• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“Olmaliq KMK” AJ: 2022-yil sarhisobi va 2023-yilga belgilangan vazifalar

31 Mart 2023, 8:32 1547

Joriy yilning 30-mart kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida OKMK Axborot xizmati tomonidan “Olmaliq KMK” AJ: 2022-yil sarhisobi va 2023-yilga belgilangan vazifalar” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda OKMK Boshqaruv raisining iqtisodiyot, moliya va transformatsiya bo‘yicha o‘rinbosari Feruza Xamidova, bosh muhandisning texnologiyalar bo‘yicha o‘rinbosari - Texnik bo‘lim boshlig‘i Abduqahhor  Saynazarov, Ijtimoiy ob'yektlar boshqarmasi boshlig‘i v.b. Kamola Umaraliyeva hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.

- 2022-yil boshida elektr ta'minoti tizimida blekaut tufayli 25-yanvardan 28-yanvargacha to‘liq to‘xtalishi, yarim mahsulot ishlab chiqarishga salbiy ta'sir ko‘rsatdi. Tezkor ravishda ko‘rilgan choralar evaziga, birinchi navbatda eng muhim uchastkalarga elektr tokini yetkazish, shuningdek, ichki zahiralarining ishga tushirilishi hisobiga sotiladigan mahsulotlar ishlab chiqarish ta'minlandi. Jumladan, mis katodi ishlab chiqarish rejasi (148,5 ming tonna) 100 %ga, mis simi, emallangan sim, mis kuporosi rejasi 100 %ga bajarildi. Qimmatbaho va nodir metallar bo‘yicha reja ko‘rsatkichlari ortig‘i bilan bajarilishiga erishldi. Xususan, oltin va kumush ishlab chiqarish vazifasi mos ravishda 100,3 %ga, ammoniy perrenati 132,4 %ga, selen (34,5 tonna), tellur (2,8 tonna) 100,0%ga, palladiy kukuni rejasi 183,9 %ga bajarilgan, - deydi Abduqahhor  Saynazarov. -2022-yilda rux metalli ishlab chiqarish 90,0 ming tonnani tashkil qilib, rejaviy vazifa 100,0%ga bajarildi. 111 111 tonna sulfat kislotasi ishlab chiqilib, reja 107,8%ga, 478 tonna kadmiy metalli tayyorlanib, reja 105,5%ga  bajarilishiga erishildi.

Jahon bozorida 1 kg molibdenning narxi 22 dollardan 70-100 dollargacha ko‘tarilishini inobatga olib 2023-yilda molibden ishlab chiqarish quvvatlarini 800 tonnadan 1200 tonnaga ko‘paytirish loyihasi amalga oshirilayapti. Mazkur vazifani ijrosini ta'minlash maqsadida Mis eritish zavodining Kamyob metallar ishlab chiqarish sexi kengaytirilmoqda. Ayni kunlarda ushbu sexdagi mavjud 4 ta pechga qo‘shimcha yana 2 ta pech qurilmoqda.

Shuningdek, mis va rux ishlab chiqarishdan hosil bo‘ladigan tashlanma eritmalardan qo‘shimcha noyob metallar ajratib olish bo‘yicha ilmiy izlanishlar natijalarini joriy qilish rejalashtirilgan.

2023-yilda Rux zavodi jamoasi tomonidan 92,0 ming tonna rux metalli, 105,6 ming tonna sulfat kislotasi, 470 tonna kadmiy metalli ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Bugungi kunda asosiy vazifa – yanvar oyidagi anomal sovuqda yo‘lga qo‘yilgan qoloqliklarni bartaraf qilish va zaxiralarni safarbar qilib, rejalashtirilganidan ortiq mahsulot ishlab chiqarish.

OAV vakillarini 2022-yil yakunlari bo‘yicha Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining moliyaviy-iqtisodiy faoliyati bo‘yicha tanishtirgan Feruza Xamidova quyidagi ma'lumotlarni taqdim etdi. Xususan, tayyor mahsulotlar sotishdan tushgan tushum 30,5 trln so‘mni tashkil etib, Biznes-reja 108,2%ga bajarilgan.

O‘tgan yil yakuni bo‘yicha sof foyda 6,7 trln so‘mni yoki prognozga nisbatan 114,6%ni tashkil etdi. Bunda mahsulot ishlab chiqarish rentabelligi 21,8%ni tashkil etdi.

2022-yilda yer qa'ridan foydalanganlik uchun soliq stavkasini 15%dan 10%gacha, foyda solig‘i stavkasini 75%dan 50%gacha pasaytirilishiga qaramasdan, davlat byudjetiga 18,4 trln so‘m yoki o‘tgan yilga nisbatan 2,6 trln so‘mga ko‘proq to‘lovlar amalga oshirildi. Shu jumladan 8,5 trln so‘m dividend to‘landi.

