• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Zavod yangilanishlar arafasida

11 Oktyabr 2024, 9:52 523

OKMKning 75 yilligiga

“Olmaliq KMK” AJning ishlab chiqarish tizimida muhim ahamiyat kasb etuvchi Ohak zavodi 1961-yilda foydalanishga topshirilgan. Karbonatli jinslarni gorizontal aylanuvchan pechda kuydirish hisobiga so‘ndirilmagan kuydirilgan ohak ishlab chiqarishga asoslangan korxona o‘tgan yillar davomida sharafli tarixiy yo‘lni bosib o‘tdi. Shu o‘rinda korxonada ishlab chiqarish asoslarining o‘rnatilishiga o‘zining beqiyos hissasini qo‘shgan birinchi rahbarlar Ivan Shapavalov, Leonid Medyanskiy, Pardaboy Iskandarov va Ro‘zimuhammad Haydarovlar nomlarini alohida ta'kidlab o‘tish zarur bo‘ladi.

Ohak zavodining tuzilmasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, karbonatli tog‘ jinslarini qazib olish ishlari olib boriladigan “Sovuq-buloqsoy” karyeri, yanchish-saralash bo‘limi, xom ashyolar ombori, kuydirish bo‘limi va tayyor mahsulotlar omborini o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, ishlab chiqarishga xizmat ko‘rsatib keluvchi transformator podstansiyasi, qozonxona, ta'mir ustaxonasi, moddiy-tovar boyliklari omborxonasi, olovbardosh materiallar ombori kabi yordamchi xizmatlar faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan.

Korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning asosiy qismi OKMK boyitish korxonalarida reagent, Mis eritish va Rux zavodi sulfat kislotasi ishlab chiqarishlarida nordon oqovalarni neytrallashtiruvchisi sifatida qo‘llanib kelinadi. Shuningdek, mahsulotlarning ma'lum bir qismi qurilish materiallari hisobida ichki bozorga chiqarib boriladi.

“Sovuq-buloqsoy” karyeri korxonaning karbonatli boyitmalarga bo‘lgan talabini qator yillardan beri ta'minlab kelmoqda. Tog‘ jinslarini qazib olishga tayyorlash ekskavatorlar va tog‘-kon transporti vositalari hamda yanchish uskunalaridan samarali foydalanishning asosiy shartlaridan hisoblanadi. Tog‘ jinslarini qazib olishga tayyorlash burg‘ulash-portlatish ishlari qo‘llanilgan holda amalga oshirib boriladi. Belgilangan konditsiyaviy fraksiyalardagi boyitmalarni qazib olish va zavodga jo‘natish ishlariga karyer boshlig‘i Jonuzoq Sarimsoqov 1997-yildan beri oqilona rahbarlik qilib kelayotganini ta'kidlab o‘tish zarur bo‘ladi. SBU-100 va SBU-100 AG(1) burg‘ulash dastgohlarini tog‘-kon ishlari parametrlari asosida ekspluatatsiya qilib kelayotgan Qahramon Eshonqulov, Ortiqboy Gazayev, Abdibek Ergashev kabi burg‘ulash uskunasi mashinisti va mashinist yordamchilari hamda qazilmalarni o‘z vaqtida transport vositalariga yuklanishini ta'minlab borayotgan EKG-5 ekskavatori mashinistlari Mirahmad Boymatov, Nuriddin Topilov, Abdusaid Usmonov, Ma'ruf Shodievlar karyer yutuqlariga munosib hissa qo‘shib kelishmoqda.

Ohaktoshlarni kuydirishga tayyorlash boshlang‘ich xom ashyolar va oraliq mahsulotlarini yanchish va g‘alvirlash operatsiyalarini o‘z ichiga oladi. Mazkur operatsiyalar SMD-111 jag‘li yanchgichi, KSD-1200B o‘rta yanchgichi va vibratsiyali g‘alvirlarda olib borilishi yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu texnologik operatsiyalar smena ustalari Viktor Pak, Doniyor O‘roqov va Abduhakim Mamatqulovlar rahbarlik qilib kelayotgan texnologik smenalarda yuqori samaradorlikda olib borilayapti. Baxtiyor Tursunov, Ikrom Muzaffarov singari texnolog-ishchilar tomonidan yanchish-saralash bo‘limida kechayotgan jarayonlar muvaffaqiyatli boshqarib borilishi bilan birga yuqori ko‘rsatkichlarni ta'minlab kelayapti.

Texnologik reglament talablariga muvofiq holda yanchilgan materiallar xom ashyolar omboriga uzatib boriladi va u yerdan aylanma pechga kuydirish uchun o‘tkaziladi. Harakatli aylanuvchan pech murakkab texnologik agregatni o‘zida mujassam etib, unda bir qator texnologik jarayonlar kechadi. Mazkur asosiy texnologik qurilma imkoniyatlaridan oqilona foydalangan holda ishlab chiqarish samaradorligiga erishishda Faxriddin Alimqulov, Salimjon Nishonov kabi pech ishchilari alohida g‘ayrat namunalarini ko‘rsatib kelishmoqda.

Korxonaning barcha asosiy va yordamchi uskuna va jihozlari barqaror faoliyatini ta'minlash maqsadida rejali oldini olish ta'mir jadvallari asosida ekspluatatsiyaviy-ta'mir ishlari izchillikda olib borilayotgani ham o‘z samarasini bermoqda. Ayni kunlarda yangi ikkinchi liniya pechini qurish ishlari jadallikda olib borilayapti. Ushbu pech ishga tushirilishi bilan qo‘shimcha ravishda sutkasiga 240 tonna miqdorida ohak ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. Ikkinchi liniya pechini ohaktosh bilan ta'minlash maqsadida “Sovuq-buloqsoy” karyeri hududini kengaytirish ishlari amalga oshirilayapti. Bu borada yangi loyiha ishlab chiqilmoqda. Barcha ishlab chiqarish uskunalarining bir maromda ishlashi va o‘z vaqtida rejaga muvofiq ta'mirlanishi, tabiiy resurslarni iqtisod qilinishi va yangi qurilayotgan ikkinchi liniya pechining qurilish ishlarida faol qatnashayotgan korxonaning bosh muhandisi Zikrilla Xolmirzayev hamda yetakchi muhandis-xodimlar Sobirjon Isoqov, Akrom Raimqulov, Alimardon Umaraliyev, Jo‘rabek Jiyanovlarning o‘rni beqiyosdir.

Yilning o‘tgan to‘qqiz oyi natijalariga nazar tashlaydigan bo‘lsak, zavodimiz jamoasi tomonidan 94980 m3 miqdorida ohaktosh qazib olinib, 65160 tonnadan ziyod kuydirilgan so‘ndirilmagan ohak ishlab chiqarildi va iste'molchilarga jo‘natilishiga muvaffaq bo‘lindi. Bu kabi natijalar Ohak zavodi jamoasi OKMKning 75 yilligini munosib tarzda qarshi olayotganidan dalolat beradi.

Abduqahhor Qo‘shaqov,

Ohak zavodi boshlig‘i

Bo`lishmoq:
Text to speech