Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“Zamonaviy geologiya: siyosat, texnologiyalar, mintaqaviy tadqiqotlar va inson kapitali”

14 Sentyabr 2026, 9:31 32

Joriy yilning 13-sentabr kuni Toshkentda GEOMIN-2026 xalqaro konferensiyasi doirasida “Zamonaviy geologiya: siyosat, texnologiyalar, mintaqaviy tadqiqotlar va inson kapitali” mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari Feruza Xamidova ochib berdi.

Tadbirda O‘zbekiston, Fransiya, Finlyandiya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Qozog‘iston, Misr, Turkiya, AQSh va boshqa mamlakatlarning geologiya xizmatlari, ilmiy tashkilotlari hamda sohaviy idoralari rahbarlari va vakillari, shuningdek, xalqaro professional tashkilotlar ishtirok etishdi. Asosiy e’tibor sohani raqamli transformatsiya qilish va tadqiqotlar o‘tkazishning zamonaviy usullariga qaratildi.

Geologik, geofizik va geokimyoviy ma’lumotlarni qayta ishlashda sun’iy intellektni qo‘llash, turli tadqiqot usullarini integratsiyalash, 3D-modellarni va digital twins yaratish masalalari ko‘rib chiqildi.

Vazirning birinchi o‘rinbosari O‘zbekistonda to‘plangan materiallarni raqamlashtirish va ularni Milliy geologik ma’lumotlar bazasiga birlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga to‘xtaldi. Shuningdek, tadbirda ma’lumotlarning standartlashtirilishi va o‘zaro mos kelishiga, zamonaviy raqamli yechimlarni joriy etishga hamda geologik qidiruv ishlarida sun’iy intellektdan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Sanoat uchun muhim minerallar, resurslarni tasniflash tizimlari va hisobot standartlarini takomillashtirish, shuningdek, xalqaro investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishga alohida urg‘u berildi. Ishtirokchilar ma’lumotlar almashinuvini ta’minlash va yangi loyihalarni amalga oshirish uchun sharoitlar yaratishda milliy geologiya xizmatlarining roli haqida fikr almashishdi.

Shuningdek, yosh mutaxassislarni tayyorlash, xalqaro ta’lim va ilmiy-tadqiqot dasturlarini rivojlantirish, o‘quv jarayoniga geoinformatika, ma’lumotlar tahlili va 3D-modellashtirishni joriy etish masalalari muhokama qilindi. Tadbir yakunida geologiya xizmatlari va ilmiy tashkilotlar o‘rtasidagi kelgusi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari belgilab olindi.

Shuningdek, shu kuni GEOMIN-2026 xalqaro konferensiyasi doirasida GEOMIN AI Labs 2026 hakatonining final bosqichi bo‘lib o‘tdi. 

GEOMIN AI Labs 2026 tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida masalalarni yechish uchun Data Science hamda sun’iy intellekt uslublarini qo‘llash amaliyotiga bag‘ishlangan hakaton Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Xalqaro geofiziklar jamiyati (Society of Exploration Geophysicists — SEG) ko‘magida tashkil etilib, SLB kompaniyasi hakatonning texnologik hamkori bo‘ldi.
 
GEOMIN AI Labs 2026 bir necha bosqichda o‘tdi, unda O‘zbekistonda tahsil olayotgan 60 dan ortiq talaba va yosh mutaxassilar ishtirok etishdi. Saralash bosqichi va ishlab chiqilgan loyihalar baholanganidan keyin 10 nafar finalchi o‘z startaplarini ekspertlardan iborat hakamlar hay’atiga taqdimot qildilar.
 
Ishtirokchilar to‘rtta amaliy topshiriq ustida ishladilar: istiqbolli rux  konlarini aniqlash, oltin miqdorini bashorat qilish, geotermal energetika uchun yer osti haroratini baholash hamda tog‘-kon sanoatining ekologik xavflarini kamaytirishda mashinali o‘qitishni qo‘llash bilan bog‘liq vazifalardir.
 
Finalda ishtirokchilar o‘zlari ishlab chiqqan modellar, tadqiqot natijalari va ularni amaliyotda qo‘llash mumkin bo‘lgan yo‘nalishlarni taqdim etdilar.
 
Hakaton yakunlariga ko‘ra, quyidagi ishtirokchilar sovrinli o‘rinlarni egallashdi:
 
1-o‘rin — Ziyoda Minavarova, Geologiya fanlari universiteti;
2-o‘rin — Diyora Karimova, “MISiS” milliy tadqiqot texnologik universiteti Olmaliq filiali;
3-o‘rin — Temirali Sadikov, Olmaliq davlat texnika instituti.
 
Eʻtiborlisi hakatonda birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan g‘oliblar SLB kompaniyasida haq to‘lanadigan stajirovkadan o‘tish hamda Data Science, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni qo‘llagan holda sohaning amaliy vazifalarini hal qilishda ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdilar.
 
Shuningdek, uchta sovrindor GEOMIN 2026 xalqaro konferensiyasiga chiptalar bilan, finalchilar esa esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
 
GEOMIN AI Labs 2026 tadbirining o‘tkazilishi yosh mutaxassislar, soha vakillari, akademik hamjamiyat va davlat tashkilotlarini bir maydonda birlashtirish hamda geologiya va tog‘-kon sanoatida sun’iy intellekt texnologiyalarini amaliy qo‘llash imkoniyatlarini namoyish etishga xizmat qildi.

Eslatib oʻtamiz, GEOMIN-2026 xalqaro konferensiyasining asosiy tadbirlari bugun oʻtkaziladi.

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech