Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Ma'lumki, “Olmaliq KMK” AJning “Yoshlik I” konini o‘zlashtirish mega loyihasi ijrosi ayni kunlarda o‘zining eng qizg‘in pallasiga kirgan.
“Yoshlik I”da qazib olinadigan rudalar sulfidli va okislangan navlarda bo‘ladi. Sulfidli rudalarning o‘zi balans va balansorti rudalariga bo‘linadi. Balansli rudalar ekskavatorlar yordamida avtotransport vositalariga ortilgan holda qayta yuklash bo‘g‘ini va to‘xtovsiz oqim texnologik konveyerlariga yuklanib, 3 - Mis boyitish fabrikasiga jo‘natilishi yo‘lga qo‘yiladi.
Shu kunlarda ustki qatlam jinslarini “Olmaliqsoy” zahira koniga olib chiqish ishlari Texnologik transport boshqarmasining karyer texnikalari yordamida jadal sur'atlarda olib borilmoqda.
Boshqarmaning Behzod Yusupov rahbarlik qilib kelayotgan 3-Texnologik transport sexi jamoasi asosini asosan yoshlar tashkil qiladi. Aynan shu yoshlar kombinatning yangi konida transport xizmati ko‘rsatishning mustahkam asosini qo‘ya olishgani e'tiborga molikdir.
- Bugungi kunga kelib 3-TTS tomonidan 37 ta 130 tonnalik va 29 ta 220 tonnalik BelAZ o‘zi ag‘daruvchi kar'er texnikalari ekspluatasiya qilib kelinmoqda, - deydi sex boshlig‘i Bekzod Yusupov. - Ushbu texnikalarga ekspluatatsiya- ta'mir xizmatlari ko‘rsatilishi uchun ta'mir-mexanika ustaxonasi faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan. Kar'er texnikalarida eng ko‘p uchrovchi nosozliklarni tezda bartaraf etish imkonini beradigan texnik vositalar, shu jumladan, zamonaviy shinomontaj stendi bilan ustaxonamiz jihozlangan. Ustaxona boshlig‘i Turobjon Eshmatov rahbarligida 1-, 2-, 3-texnik xizmat ko‘rsatish hamda joriy ta'mir ishlari chilangar-ta'mirchilarimiz tomonidan tezkorlikda sifatli olib borilmoqda. Shu o‘rinda Islom Egamberdiev, Muhriddin Abduholiqov, Azizbek Ismoilov, Abdulatif Abdullayev, O‘ktam Usmonov, Ahror Abduqodirov, O‘razmat Atamov kabi chilangar - ta'mirchilarimizning g‘ayrat va shijoatlarini ta'kidlab o‘tishim zarur.
Karyer avtotransport vositasining sozligi har ish smenasi oldidan yo‘nalishga chiqishdan oldin haydovchi tomonidan, har hafta mexanik tomonidan, har oyda katta mexanik, TTB boshlig‘i o‘rinbosari tomonidan tekshirib chiqilishi va smenani qabul qilish hamda topshirish jurnalida tegishli yozuv bitiklar qayd etilishi yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari, avtotransport vositasining harakat xavfsizligiga ta'sir qiluvchi va nuqsonlar bilan ekspluatasiya qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydigan nosozliklarini aniqlash uslublari, shuningdek tog‘-konchilik yo‘l transport vositalarini ekspluatasiya qilish qoidalari bilan haydovchilarning doimiy ravishda tanishtirib borilishi ham o‘z samarasini berib kelmoqda. Og‘ir, o‘z o‘rnida zamonaviy boshqaruv qurilmalari bilan jihozlangan karyer transportlarini ekspluatasiya qilish judayam mashaqqatli yumush hisoblanadi. Bu vazifani Mirjalol Anorboev, Mashrab Xudoyberdiyev, Abdiqul Chindavlatov, G‘ulom Murodov, Mahkambek Anorboyev, Jaloliddin Normatov singari BelAZ haydovchilari sharaf bilan bajarib kelishmoqda. 3-TTS dispetcheri Muxlisa Mirzamurodova transport vositalarini yo‘nalishlarga qo‘yish va zarur hisobot hujjatlarini yuritib borishda o‘ziga xos tartibni joriy etgani diqqatga molik bo‘lmoqda.
3-TTS avtotransportchilari zimmasiga joriy yilda 3000000 m3 ustki qatlam jinslarini olib chiqish vazifasi yuklatilgan. Birgina o‘tgan hisobot oyining o‘zida sex jamoasi tomonidan 25 738 800 m3 miqdorida ustki qatlam jinslari tashib chiqilishiga muvaffaq bo‘linib, oylik reja 103%ga ortig‘i bilan bajarildi.
Yuqoridagi omillar “Yoshlik I” konida ustki qatlamlarni olib chiqish ishlari jadal olib borilayotganidan dalolat beradi.
Hasan ABDULLAYEV