• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Yuqori sifat bilan iste'mol bozoriga

29 Aprel 2022, 10:48 1251

Har qanday mamlakat milliy boyligining ortishi, uning iqtisodiy o‘sishi faqat tabiiy resurslar hisobidan emas, balki ishlab chiqarishda foydalanilayotgan texnika va texnologiyasining rivojlanganlik darajasiga ham bog‘liq. Istiqlolimizning dastlabki yillarida “Olmaliq KMK” AJ tarkibida tashkil etilgan Iste'mol mollari ishlab chiqarish boshqarmasi o‘z faoliyatining ilk davrlaridan hozirgi kunga qadar aynan ana shu jihatga alohida urg‘u berib kelayotgan korxonalardan hisoblanadi.

Boshqarma tashkil etilgan 1994 yilda bor yo‘g‘i 15 xil nomdagi xalq iste'mol mollari ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bugunga kunga kelib korxonada 7 ta yo‘nalishda 500 dan ortiq mahsulotlar ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan.

Salkam o‘ttiz yillik faoliyati davomida IMIChBda ishlab chiqarishda yuqori texnologiyalarni qo‘llash, yuqori sifatli mahsulotlarni ishlab chiqarish va mahsulotlar assortimentini oshirib borishga harakat qilindi. O‘tgan yillar davomida iste'mol bozorini yangidan- yangi mahsulotlar bilan boyitish maqsadida bir qator loyihalar amalga oshirilib kelindi. Bu loyihalar shaksiz, kombinatning yetakchi tarmoqlarining jadal rivojlanishiga ham turtki berdi.

Xususan, VENO firmasi bilan hamkorlikda ochilgan Polietilen mahsulotlari ishlab chiqarish sexida tayyorlangan yeng plenkasi, sochiluvchan mahsulotlarni qadoqlash hamda mis kuporosi uchun qoplar, shuningdek turli o‘lcham kattaliklaridagi polietilen o‘ramalari iste'mol bozorida o‘zining doimiy xaridorlariga ega bo‘ldi.

- Polietilen mahsulotlari ishlab chiqarish sexiga VENO firmasining ikkita ekstruder texnologik liniyasi o‘rnatilgan, - deydi sex boshlig‘i Bahodir Mannopov. - Birinchi ekstruder soatiga 50-60 kg, ikkinchi ekstruder esa 30- 40 kg. hajmda polietilen mahsulotlarini ishlab chiqarish quvvatiga ega. Nafaqat mamlakatimiz, balki jahondagi eng yirik gaz sanoati korxonalaridan biri bo‘lgan “Sho‘rtan gaz-kimyo” majmuasi tomonidan yetkazib berilgan donabaylangan polietilen asosiy xom ashyomiz hisoblanadi. Kombinatning ikki yirik metallurgiya korxonalari – Mis eritish va Rux zavodlari hamda Portlatish materiallari zavodiga seximiz mahsulotlari uzluksiz yetkazib berilishi yo‘lga qo‘yilgan.

Seximizda ikkilamchi mahsulotlardan turli diametrdagi polietilen quvurlar ishlab chiqarish uchastkasi ham faoliyat yuritar edi. Ma'lum bir sabablarga ko‘ra, mazkur uchastka faoliyati to‘xtatildi. Kombinat mutaxassislari bilan hamkorlikda ushbu uchastka faoliyatini qayta tiklash va polietilen quvurlari ishlab chiqarishni yuqori samaradorlikda yo‘lga qo‘yish maqsadida ayni kunlarda qizg‘in harakatlar boshlab yuborilgan. Ushbu yo‘nalishda harakat qilayotgan eng ilg‘or va zamonaviy ishlab chiqarishlar o‘rganilib, o‘zimizga mos liniya tanlab olinishiga ishonchim komil.

Sexda uzoq yillardan beri mehnat qilib kelayotgan texnolog Irina Sibulskaya shaksiz, jamoaning yuragi hisoblanadi. Har ish smenasi uchun vazifalarni belgilash, texnologik liniyalar holati va mahsulotlar sifatini nazorat qilib borish, qo‘lga kiritilgan natijalar tahlili va yangidan-yangi maqsadlarni aniqlab borish aynan uning zimmasida. Ekstruder mashinistlari bo‘lgan Aleksandr Kim va Saidjon Madumarovlar esa deyarli bir vaqtda sexda mehnat faoliyatlarini boshlashgan. Liniyalarga xom ashyolarni yuklab berish, texnologik jarayonlar tartiblari aynan bu ikki hamkasb tomonidan t a'minlab boriladi. Plastmassalar payvandchilari Gavhar Xudoyberdiyeva va Asqarali Haydarovlar polietilen qoplar tayyorlanishi va xaridorlarga jo‘natilishi uchun qadoqlab berilishini amalga oshirib kelishadi. Sexning eng tajribali xodimlaridan biri bo‘lgan Oybek Bo‘ribekov barcha texnologik uskunalar hamda yordamchi qurilmalarning doimiy shayligini ta'minlab borish bilan birga tayyor mahsulotlarning belgilangan tartiblarda rasmiylashtirilib, o‘z xaridorlariga jo‘natilish ishlariga ham boshchilik qiladi. G‘ayrat Abdujabborov esa sexda nafaqat elektr qurilmalari bilan bemalol tillasha oladigan elektr sozlovchi, balki bir nechta kasblarni o‘zlashtirgan xodimlardan biri sifatida tanilgan. Mexanizasiya vositalari, elektrlashtirilgan qo‘l asboblari aynan uning mahorati evaziga doimo shay holatda. Sexga keltirilayotgan xom ashyolar, zarur jihozlar, yordamchi vositalarni qabul qilib olish, ularni maxsus joylarga belgilangan tartiblarda saranjomlash, tayyor mahsul otlarni iste'molchilarning transport vositalariga yuklab berish vazifalarini esa avtoyuklagich haydovchisi Akmal Abduvaliyev zo‘r g‘ayrat bilan bajarib kelmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, o‘z ishining ustalari tomonidan yuqori texnologik jarayonlar asosida ishlab chiqarilayotgan o‘ta chidamlilik va yuqori issiqlikni saqlovchi, shuningdek tuproqning yuqori qatlamidagi namlikni yaxshi ushlab turish xususiyatlariga ega bo‘lgan polietilen mahsulotlari maqbul tannarxi va sifati bilan o‘z iste'molchilarining e'tirofini qozonib bormoqda. Jamoa esa bu bahoga munosib bo‘lish yo‘lida g‘ayrat bilan mehnat qilmoqda.

Hasan ABDULLAYEV

Bo`lishmoq:
Text to speech