• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMK: Mega loyiha ijrosi - Yangi metallurgiya majmuasi

25 Aprel 2024, 16:39 688

Bugun OKMK Axborot xizmati tomonidan “OKMK: Mega loyiha ijrosi - Yangi metallurgiya majmuasi”  mavzusida press-tur va matbuot anjumani tashkil etildi.

Tadbirda xorijiy, Respublika va mahalliy OAV vakillari ishtirok etishdi.

Dastlab, “Yoshlik-1” konini o‘zlashtirish” investitsiyaviy loyihasi doirasida barpo etilayotgan yangi metallurgiya majmuasi haqida OAV vakillariga to‘liq ma'lumot berish maqsadida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Hozirgi paytda 2030-yilgacha kombinatni rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlanib, amalga oshirilmoqda. Ushbu konsepsiyadagi investitsiya portfelining qiymati 15,0 mlrd dollarni tashkil etadi. Uning doirasida “Yoshlik-1” konini o‘zlashtirish va 3-Mis boyitish fabrikasini qurish olib borilmoqda. Shuningdek, yangi metallurgiya majmuasini loyihalashtirish va qurish ishlari boshlangan, - deydi  matbuot anjumanida OKMK boshqaruvi raisi Abdulla Xursanov. - Mazkur loyiha O‘zbekiston tarixidagi eng yirik investitsiya loyihalaridan biridir. Uning amalga oshirilishi natijasida kombinatning ishlab chiqarish quvvati bir necha barobarga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Bu o‘z navbatida respublika yalpi ichki mahsuloti hajmi o‘sishiga ham xizmat qiladi. Loyihani amalga oshirish natijasida kombinat bo‘yicha mis ishlab chiqarish 2 barobarga ortadi. Yillik mis ishlab chiqarish quvvati 300 ming tonna bo‘ladi. Bundan tashqari, muhim jihat texnologik zararli gazlarni ushlab qolish darajasi 30 foizga ortadi. Loyihaning amalga oshirilishining dolzarbligi shundaki kombinatda chiqariladigan mis katodi mamlakatimiz elektrotexnika sanoati korxonalari uchun asosiy xomashyo hisoblanadi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev bekorga mis klasteriga e'tibor qaratmayapti. Mis katodini ishlab chiqarish quvvatlarini oshirilishi, kabel, mis quvurlari, mis folgasi, mis fitinglari kabi tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlarini oshirishiga ham xizmat qiladi. Bu esa o‘z navbatida, xom-ashyoni respublikaning o‘zida qayta ishlab, qo‘shimcha qiymatga ega yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishini ta'minlab, mamlakatimiz iqtisodiy qudrati rivojiga salmoqli ulush qo‘shadi.

Tadbirda OAV vakillariga yangi metallurgiya majmuasi bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Taqdimotda OKMK Investitsiyalar departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Obid Jonsaidovning ta'kidlashicha, kombinatning mavjud Mis eritish zavodining yillik ishlab chiqarish quvvati 148,5 ming tonna mis katodini  tashkil etadi. Yangi barpo etilayotgan 3-Mis boyitish fabrikasidan chiqadigan konsentratdan mis katodini olish uchun mavjud quvvatlar yetarli emasligini inobatga olib, metallurgiya majmuasi quvvatlarini kengaytirish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, hozirda respublika bo‘yicha sulfat kislotasiga talab yiliga 1,8-1,9 mln tonnaligini hisobga oladigan bo‘lsak yangi metallurgiya kompleksining barpo etilishi naqadar muhim ahamiyat kasb etishini bildiradi. Shuningdek, mineral o‘g‘itlar ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun ham sulfat kislotasi asosiy xomashyo hisoblanadi va hozirda yiliga o‘rtacha 1 mln tonnaga yaqin sulfat kislotasi ist'emol qiladi.

Yana bir diqqatga molik jihat, oltin ishlab chiqarishni 1,7 barobarga, kumushni esa 1,3 barobarga ortishi respublika oltin-valyuta zaxiralarini ko‘payishiga, zargarlik sanoati korxonalari rivojlanishiga xizmat qiladi.

Shu sababdan, respublikaning elektrotexnika, zargarlik, kimyo va uran sanoati korxonalari quvvatlarini oshirish, respublika yalpi ichki mahsulot hajmini ko‘paytirish hamda oltin-valyuta zaxiralarini oshirish uchun kombinatda metallurgiya kompleksi quvvatlarini kengaytirish katta ahamiyatga ega.

Loyihani amalga oshirish uchun dunyoning yetakchi “HATCH” (Kanada) mustaqil konsalting kompaniyasi jalb qilinib, yangi metallurgiya kompleksi qurilishining xalqaro talablarga javob beradigan dastlabki texnik-iqtisodiy  asosi ishlab chiqildi.

Dastlabki texnik-iqtisodiy asosni ishlab chiqishning birinchi bosqichida metallurgiya kompleksining eng asosiy qismi – misni eritish va konverterlashning dunyodagi mavjud ilg‘or texnologiyalar o‘rganildi va eng maqbul texnologiya sifatida Flash Smelting-Flash Converting tanlandi.

Shuningdek, HATCH tomonidan taqdim qilingan ma'lumotlarga muvofiq, sulfat kislotasini ishlab chiqarishning eng ilg‘or texnologiyasi sifatida “Lurec” ko‘rsatilgan bo‘lib, ushbu taklif ma'qullandi.

