Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Zavodda 3-MBF uchun elak seksiyalari qolipi ishlab chiqarilmoqda

09 Sentyabr 2026, 8:5 152

Dunyoda sodir boʻlayotgan geosiyosiy o‘zgarishlar davrida har bir davlat o‘z iqtisodiy mustaqilligi va barqarorligini ta’minlashga intilmoqda. Ushbu maqsadga erishishning eng samarali mexanizmlaridan biri bu sanoatda mahalliy hom ashyo va resurslarning ulushini oshirishdir. Mahalliylashtirish shunchaki import o‘rnini bosish emas, balki mamlakat ichida raqobatbardosh ishlab chiqarish zanjirlarini yaratish, innovatsiyalarni joriy etish va milliy resurslardan oqilona foydalanish strategiyasidir. Ta’kidlash kerakki, bu borada OKMKda ham salmoqli loyihalar amaliyotga tadbiq etilmoqda. Xususan, bugungi kunda Markaziy taʻmirlash mexanika zavodida yangi 3-Mis boyitish fabrikasining gʻalvirlagichlari uchun 12x12 oʻlchamdagi elak seksiyalari qolipi tayyorlanmoqda.

MTMZ Mexanika yigʻuv sexi Asbobsozlik termik ishlov berish boʻlimi boshligʻi Botir Mambetovning maʻlum qilishicha, zavodda 2026-yil uchun mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha 306 mlrd 368 mln so‘mlik 166 turdagi mahsulotlar ishlab chiqililishi rejalashtirilgan. Joriy yilning o‘tgan 7 oyida esa dastur doirasida 155 mlrd 813 mln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan.

E’tiborli jihati sexda dastur doirasida 3-Mis boyitish fabrikasida qo‘llaniladigan gʻalvirlagichlar uchun elak seksiyalari qolipi ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Mazkur ehtiyot qism avvallari Janubiy Afrika davlatidan keltirilgan bo‘lib, ushbu mahsulotni ishlab chiqarish natijasida importga bo‘lgan ehtiyoj kamaydi, xarajatlar optimallashtirildi, mahsulot yetkazib berish va ta’mirlashga ketadigan vaqt qisqartirildi. Ushbu mahsulot ishlab chiqarish yuz foiz mahalliylashtirildi.

Mexanika yigʻuv sexi Asbobsozlik termik ishlov berish boʻlimda bir oy davomida 166 ta elak seksiyalari qolipi tayyorlanib ular muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazilgach yana 750 ta shunday detalni yasash ishlari boshlab yuborildi. Mazkur mahalliy qurilma Germaniyadan keltirilgan zamonaviy besh oʻqli hamda Xitoyning 3 oʻqli frezerlash dastgohlari yordamida yasalmoqda. Bu esa metalga ishlov berishda yuqori aniqlikdagi mikron o‘lchamlarini ta’minlash va bir marta sozlash orqali sifatli mahsulot tayyorlash imkonini bermoqda.

Bugungi kunda MTMZning Mexanika yigʻuv sexi Asbobsozlik termik ishlov berish boʻlimida 50 ga yaqin turdagi import mahsulotlarni ishlab chiqarish oʻzlashtirilib, har oy toʻrt tonnagacha tayyor detallar tayyorlanmoqda. Kelgusida mahalliylashtirish loyihalari koʻlamini kengaytirish va bu orqali kombinatning ichki sanoat kooperatsiyani yangi bosqichga olib chiqish rejalashtirilgan.

 Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech