Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Avgustning birinchi yakshanbasi O'zbekiston Respublikasi Temir yo'l transporti xodimlari kuni
....Texnologik ishlab chiqarish hududida baliq boqilayapti. Yana o‘sha sex hududida yaqinda asalari boqish ham yo‘lga qo‘yildi. Undan ham qizig‘i sex hududidagi issiqxonada 40 kg banan hosili olindi. Keling gapni cho‘zmaylikda ishlab chiqarish bilan parallel ravishda ko‘plab turfa ajoyibotlarni ham amalga oshirayotgan mehnat jamoasi haqida bayon etaylik.
Sanoat temiryo‘l transport boshqarmasining 3-temiryo‘l sexida yuqorida aytilgan ishlar amalga oshirib kelinmoqda. O‘quvchida sex ishchilari o‘z ishini qilmay, nimalar bilan ovora bo‘lib yuribdi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Ammo, aslida unday emas. Sex boshlig‘i Dilshod Narmanovning ta'kidlashicha, sexda barcha ishlab chiqarish prognozlari bajarib kelinmoqda. Jumladan, joriy yilning 6 oyda 1 dona elektrovoz kapital ta'mirlangan. 14 tasi esa joriy ta'mirdan chiqarilgan. 14 ta teplovoz 2- va 3-sonli joriy ta'mirdan chiqarilgan. Shuningdek, 1 dona teplovoz kapital sozlanib, 40 tasi esa 3- va 1-sonli joriy ta'mirlangan. 68 ta teplovoz texnik ko‘rikdan o‘tkazilgan.
Mahalliylashtirish dasturi asosida sexda «PE2U(M) tortuv agregatining motorli vagonning pastki ramasi» ishlab chiqarish ratsionalizatorlik taklifi amaliyotga joriy etildi. Bugungi kunda ushbu ehtiyot qismning 1 donasi o‘rtacha 2,5 milliard so‘mni tashkil etadi. Hozirda STTB sharoitida ishlab chiqarilayotgan mahsulotning tannarxi deyarli 500 million so‘mni tashkil etmoqda. Sinov tariqasida 2 dona ushbu ehtiyot qism ishlab chiqarilib, amaliyotga tatbiq etildi. Hozircha ushbu mahsulot o‘zining salbiy jihatlari namoyon etmadi. Sexda yiliga 4 dona ushbu ehtiyot qism ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.
Mehnat jamoasi tomonidan texnologik ishlab chiqarish zanjirida muhim ahamiyat kasb etuvchi teplovozlar, elektrovozlarning ta'mirini sifatli amalga oshirish uchun bu yil bir qator salmoqli ishlar bajarildi.
Xususan, ta'mirdan chiqarilgan teplovoz va elektrovozlarning yuk tortishini sinovdan o‘tkazadigan reostat binosi to‘liq yangilanib, foydalanishga topshirildi. Ushbu bino zamonaviy «Suba» uskunasi bilan jihozlandi. E'tiborlisi, sinov jarayoni to‘liq raqamlashtirilgan va sifatli amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, ishlab chiqarish binosida ham ta'mirlash ishlari bajarildi. Avtomatika va sozlash uchastkalari kapital ta'mirlandi. Akkumulyator uchastkasida hozirda ta'mirlash ishlari olib borilayapti.
Sexdagi Avtotexnikalar va temiryo‘l texnikalarini yuvish shaxobchasi foydalanishga topshirildi.
Yana bir muhim jihat avvallari elektrodvigatellar Elektr tarmoqlari boshqarmasining energota'mir sexida ta'mirlanardi. Endilikda sexda yangi o‘rash uchastkasi tashkil etilayapti. Yaqin kunlarda ushbu uchastkada tortuv va yordamchi dvigatellari sexda ta'mirlanishi yo‘lga qo‘yiladi.
Mehnat jamoasi “Yashil makon” umummilliy loyihasida ham faol ishtirok etib kelishmoqda. Ular tomonidan sex hududida 800 dona o‘rik, 200 dona olma ko‘chatlari ekildi. Ko‘chatlarning orasida esa tarvuz-qovun, pomidor, bodring, baqlajon, qalampir kabi poliz ekinlari ham yetishtirilib, ishchilar dasturxoniga tortilmoqda. Shuningdek, 2,6 gektar yer maydonida 1300 tup behi ko‘chatlari ham o‘tqazildi. Ekilgan daraxt ko‘chatlari va poliz ekinlarini sug‘orish uchun tomchillatib sug‘orish tizimi joriy etildi. Buning uchun sinov tariqasida 25 tonnalik sig‘im olinib, hozirda ekinlar tomchillatib sug‘orilmoqda.
Ishchi-xodimlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun kichik ko‘l ham tashkil etilib, unda baliq boqilmoqda.
Yana bir yangilik, sex hududida sinov tariqasida 4 dona asalari oilasi ham boqilayapti. Kelgusida ishchilar dasturxoni asal bilan ham to‘ldiriladi.
Sex hududidagi o‘sha mashhur issiqxonada yetishtirilgan banandan bu yil ilk bora 40 kg hosil olindi. Hozirda issiqxonada mandarin, banan, limon kabi sitrus mevalar, turli xil gullar yetishtirilmoqda. Ozarboyjon davlatidan 3 tup feyxova meva ko‘chatlari ham olib kelinib, issiqxonaga ekildi.
Ishchi-xodimlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida 178 dona avtomobilga mo‘ljallangan avtoturargoh foydalanishga topshirildi. Ushbu obyekt to‘liq profnastil bilan yopilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, avtoturargoh yoritish tizimi, kuzatuv kameralari ham ta'minlanadi.
Sexdagi tovar moddiy boyliklarni asrab-avaylash, tashmachiliklarni oldini olish maqsadida sex atrofidagi beton to‘siqlar to‘liq yangilanayapti. Hudud 270 donadan oshiq beton to‘siqlar bilan o‘ralishi ko‘zda tutilgan.
Sex hududini aylanar ekanmiz, sex nafaqat STTB balki kombinatning boshqa tarkibiy bo‘linmalariga ham har jihatdan namuna bo‘lishiga guvoh bo‘lamiz.
3-temiryo‘l sexi mehnat jamoasi O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti xodimlari kunini mana shunday yuksak marralarni zabt etishgan holda kutib olishmoqda.
Sherzod Tilovberdiyev