“Flash Smelting – Flash Converting” texnologiyasi litsenziari Finlyandiyaning “Metso” kompaniyasi jalb qilinib, yangi metallurgiya kompleksini qurish bo‘yicha bazaviy injiniring ishlab chiqildi.

Bazaviy injiniring doirasida, metallurgiya kompleksining eng asosiy ob'yektlari: mis eritish agregatlari, sulfat kislotasi sexi, mis elektrolizi sexi, shlaklarni boyitish fabrikasi, konsentrat saqlash va tayyorlash ombori, loyihalashtirildi. Asosiy texnologik yechimlar aniqlandi.

Mazkur loyihaning amalga oshirilishi natijasida ko‘plab yangi ish o‘rinlarini ham yaratilishini alohida ta'kidlash joiz.

Press-tur ishtirokchilarining navbatdagi manzili yangi barpo etilayotgan 3-mis boyitish fabrikasi bo‘ldi.

Hozirda “Yoshlik-1” konini o‘zlashtirish va 3-Mis boyitish fabrikasini qurish doirasida yiliga 60 mln tonna ma'danni qazib olishga kon to‘liq tayyorlandi. Buning uchun 183 mln kub metr bo‘sh tog‘ jinslari qazib olindi. Natijada, hozirda kon uzunligi 4,0 km, eni 3,5 km va chuqurligi 90 metrga yetgan. Boshqa fabrikalardan farqli o‘laroq, konning o‘zida ma'danlarni birinchi maydalash-yuklash qurilmasi barpo etildi.

Ayni paytda 3-Mis boyitish fabrikasining ishlab chiqarish bo‘linmalari uchun zarur bo‘lgan barcha texnologik uskunalar qurilish maydoniga olib kelinib, montaj ishlari olib borilmoqda.

Hozirda mazkur ob'yekt qurilishida 23 ming quruvchi va 500 dan ortiq maxsus texnika ishlamoqda.

Press-tur ishtirokchilari shuningdek, 2023-yilning oxirida foydalanishga topshirilgan “Tukket” raqamli transformator podstansiyasi faoliyati bilan ham tanishdilar.

500\110\10 kV kuchlanishli ushbu raqamli podstansiya “Yoshlik-1” konini o‘zlashtirish loyihasi” doirasida barpo etilib, u 3-Mis boyitish fabrikasi hamda “Yoshlik-1” va “Qalmoqqir” konlarini elektr energiyasi bilan ta'minlaydi. E'tiborlisi, mazkur podstansiya nafaqat O‘rta Osiyoda, balki Mustaqil Hamdo‘stlik Davlatlari ichida birinchi va yagona hisoblanadi.

Press-tur davomida OAV vakillari yangi metallurgiya majmuasi haqida batafsil ma'lumotga ega bo‘lishdi.

Tadbir haqida bir qator jurnalistlarning fikr-mulohazalarini bildirib o‘tishdi.

Abdulaziz Musayev, O‘zA muxbiri: OKMK Axborot xizmati tomonidan tashkil etiladigan press-turlar doim qiziqarli va tog‘-kon sanoati sohasidagi yangiliklarga boy bo‘lishi bilan ahamiyatli. Bu gal ham biz bunga yana bir bor guvoh bo‘ldik. Xususan, Yangi metallurgiya kompleksi, 3-Mis boyitish fabrikasi doirasidagi qurilish jarayonlari bilan tanishdik. Taassurotlar juda zo‘r. Bundan bir necha yil oldin bu joyga kelganimda ilk sa'y-harakatlar qilinayotgan edi. Soha zahmatkashlari tufayli bu yerdagi qurilish ishlarning salmog‘i ancha kengayibdi. O‘ylaymanki, mazkur investitsiyaviy loyihalar yurtimiz, xalqimiz farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

- Otabek Qo‘ldoshev, daryo.uz internet nashri muxbiri: Kombinatda tashkil etiladigan har bir press-turda ko‘plab yangiliklarga ega bo‘lamiz. Bugungi tadbirda ham mega loyiha doirasida barpo etilayotgan yangi metallurgiya majmuasi bo‘yicha to‘liq ma'lumot oldik. Ayniqsa, OKMK rahbariyatining to‘g‘ridan to‘g‘ri jurnalistlar bilan muloqotga kirishib, loyiha haqida ma'lumot berishi o‘ylaymanki, OAV vakillarida kombinat va amalga oshirilayotgan investitsiyaviy loyihalar xususida to‘g‘ri,  xolis axborot shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Yurtimizda faoliyat yuritayotgan aksariyat sanoat korxonalari ham shu tartibda ishlasa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Jurnalistlar aniq va  yetarli ma'lumotlarni axborotlarni olsagina jamoatchilikka axborotni to‘g‘ri, xolis yetkazib berishga  qodir bo‘ladi. Agar jurnalistni qo‘lida aniq ma'lumotlar bo‘lmasa, mas'ullar tomonidan aniq raqamlar taqdim etilmasa nafaqat jurnalist balki aholi ham chalkashadi, noaniqliklar kelib chiqadi. OKMKning jurnalistlarga ochiqligini, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqatga kirishishini qadrlayman.  

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech