Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida transformatsiya jarayoni

07 May 2025, 17:21 2027

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida OKMK Axborot xizmati tomonidan “Olmaliq kon metallugiya kombinatida transformatsiya jarayoni” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tadbirda Raqamlashtirish departamenti direktori v.b. Aziz Roziqulov, Transformatsiya, ESG va xalqaro reytinglar loyiha ofisining Barqaror rivojlanish bo‘limi (ESG) boshlig‘i Rustam Ahmedov hamda Transformatsiya bo‘limi boshlig‘i Xurshid Turdialiyev va OAV vakillari ishtirok etishdi.

Matbuot anjumanida OKMKda transformatsiya jarayoni bo‘yicha to‘liq ma'lumot berildi. Unga ko‘ra ayni paytda kombinatda transformasiya jarayoni moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o‘tish, Strategiya va operatsion samaradorlik, Korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish, Barqaror rivojlanish (ESG), Raqamlashtirish kabi  yo‘nalishlarda amalga oshirilmoqda.

OKMK nafaqat samarali, balki uzoq muddatli istiqbolda barqaror va raqobatbardosh bo‘lishi uchun korxonada Transformatsiya, ESG tartibi va xalqaro reytinglar loyiha ofisi tashkil etildi. Ushbu jamoa shaffof hisobotdan tortib strategik rejalashtirishgacha bo‘lgan eng yaxshi jahon amaliyotlarini joriy etish uchun mas'ul hisoblanadi.

2019-yildan boshlab kombinat moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari - biznes uchun butun dunyoda tan olingan qoidalar bo‘yicha hisobot yuritadi. Ushbu standartlarni joriy etishga Ernst & Young, Deloitte kabi auditorlik kompaniyalari ko‘maklashdi. Bu OKMKga S&P ("B+") va Fitch ("BB-" barqaror prognoz) xalqaro kredit reytinglarini olish, shuningdek, vositachilarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri xalqaro banklardan moliyalashtirishni jalb qilish imkonini berdi. Natijada OKMK 2,3 milliard dollar kredit mablag‘larini jalb qildi va 125 million dollar moliyaviy xarajatlarni iqtisod qildi.

Shuningdek, kombinat 56 ball bilan Sustainable Fitch tomonidan uchinchi darajali ESG reytingga ega bo‘ldi. Bu O‘zbekistondagi tarmoq korxonalari orasida eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Kombinatda korrupsiyaga qarshi kurashish va xaridlar shaffofligiga ham alohida e'tibor qaratilib, KPMG tomonidan audit o‘tkazildi. Bu o‘z navbatida samaradorlikni oshirish yo‘llarini aniqlab berdi. PwC Central Asia and Caucasus kompaniyasi kondan metallurgiya zavodigacha bo‘lgan butun "mis zanjiri"ni baholadi va ishlab chiqarishni optimallashtirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi"ni yaratishga ko‘maklashdi. Ernst&Young kompaniyasi komplaens va moliyaviy barqarorlik bo‘yicha maslahatlar berdi.

Hozirda OKMK "mas'uliyatli mis ishlab chiqaruvchi" sifatida The Copper Mark xalqaro sertifikatlashdan o‘tmoqda. Bu mahsulotlarning Yevropa bozorida raqobatbardoshligini ta'minlaydi va ekologik yo‘naltirilgan investitsiyalarni ko‘proq jalb qilish imkonini beradi.

Shuningdek, tadbirda kombinatda raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ma'lumot berildi.

- Masalan, buxgalteriya va moliyaviy hisobotlar endi 1S:ERP tizimi orqali avtomatik tarzda shakllantiriladi - bu hujjatlarni tayyorlash vaqtini deyarli ikki barobarga qisqartirdi.

Ombor, yoqilg‘i va tarozi hisoblar avtomatlashtirilgan. Misol uchun, Mis boyitish fabrikasida 99,8 foiz aniqlikdagi raqamli tarozilar o‘rnatilgan. Shuningdek, kombinatda yonilg‘i-moylash materiallarini boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimi doirasida umumiy hajmi 4,5 ming kub.m bo‘lgan 34 ta rezervuar, 15 ta yonilg‘i quyish shaxobchasi va 26 ta yonilg‘i tarqatish mashinalari yordamida iste'molchilarni yonilg‘i-moylash materiallari bilan ta'minlash jarayoni onlayn tarzga o‘tkazildi. Natijada haydovchilar ID karta yordamida operatorsiz yonilg‘i quyish, korrupsiya holatlarini oldini olish, xizmat ko‘rsatish vaqti 3 barobarga qisqarib, jami 6,4 ming tonna (89 mlrd so‘m) dizel yonilg‘isi tejab qolindi.

Hozirgi kunda tobora ommalashib borayotgan sun'iy intellekt texnologiyalaridan ham kombinatda samarali foydalanib kelinayapti. Xususan, sun'iy intellekt tizimlarini rivojlantirish va axborot xavfsizligini oshirish maqsadida “Qalmoqqir” va “Yoshlik-I” konlarida kon-transport boshqaruv tizimi doirasida ma'dan o‘lchamlarini, ekskovator kovshining tishlarini nazorat qilish hamda haydovchilarning charchoqlarini kuzatish funksionallari ishga tushirildi. Bundan tashqari, Mis boyitish fabrikasida ma'danni boyitish jarayonida video analitika Mashina ko‘z nazorati pilot loyihasi joriy etilmoqda. Natijada metallarni ajratib olishni barqarorlashtirish va reagent nisbiy sarfini optimallashtirish 2 foizga erishiladi,

Bir so‘z bilan aytganda Raqamlashtirish kombinatga yiliga 9,1 milliard so‘m iqtisodiy samara bermoqda, - deydi “Olmaliq KMK” AJ Raqamlashtirish departamenti direktori v.b. Aziz Roziqulov.

Tadbirda OAV vakillari mas'ullardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga to‘liq javob olishdi.

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech