Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ishchi-xodimlarning ijtimoiy himoyasi hamisha ustuvor vazifa sanalgan.
Ayniqsa, so‘nggi yillarda ishchilar oshxonalari, ish taqsimlash va yuvinish xonalari kapital ta'mirlanib, qulay mehnat sharoitlari yaratilmoqda.
Ushbu ishlar bardavomlik kasb etgan holda bugun Markaziy ta'mirlash mexanika zavodi ishchi-xodimlariga xizmat qiluvchi, to‘liq kapital ta'mirdan chiqarilgan 3-sonli oshxonaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda so‘z olgan OKMK boshqaruvi raisi Abdulla Xursanov, shunday dedi: - Xabaringiz bor, kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnoma yo‘lladi.
Davlatimiz rahbari ushbu Murojaatnomada 2023 yil nomini “Insonga e'tibor va sifatli ta'lim yili” deb e'lon qildi. Bu albatta, bizning ham ushbu sohada boshlagan islohotlarimizni davom ettirishimiz uchun yana bir imkoniyat bo‘ldi. Qolaversa, bu biz olib borayotgan ishlarimizninng ustuvor yo‘nalishi inson ekanligini bildiradi.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida so‘nggi yillarda ishchi-xodimlarning ijtimoiy himoyasi ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylandi. Kombinatning barcha korxonalarida bosqichma-bosqich ish taqsimlash xonalari, oshxonalar, maishiy binolar ta'mirdan chiqarilib, foydalanishga topshirilmoqda. Biz oldimizga qo‘ygan vazifalardan biri ishchilarga munosib va qulay ish sharoitlarini yaratish.
Mana bugun Markaziy ta'mirlash mexanika zavodida ishchilar oshxonasi kapital ta'mirdan chiqarilib, foydalanishga topshirilmoqda.
Tadbir davomida ta'mir ishchilarida ishtirok etgan bir guruh MTMZ hamda Ixtisoslashtirilgan ta'mirlash ishlari boshqarmasi ishchi-xodimlari esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi va ramziy lenta qirqilib, oshxona rasman foydalanishga topshirildi.
“Metallurg” MS ijodiy guruhlari tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.
Oshxonaning ta'mir ishlari joriy yilning avgust oyida boshlangan edi. 4 oy davomida bu yerda eshik-romlardan tortib, barcha jihozlar yangisiga almashtirildi. Bugun 120 o‘ringa mo‘ljallangan oshxonaning birinchi qavatida yangi bufet bunyod etildi. Ishchilarning taomlanishlari uchun zarur bo‘ladigan isitish va suv qaynatish pechlari hamda idishlar bilan ta'minlandi. Ikkinchi qavatidagi 320 o‘ringa mo‘ljallangan oshxona ham zamonaviy holatga keltirildi. Bu yerda ham barcha jihozlar o‘rnatilib, stol stullar, idishlar yangilandi. Yaratilgan bu sharoitlar oshxona xodimlariga kunu tun turli taomlar assortimentini ko‘paytirish va yanada mazali taomlar tayerlashda qulayliklar yaratadi.
Axborot xizmati