Qayd etish joizki, kombinat tomonidan soliq to‘lovlari davlatimiz byudjetining qariyb 10%ni tashkil etib, soliq to‘lovchi korxonalar ro‘yxatida 2-o‘rinni egallaydi. Shu bilan birga byudjetdagi ulushi yildan-yilga ortib bormoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2021-yil 22-dekabr kuni Olmaliq shahridagi yirik sanoat korxonalari va ijtimoiy soha ob'yektlariga tashrifi davomida berilgan topshiriqlariga asosan 2022-yilda kombinatda mahsulot tannarxini pasaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirilishi hisobiga xarajatlar 418 mlrd so‘m yoki 3,8 foizga iqtisod qilinishiga erishildi.

Hisobot davrida kombinat tomonidan 947,5 mln dollarlik mahsulotlar eksport qilinib, prognoz 110,8%ga bajarilishi ta'minlandi.

Bundan tashqari, 2022-yilda OKMKda ishlab chiqarilgan mis konsentratlari iborat birinchi konteyner blok poezdi Bolgariyaning Burgas shahriga yuborildi.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan 2023-yilga belgilangan barcha ustuvor vazifalar bajarilishi ta'minlanmoqda.

Xususan, joriy yilning yanvar oyida kuzatilgan anomal sovuqlarga qaramay, I choragi yakunlari bo‘yicha hajmi 6,8 trln so‘mlik tovar mahsuloti ishlab chiqarilib, prognoz 100,0%ga bajariladi.

I chorak yakunlari bo‘yicha sof foyda 1,4 trln so‘mni yoki prognozga nisbatan 100,1%ni tashkil etadi. Byudjetga 2,6 trln so‘m to‘lovlar amalga oshirilib, prognoz 144,8%ga bajariladi.

Shuningdek, kombinat tomonidan 174,4 mln dollarlik mahsulotlar eksport qilinib, prognoz 100,2 foizga bajarilishi ta'minlandi.

Investitsiya dasturiga kiritilgan 4ta loyiha doirasida 112,2 mln dollar yoki prognozga nisbatan 119,0% mablag‘lar o‘zlashtiriladi.

Alohida ta'kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati tomonidan Kombinatni rivojlantirish va isloh qilish bo‘yicha qabul qilingan qarorlari tufayli xalqaro kapital bozorlariga chiqish hamda xalqaro moliya institutlari va horijiy banklarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri horijiy kreditlarini mustaqil ravishda jalb qilish imkoniyatlarini bermoqda.

Kombinatni xalqaro fond bozorlariga chiqishga tayyorlash uchun Kombinat tomonidan 2019-yilda maslahatchi sifatida “katta to‘rtlik”ka kiruvchi KPMG xalqaro auditorlik kompaniyasi jalb qilingan. KPMG bilan birgalikda 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan to‘rt bosqichli “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan bo‘lib, unda kombinatni korporativ boshqaruv, IT texnologiyalar, xaridlarni boshqarish, sanoat xavfsizligi, energiya menejmenti, ekologiya siyosati va hokazolar aks ettirildi. Bugungi kunga kelib ushbu chora-tadbirlarning aksariyat qismi bajarildi.

Kombinat tomonidan 2019-2021 yillar uchun moliya hisobotlari xalqaro standartlari (MHXS) asosida hisobotlar tayyorlandi va “Ernst & Young” xalqaro kompaniyasi tomonidan audit o‘tkazildi. Maslahatchilar bilan birgalikda hisob siyosati MHXSga muvofiq yangilandi.

Kombinat “S&P Global Ratings” agentligidan “Barqaror” bashorati bilan “B+” korporativ va  “Fitch Ratings” agentligi kombinatga “Barqaror” bashorati bilan “BB-“ reytinglar olindi.

Kombinatga investorlarning e'tibori ortayotgani, iste'molchi va xaridorlarning talab ko‘rsatkichlari o‘zgarib borayotgan hozirgi paytda - “ESG” (Environment, Socials, Governance) atrof-muhit, ijtimoiy va boshqaruv faktorlari tizimiga asoslangan hisobotlarni e'lon qilish zaruriyatiga aylanib bormoqda.

Shu tufayli 2021-yilda “KPMG” bilan birgalikda 2020-2021 yillar yakunlariga ko‘ra Barqaror rivojlanish to‘g‘risidagi hisobot (ESG) tayyorlandi.

Hozirda 2022-yil uchun barqaror rivojlanish to‘g‘risida hisobot tayyorlamoqda va ushbu hisobotning “katta to‘rtlik”ga kiruvchi kompaniya tomonidan audit qilinganidan so‘ng e'lon qilinadi.

Bundan tashqari, “Pricewaterhousecoopers” MChJ yordamida ESG reytingini olish, kombinatning ESG profilini yaxshilash va ESG tamoyillarini boshqaruv tizimiga joriy qilish bo‘yicha ishlar boshlanib, “yo‘l xarita”si ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, mis ishlab chiqarish zanjiri uchun parnik gazlarini xalqaro talablar asosida hisob-kitob qilish ham yo‘lga qo‘yilmoqda.

“Ernst & Young” MChJ bilan birgalikda 2022-yil uchun Moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlari asosida audit o‘tkazilmoqda va auditorlik xulosasi olinishini ta'minlanadi.

