• Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“Yulduzli tunlar” spektakli Vatanni yanada sevishga undaydi

17 Fevral 2024, 13:53 217

OKMK rahbariyati va kombinat Ma'naviyat va ma'rifat kengashi tashabbusi bilan  joriy yilning 15-16 fevral kunlari “Metallurg” madaniyat saroyida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirovning "Yulduzli tunlar" asari asosida sahnalashtirilgan spektakl namoyishi bo‘lib o‘tdi.

Spektakl O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti, xalqaro Bobur mukofoti sovrindori, professor Muhammadali Abduqunduzov tomonidan sahnalashtirilgan bo‘lib, O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti talabalari tomonidan zo‘r mahorat bilan ijro etildi.

Barchamiz sevib o‘qigan “Yulduzli tunlar” romanida bobomiz Boburning achchiq qismati, taqdir charxpalagining tayyorlab qo‘ygan kutilmagan hodisalariga to‘qnash kelishi, atrofidagilarning fitnalari, o‘zga yurtga majburiy ketishi, ichki kechinmalari o‘quvchini o‘sha zamonga olib boradi. Ayniqsa, Boburning Vatan ishqida, bir zum bo‘lsada ona-yurtida bo‘lishini ich-ichidan istashi o‘quvchini qattiq ta'sirlantiradi.

Spektakl namoyishidan so‘ng, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati boshqaruvi raisi Abdulla Xursanov so‘z olib, ajoyib san'at asarini tomoshabinlarga yuksak professionallik bilan yetkazib bergan ijodkorlarga kombinat mehnat jamoasi nomidan o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

– Bugun biz uchun tarixiy kun. Buyuk bobomiz sohibqiron Amir Temur tomonidan yaratilgan davlatni olaylik.  Tarixni o‘rganadigan bo‘lsak temuriylarning tarixda qoldirgan o‘rni muhim sanaladi. Amir Temur bobomiz Samarqandni qanday rivojlangan shaharga aylantirdi. Uning avlodi buyuk ajdodimiz, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur esa Hindistonda tarqoqlashgan davlatlardan markazlashgan davlat tuzib, u yerda juda ko‘plab salmoqli ishlarni amalga oshirdi. Uning bizga qoldirgan boy ma'naviy merosi katta-yu kichikni Vatanni sevishga, uni ardoqlab, asrashga undaydi. Ona yurtimizning bir kaft tuprog‘ini qanchalik aziz ekanligini “Yulduzli tunlar” spektaklini tomosha qilib yanada teran anglaymiz. Bugun bizga ajoyib san'at asarini namoyish etgan, 34 yildan buyon xalqimiz orasida Bobur siymosini yaratib kelayotgan Muhammadali Abduqunduzovga yana bir bor rahmat aytamiz,- deydi Abdulla Xursanov.

Tadbir davomida OKMK rahbariyati tomonidan ijodkorlarga esdalik sovg‘alari ulashildi.

Sherzod Tilovberdiyev

Bo`lishmoq:
Text to speech