Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-sentyabrdagi PQ-3954 sonli qarori asosida “Olmaliq KMK” AJ ning asosiy ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish va barqarorlashtirish dasturi hamda “Olmaliq KMK” AJ ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish va barqarorlashtirish investitsiya loyihasining “YO‘L XARITASI”ga asosan kombinat tarkibiy bo‘linmalarida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Mis boyitish fabrikasining bir qator sex va bo‘linmalariga zamonaviy texnologik uskunalar o‘rnatilayapti.
Jumladan, fabrikaning ma'danlarni yanchish bosqichidagi 23 ta nasos-gidrosiklon moslamalarini almashtirish ishlari rejalashtirilgan edi. Hozirgi kunda Mis boyitish fabrikasi Yanchish va flotatsiyalash sexining VIII seksiyasidagi 23-24-sonli yanchish tegirmonlariga Weir Minerals kompaniyasining avtomatlashtirilgan nasos-gidrosiklon qurilmalarini o‘rnatish ishlari yakunlandi.
Fabrika texnik ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i Shahzod Yuldashevning ma'lum qilishicha, joriy yilning 20-iyulida Yanchish va flotatsiyalash sexining 2-sonli uchastkasidagi tegirmonlariga nasos-gidrosiklonlari o‘rnatilib, laboratoriya sinov ishlariga topshirilgan. Uning afzalliklari shundaki, texnologik jarayonning bir me'yorda ketishi uchun avtomatik tizim orqali amalga oshiriladi. Yanchish jarayonidagi barcha texnologik parametrlar avtomatashtirilgan boshqaruv tizimida boshqariladi. Demak jarayonda inson omili 50-60%ga qisqaradi. Ushbu qurilmalar yanchilgan mahsulotning sinflanish jarayonini avtomatlashtirish hamda flotatsiya jarayoniga kiruvchi -0.074 mm sinf o‘lchami bo‘yicha mahsulot kattaligi rejim ko‘rsatkichlarining 5 % ga yaxshilash (amaldagi 60-61 % dan 65%ga o‘sish) imkonini beradi. Bu esa o‘z navbatida ma'danlarning yuz qismini ko‘proq ochilishiga va undagi minerallarni ajratib olish oshishini ta'minlaydi.
Gidrosiklon nasoslari massalari bir-biridan farq qiladigan mineral donachalarini suv muhitida ajratuvchi uskuna bo‘lib, tuzilishining soddaligi bilan sanoatda keng qo‘llaniladi. Tegirmonlarga o‘rnatilgan ushbu zamonaviy texnologik qurilma yuqori samaradorlikka ega bo‘lib, metallarni ajratib olish ko‘rsatkichlarini ko‘tarish imkoniyatini yaratadi.
Shuningdek, mahsulotning texnologik jarayondagi aylanma harakatini qisqartirish evaziga ishlab chiqarish unumdorligiga erishish ham ko‘zlangan. Natijada, rejim ko‘rsatkichlariga ega mahsulotning flotatsiya jarayoniga berilishi ma'dandan metallarni ajratib olish ko‘rsatkichini rejadan og‘ishlarsiz bajarish imkonini yaratadi. Rejalashtirilgan demontaj va montaj ishlari tufayli belgilangan rejaviy ko‘rsatkichlardan og‘ishlar vujudga kelmasligi uchun Yanchish va flotatsiyalash sexi hamda 2-sonli maydalash va boyitish majmuasining har bir yanchish liniyasida zamonaviy gidrosiklon nasoslari ketma-ketlikda tasdiqlangan ta'mirlash jadvallari asosida o‘rnatilmoqda.
Rejaga ko‘ra, Mis boyitish fabrikasida mavjud bo‘lgan barcha Yanchish tegirmonlariga mazkur nasos-gidrosiklon qurilmalarini o‘rnatish ishlari 2025-yilga qadar amalga oshirilishi belgilab olingan.
Axbort xizmati