko'rsatkichlar mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirishda muhim o'rin tutmoqda. Dastlabki natijalar esa “Yoshlik I” koni yurtimiz muhandislari, geologlari, marksheyderlari, quruvchilari, temir yo'lchilar, energetiklar va minglab mehnatkashlarning bilim va tajribasi hamda matonatli mehnatlarini o'zida mujassam etgan ulkan milliy loyiha ekanligining amaliy ifodasidir. Ushbu megaloyiha to'liq quvvatda ishga tushirilgach, mamlakatimizda mis ishlab chiqarish hajmi bir necha barobar ortadi, yuqori qo'shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish kengayadi, minglab yangi ish o'rinlari yaratiladi, eksport hajmi va valyuta tushumlari sezilarli oshadi, mashinasozlik, qurilish, energetika, transport va xizmat ko'rsatish sohalari yanada rivojlanadi.
Eng muhimi, “Yoshlik I” konini o'zlashtirish loyihasi nafaqat “Olmaliq KMK”ining ishlab chiqarish quvvatini oshiradi, balki Yangi O'zbekistonning sanoatlashgan, raqobatbardosh va innovatsion iqtisodiyotini shakllantirishga zamin yaratadi.
Prezidentimiz tomonidan belgilangan iqtisodiy islohotlarning amaliy ifodasi bo'lgan ushbu megaloyiha mamlakatimizning mineral xom ashyo salohiyatidan oqilona foydalanish, milliy boyliklarni yuqori qo'shimcha qiymatga ega mahsulotlarga aylantirish va xalqaro bozorlarda O'zbekistonning raqobatbardoshligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
“Yoshlik I” - bu shunchaki yangi kon emas. Bu Yangi O'zbekistonning sanoat qudrati, muhandislik salohiyati va kelajakka ishonch bilan qo'yilgan ulkan qadamidir. Bu loyiha orqali “Olmaliq KMK” AJ nafaqat mamlakatimiz iqtisodiyotining tayanch korxonalaridan biri sifatida o'z mavqeini yanada mustahkamlamoqda, balki O'zbekistonning dunyodagi yirik mis va qimmatbaho metallar ishlab chiqaruvchi davlatlar qatorida munosib o'rin egallashiga ulkan hissa qo'shmoqda.
Zokirxo'ja Ishanxodjayev
“Yoshlik I” Direksiyasi direktori