“Pricewaterhousecoopers” MChJ bilan birgalikda “Olmaliq KMK” AJda operatsion samaradorlikni oshirish, tahlil qilish, tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqish, joriy qilishga ko‘maklashish va xodimlarning malakasini oshirish loyihasi doirasida biznes jarayonlar diagnostikasi o‘tkazilishi boshlanib ishlar jadal ketmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-102-son qarori asosida “Olmaliq KMK” AJning 2 foiz aksiyalari sotilishi belgilangan. Prezident qaroriga muvofiq jamiyat aksiyalari “bitta aksiya – bitta lot” tamoyili asosida elektron platformasida savdoga chiqarilishi rejalashtirilgan.

Mutaxassislar ta'kidlaganidek, “Olmaliq KMK” AJ aksiyalarini sotib olish bu foydali mulk egasiga aylanish demakdir. Aksiyador nafaqat jozibador dividendlar olishi (eng kamida 30 foiz) balki ushbu tashkilotga egalik qilishi, uni boshqarishda ishtirok etish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati nafaqat ishlab chiqarishda faol balki ijtimoiy sohani qo‘llab-quvvatlash borasida ham ko‘plab ishlarni amalga oshirib keladi.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati nafaqat ishlab chiqarishda faol balki ijtimoiy sohani qo‘llab-quvvatlash borasida ham ko‘plab ishlarni amalga oshirib keladi. Bu haqda Kamola Umaraliyeva OAV vakillarini xabardor qildi.

Jumladan, 2022-yil mart oyida kombinat homiyligida Toshkent viloyati Shovg‘oz qishlog‘ida 120 o‘rinli yangi maktabgacha ta'lim ob'yekti qurildi. Ushbu ob'yekt qurilishiga 5,7 mlrd so‘m mablag‘ sarflandi.

May oyida esa “BAHOR” mehmonxonasining 102 kishilik yangi korpusi foydalanishga topshirildi. Ushbu ob'yektning qurilishiga 31,4 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Iyul oyida 6,8 mlrd so‘mga 290 o‘rinli maktabgacha ta'lim ob'yekti mukammal ta'mirlandi.

Oktyabr oyida Namangan viloyati Chodak qishlog‘ida 250 ish o‘rniga ega yangi tikuv fabrikasi foydalanishga topshirildi.

Shu oyda kombinat ishchi-xodimlari va ularning oila a'zolari dam olishlari uchun Toshkent viloyatidagi 126 o‘rinli “Moviy tog‘lar” dam olish sihatgohi foydalanishga topshirildi.

2022-yilning iyun oyida sodir bo‘lgan kuchli yog‘ingarchilik tufayli suv toshqini yuzaga kelishi natijasida talofat yetgan Bo‘ka tumanidagi “Toshloq” va “Istiqbol” mahallalaridagi 19 ta xonadonlarni tiklash ishlariga ham OKMK homiylik yordamini ko‘rsatgan.

2022-yilning oxirida Ijro apparati binosi uchun 602 kVt/soatlik yangi fotoelektrik stansiya foydalanishga topshirildi. Bu esa elektr energiyasini tejash imkoniyatini yaratadi.

Bundan tashqari, OKMK Toshkent viloyati “Nuroniylar maskani” qurilishiga 2 mlrd so‘mlik xomiylik yordamini amalga oshirdi.

Hozirda kombinat homiyligida Olmaliq shahridagi Tibbiyot birlashmasi qoshidagi shartnomaviy poliklinika va tug‘ruq kompleksining rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Ushbu ob'yektlarning rekonstruksiya ishlariga umumiy hisobda kombinat tomonidan 23 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.

Shuningdek, OKMK Ijtimoiy ob'yektlar boshqarmasi tarkibida 16 ta maktabgacha ta'lim tashkiloti, 5 ta bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari, “Metallurg” madaniyat saroyi,  Sanatoriy-profilaktoriy, “Oltin olma” pansionati, “Bolajon” bolalar bog‘i, “Delfin” akvaparki, “Bahor” mehmonxonasi, “Nuroniy” pensionerlar uyi, OKMK sport majmuasi, “Moviy tog‘lar” dam olish maskani, Sport texnik klubi va boshqa ob'yektlar faoliyatlari yo‘lga qo‘yilgan.

Hozirda yana bir 280 o‘rinli 33-sonli maktabgacha ta'lim tashkilotida qurilish ta'mirlash ishlari olib borilyapti va 1-iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, ayni vaqtda kombinat tomonidan respublikamizning turli hududlarida joylashgan jami 1600 o‘rinli 5ta Bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarimizni yozgi mavsumga tayyorlash ishlari boshlab yuborildi.

Ayni vaqtda Respublika va xalqaro miqyosdagi turli sport musobaqalariga mezbonlik qilib kelayotgan muhtasham “OKMK” sport majmuasida ta'mirlash ishlari olib borilmoqda va yozgi mavsumida sport kompleksi o‘z faoliyatini qayta boshlaydi.

Tadbir davomida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob olishdi.

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech