• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Zamonaviy, betakror muhandislik maktabi

29 Noyabr 2024, 15:26 248

O‘z kasbining ustasi, har tomonlama yetuk, zamonaviy ilg‘or texnologiyalarni puxta o‘zlashtirgan muhandis-texnik xodimlar shaksiz, har qanday sanoat korxonasi taraqqiyotini belgilab beradi. Olmaliq kon-metallurgiya kombinati qoshida tashkil etilgan Muhandislik maktabida ham aynan mana shunday professional xodimlar tayyorlanadi.

Mazkur maktab faoliyati Yevropaning mis sanoati sohasidagi yirik kompaniyasi bo‘lgan “Aurubis” (Germaniya) kompaniyasining mutaxassislarni qayta tayyorlash va o‘qitish bo‘yicha tajribasi asosida yo‘lga qo‘yilgani bilan ham ahamiyatlidir.

Maktab tinglovchilari bu yerda nafaqat nazariy, balki amaliy mashg‘ulotlarni o‘tishlariga barcha sharoitlar yaratilgan. Germaniya, Xitoy, Rossiya, Turkiya va boshqa Yevropa davlatlaridan keltirilgan “Mexanika”, “Metallurgiya”, “Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish”, “Foydali qazilmalarni boyitish, “Energetika” yo‘nalishlari bo‘yicha mashg‘ulotlarni to‘laqonli olib borishga mo‘ljallangan 36 turdagi jihozlar yordamida dars jarayonlari keng qamrovda olib boriladi.

Muhandislik maktabida geologiya, konchilik ishi, kon sanoati transportlari, marksheyderlik ishi, foydali qazilmalarni boyitish, metallurgiya, mexanika, energetika, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish yo‘nalishlarida faoliyat olib borayotgan kombinat mutaxassislari o‘qitiladi.

Dual ta'limga mo‘ljallangan (60% vaqt ishlab chiqarish amaliyoti, 40% vaqt nazariy ta'lim) Germaniyaning Frayberg tog‘-konchilik akademiyasi texnika universiteti hamda “GP Günter Papenburg” AG va “Aurubis” AG kompaniyalarining kadrlarni tayyorlash bo‘yicha ta'lim metodologiyalari asosida kombinat mutaxassislari, xorijiy hamkor tashkilotlar ishtirokida o‘quv dasturlari ishlab chiqilgani ham e'tiborga molikdir.

Mazkur o‘quv maskani quvvatlari I smenada 160 nafar, III smenada 480 nafar muhandis-texniklarni tayyorlash imkoniga ega. Kadrlarni tayyorlash 3 oydan 10 oygacha muddatni tashkil qiladi. Shuningdek, bu yerda yiliga 1 000 nafar xodimlarning malakasi oshirilishi ham ko‘zda tutilgan. O‘quv jarayonlarida Frayberg konchilik akademiyasining texnika universiteti professor-o‘qituvchilari onlayn formatda mahorat darslariga jalb qilinmoqda. Ushbu oliygohning elektron platformasidan akademiyaning barcha elektron kitoblari va elektron ma'ruzalari bilan birga foydalanishga kelishildi.

Muhandislik maktabining birgina o‘tgan hafta davomidagi faoliyatiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Olmaliq kasb-hunar maktabi hamda Olmaliq kon- metallurgiya texnikumi o‘quvchilari uchun tasdiqlangan reja jadvali asosida 245 nafar o‘quvchilar amaliyotlari o‘tkazildi. Shu jumladan, 2-Mis boyitish fabrikasi xodimlari uchun elektrgazpayvandlovchi, STTB xodimlari uchun elektrovoz mashinisti kasbi bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil qilindi. Bundan tashqari, Raqamlashtirish departamenti, kombinat O‘quv markazi, Muhandislik hamda Muhandislik muhofazasi va sanoat xavfsizligi bo‘limi mutaxassislari uchun PromViar kompaniyasi tomonidan VR-trenajyori dasturiy- apparat majmuasi imkoniyatlari to‘g‘risida taqdimoti o‘tkazildi. Muhandislik maktabining “Metallurgiya”, “Energetika”, “Konchilik ishi”, “Mexanika” yo‘nalishlarining 42 nafar tinglovchilari 4 noyabrdan “Olmaliq KMK” AJning tarkibiy bo‘linmalariga ishlab chiqarish amaliyotiga chiqarildi. Maktab o‘qituvchilari tomonidan OTM bilan hamkorlikda o‘quv dasturlarini yanada takomillashtirish va boyitish borasida izlanishlar olib borilayapti.

Muhandislik maktabi flayrlari 3 ta tilda 2 xil namunada tayyorlanishi va ko‘rib chiqilishi uchun mutaxassislarga jo‘natilishiga muvaffaq bo‘lindi.

Muhandislik maktabi ijtimoiy tarmoqlarda ham faol. Kuni kecha “11-noyabr - O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni” munosabati bilan “Mahoratli pedagog” tanlovi yuqori saviyada o‘tkazildi. Yo‘nalishlar bo‘yicha seminar-treninglar muntazam ravishda tashkil qilinmoqda.

Davlatimiz rahbarining joriy yil oktyabr oyidagi Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga, xususan Muhandislik maktabiga tashrifidan so‘ng o‘quv maskani faoliyati yanada jonlandi, desak xato qilmagan bo‘lamiz. Birgina 17-22 oktyabr kunlari jami 203 nafar, ulardan 131 nafari O‘zbekiston kon-metallurgiya sanoati uchun kadrlar tayyorlovchi oliy ta'lim muassasalari rektor hamda dekanlari, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi mutaxassislari, Oliy ta'lim fan va innovasiyalar boshqarmasi, Bekobod tumani hokimligi, Oliy ta'lim fan va innovasiyalar vazirligi huzuridagi 37 ta professional ta'lim muassasalaridan jami 740 nafar kasb-hunar maktablari rahbar-xodimlari hamda 62 nafar hamkor tashkilotlar vakillari tashrif buyurishdi. Delegasiyalar tashrifining asosiy maqsadi Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Muhandislik maktabi faoliyatini o‘rganish bo‘ldi. Mehmonlar ta'lim dasturi bilan tanishdilar va maktab mutaxassislari bilan tajriba almashdilar.

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda oliy ta'limni isloh qilish borasida e'tiborga molik ishlar amalga oshirilib borilayapti. Dunyoning yetakchi oliygohlari filiallari faoliyati Respublikamizning turli viloyatlarida yo‘lga qo‘yilmoqda. Muhandislik maktabi esa yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash yo‘nalishida kombinat o‘ziga xos progressiv yondashuvni tanlaganidan dalolat beradi.

Mazkur maktab yurtimizdagi barcha oliy ta'lim muassasalari va sanoat korxonalari o‘rtasidagi uzviy hamkorlikni maqsadli asoslarda olib borish uchun tajriba laboratoriyasi bo‘lib qolishi shubhasiz.

Hasan ABDULLAYEV

Bo`lishmoq:
Text to speech