Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Sanoat suv ta'minoti sexi salkam 70 yildirki, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati o‘z faoliyatini boshlagan ilk yillardan boshlab, to hozirgi kungacha texnik aylanma suvlar va suv ob'ektlarining holatiga ta'sir etuvchi tarmoq bo‘linmalari, inshootlari hamda boshqa obyektlarni joylashtirish, loyihalash, qurish, rekonstruksiya qilish, ta'mirlash, tiklash va ishga tushirishda yangi texnologik jarayonlarni joriy etish va suvdan tejamkorlikda foydalanishga alohida ahamiyat berib keladi.
Sex yuqori energiya iste'moli asosida faoliyat yuritadigan ishlab chiqarish bo‘g‘inlari sirasiga kiradi. Bu yerda 100 kVa.dan 40 000 kVa kuchlanishli transformatorlar ekspluatatsiya qilinadi hamda 15kVt.dan 2500 kVt.gacha ega bo‘lgan elektr dvigatellari orqali iste'molchilarni suv bilan ta'minlaydi. Shoxoblangan havo va kabel liniyalarining uzunligi 60 km.dan ziyodni tashkil qiladi.
Iste'molchilarning texnik suvga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida shahar tashqarisidagi hududlarda 200 dan ziyod suv quduqlari burg‘ulangan. Ulardan uzunligi 170 km.dan ortiq bo‘lgan suv uzatish quvurlari orqali suv ta'minoti amalga oshirib kelinadi. Mis boyitish fabrikasi va 2-Mis boyitish fabrikasi, Issiqlik elektr markazi, Rux zavodi, Markaziy ta'mirlash-mexanika zavodi va Mis eritish zavodlarining ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun yiliga 215 mln kubometrdan ziyod suv yetkazib berilayotgani kombinat suvsozlari tomonidan nihoyatda mas'uliyatli vazifalar sharaf bilan bajarib kelinayotganini bildiradi. Shu o‘rinda ta'kidlab o‘tish zarurki, 8 ta uchastka va suv quvurlarini ta'mirlash bo‘limidan iborat bo‘lgan Sanoat suv ta'minoti sexida bugungi kunga kelib 323 nafar ishchi-xizmatchilar mehnat qilib kelishmoqda.
OKMKning ishlab chiqarish quvvatlari yildan yilga oshib borayotgani, shuningdek investitsion loyihalar doirasida yangi ishlab chiqarish ob'ektlari bunyod etilayotgani munosabati bilan muhim energiya manbalaridan biri bo‘lgan sanoat suvi ta'minoti yo‘lida so‘nggi yillarda keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Xususan, MBF birlashgan chiqindilarni to‘plash ombori hududida joylashgan 4-uchastkadan MBFgacha uzunligi 17 km.ni tashkil qiladigan, 1020 mm diametrli IV sanoat suv quvurini yotqizish ishlari yakuniga yetkazilayapti. Ushbu quduqlar suv yig‘ish kollektoriga suv yig‘ib beradi. Suvlar esa 2 ta diametri 1200 mm bo‘lgan quvurlar yordamida fabrikaga yetkazib beriladi. “Qoraxitoy-Aqcha” suv havzasidan 3-Mis boyitish fabrikasigacha bo‘lgan masofada mazkur suv quvurlarini joylashtirilishiga muvaffaq bo‘lindi. Obyektni elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun “Qoraxitoy” podstansiyasini qurish ishlari ham tugatildi. 54-sonli nimstansiya nasos stansiyasida olib borilgan rekonstruksiya ishlari bugun o‘z natijasini bermoqda. Ayniqsa, 2 ta 40 000 kVa quvvatli transformatorlar va nasoslarimiz dvigatellarini ishga tushirish va boshqarishda chastotali qayta rostlagichlarning joriy etilishi diqqatga molikdir. IV sanoat suv quvuri magistrali foydalanishga topshirilishi bilan MBFga soatiga 15000-17000 kubometrdan ziyod suv uzatish imkoni yaratiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-martdagi “Yoshlik I” koni negizida “Olmaliq KMK” AJning ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, “Olmaliq KMK” AJ konlari negizida rangli va qimmatbaho metallarni ishlab chiqarishni kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorlari doirasida mavjud quvvatlarni kengaytirish va yangi quvvatlarni qurish bo‘yicha ko‘plab ishlar davom ettirilmoqda. 3-MBFning texnologik va ichimlik suvga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish maqsadida shu kunga qadar “Qoraxitoy-Aqcha” suv havzasida 39 ta quduq, “Kultepa” yer osti suv havzasida texnik(chuchuk) suv olish uchun 46 ta, quyi “Saganak” yer osti suv havzasida 14 ta, “Saganak” yer osti suv havzasida 11 ta va 2-bo‘lim kontur orti suv havzasida 10 ta quduqlar qazilishiga erishildi.
Suv quvurlarini yotqizish, “Kultepa” va ikkinchi ko‘tarma nasos stansiyasini qurish ishlari qizg‘in davom ettirilib, yakuniga yetish arafasida.
Yangi investitsiyaviy loyiha ijrosida ko‘zda tutilgan maqsadlarga erishish yo‘lida Sanoat suv ta'minoti sexi tasarrufida yangi 8- va 9-uchastkalarni tashkil etishga qaror qilindi. Mazkur uchastkalarga 52 nafar xodimlar ishga qabul qilinib, 5 ta nasos qurilmalari yordamida yangi fabrikaga 23 200 m3 miqdorida texnik suv yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan. Shu kunga qadar yangi uchastka xodimlarini tanlab olish, shtatlar birligini tasdiqlash, xodimlarni o‘qitish, malakasini oshirish va ishlab chiqarish amaliyotlarini o‘tashlari uchun barcha tashkiliy ishlar amalga oshirildi.
“Kultepa” nasos stansiyasi va “Kultepa”, quyi “Saganak” va “Saganak” yer osti suv havzasiga ham yana 74 ta ishchi va muhandis- texnik xodimlarni ishga olish rejalashtirilgan.
Kombinat suvsozlari tomonidan yilning o‘tgan sakkiz oyi davomida 145 271 ming/m3 hajmda suvlar tortib olinib, iste'molchilarga yetkazib berildi. Mamlakatimiz rahbarining energetika manbalari tannarxini kamaytirish borasidagi topshiriqlarini bajarish yo‘lida ham e'tiborga molik ishlar olib borilib, 70 319 ming/kVt.soat elektr energiyasi sarflangan holda va boshqa manbalar iqtisodi evaziga 1000 m3 texnik hamda aylanma suv narxini 724 592 ming so‘mgacha tushirishga muvaffaq bo‘lindi.
Yuqoridagi ko‘rsatkichlar Sanoat suv ta'minoti sexi jamoasi OKMKning 75 yilligini yuqori natijalar bilan qarshi olayotganidan dalolat beradi.
Rahmatilla KAUMTOV,
Sanoat suv ta'minoti sexi boshlig‘i