Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Bugun OKMK Axborot xizmati tomonidan “Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida yil dasturi ijrosi” mavzusida press-tur tashkil etildi.
Nodir metallar va qattiq qotishmalar ilmiy ishlab chiqarish birlashmasida o‘tkazilgan press-turda BBC teleradiokompaniyasi(Buyuk Britaniya), Atameken Business Media Holding telekanali, “Xabar” agentiligi(Qozog‘iston), KNIA “Kabar” agentligi(Qirg‘iziston), “Szinszi Jibao” gazetasi, “Sinxua” agentligi (Xitoy), “Sputnik” hamda “Fergana”(Rossiya) axborot agentliklari vakillari va yurtimiz OAVlari ishtirok etishdi.
Dastlab, OAV vakillari uchun birlashma faoliyati va 2022-yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.
- Birlashma OKMK tarkibidagi eng muhim tarkibiy bo‘linma sanalib, unda molibden va volfram metalli, tuzlari, molibden hamda volfram shtabiklari va briketlari, volfram karbidi, olovbardosh keramik mahsulotlar, qattiq qotishmalardan tayyorlangan mahsulotlar ishlab chiqariladi,- deydi birlashma direktori Ilhom Asadov. - Korxonada ishlab chiqarilgan mahsulotlar asosan eksportga yo‘naltirilgan. Birlashma tomonidan 2022-yil yanvar-dekabr holatiga ko‘ra, 33,3 mln. dollarlik mahsulot eksport qilingan. Ichki bozorga esa 29,18 mlrd so‘mlik mahsulot yetkazib berilgan. Kombinat tarkibiy bo‘linmalariga esa 1,09 mlrd so‘mlik mahsulot yuborilgan. 2022-2026 yillarda birlashmani rivojlantirish dasturiga ko‘ra, umumiy qiymati 161,05 mln dollar bo‘lgan 34 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan.
Dasturga ko‘ra, 2022-yilda Molibden ishlab chiqarishni oshirish, Nodir metallardan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish, Yemirilishga bardoshli qoplamalar qo‘llash texnologiyalarini joriy etish, Karbid chiqindilaridan kobalt oksidi olish, Rux ishlab chiqarishining qayta ishlanuvchi eritmalaridan indiy ajratib olish texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish kabi loyihalar amalga oshirildi. Mazkur loyihalar amalga oshirilishi natijasida 135ta yangi ish o‘rni yaratildi. 20 dan ortiq mahsulot turlarini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.
2022-yil birlashma mehnat jamoasi uchun samarali yil bo‘ldi. Korxona tomonidan 421,3 mlrd so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, reja 180,2%ga muddatidan avval bajarildi. Mahsulotlar eksportida 33,33 mln dollarlik natija qayd etilib, reja 284,9%ga uddalandi. Mahalliylashtirish dasturi asosida 42ta loyiha bo‘yicha 110,3 mlrd so‘mlik mahsulot tayyorlangan. Ishlab chiqarishdan olingan sof foyda esa 180,2 mlrd so‘mni tashkil etmoqda. Reja bajarilishi esa 4,9 baravarni tashkil etgan.
Shundan so‘ng, jurnalistlarga O‘zbek-Koreys ilmiy texnologik markazi faoliyati tanishtirildi.
- Birlashma qoshida 2019-yili O‘zbek-Koreys ilmiy texnik markaz faoliyati yo‘lga qo‘yilib, markaz mutaxassislari tomonidan sanoat tajriba asosida samarali ilmiy izlanishlar olib borilmoqda, - deydi Innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish markazi direktori, professor, O‘zbekiston-Koreya dasturining koordinatori Amir Obidov. - Joriy yilning 25 dekabr' kuni Koreya Milliy Assambleyasi tomonidan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga 15 mlrd von(12 mln AQSh dollari atrofida) miqdoridagi grant ajratilishi bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Mazkur grant mablag‘lari doirasida Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish birlashmasining O‘zbek-Koreys ilmiy texnologik markazi qoshida sanoat tajriba sexi tashkil etiladi. Ushbu sexga zamonaviy laboratoriya jihozlari hamda texnologik uskunalari olib kelinadi. Yangi sexda Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish dasturga asoslangan holda ishlab chiqarishni modernizasiyalash, yangi texnologiyalarni jalb qilish bo‘yicha tadqiqot ishlari olib boriladi.
Loyiha 2023-2027 yillarda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Loyiha doirasida Birlashma tarkibidagi O‘zbek-Koreys ilmiy texnologik markazidagi sanoat tajriba sexiga pilot uskunalar yetkazib berilib, qo‘shma ilmiy tadqiqot dasturi amalga oshiriladi. O‘zbekistonda Koreya tomonidan nodir metallar va mis sanoati ekspertlari ish olib boradi va kombinat muhandislari Koreyada amaliyot o‘tashadi.
Press-tur davomida OAV vakillari birlashmaning texnik kutubxonasi, Kompozit materiallar va qattiq qotishmalari ishlab chiqarish, Molibden va volfram ishlab chiqarish bo‘yicha pirometallurgiya hamda Asbobsozlik va texnologik uskunalar ishlab chiqarish sexlarida bo‘lishib, texnologik jarayonlar bilan tanishdilar.
Tadbirda kombinat olimlari hamda birlashma, markaz mutaxassislarining samarali ilmiy tadqiqot ishlari natijasida 2021-yilda reniy metalli, 2022-yilda esa molibden metallini sof holatda olinishiga erishilgani, shuningdek, joriy yilning avgust oyida yuqori darajada mustahkamlik va egiluvchanlikka ega nikel asosli yangi superqotishma olingani ma'lum qilindi.
Ushbu qotishmadan uzoq ishlaydigan, masalan, avtomobilsozlik, ichki yonuv dvigatellari, yuqori issiqlikda ishlovchi qurilmalar, neft-gaz sohasida, aerokosmik ishlab chiqarishda foydalaniladi. Yana bir yangi mahsulot ammoniy oktamolibdat bo‘lib, u tutunni kamaytiruvchi va olovni so‘ndirish xususiyatiga ega. Ushbu modda barcha plastik mahsulot (polivinilxlorid)lariga qo‘shilganda birincha navbatda yong‘inni o‘chirish xususiyatga ega. Eng afzallik jihati, plastik qurilish materialiga qo‘shilganda uning yonuvchanligini to‘xtatishi bilan ahamiyatli.
Press-tur ishtirokchilari o‘z taassurotlarini bildirishdi.
Marjan Jumabay, Atameken Business Media Holding telekanali muxbiri: - Press-tur davomida kombinat haqida ko‘p ma'lumotga ega bo‘ldim. Ayniqsa, birlashmada amalga oshirilayotgan ishlar menda katta taassurot qoldirdi. Birlashmada ilm-fan yutuqlaridan sanoat sohasida samarali natijalarga erishilayotganligining guvohga aylandim. Kombinat mahsulotlarining Qozog‘iston davlatiga eksport qilinishi ham menga qiziq. O‘ylaymanki tadbir davomida kombinatni o‘zimda kashf etdim.
Nigora Elmurodova, “Sevimli TV” telekanali muxbiri: Kombinatda ikkinchi marotaba bo‘lishim. Avvalgi tadbirda Qalmoqqir va “Yoshlik-1” konlaridagi jarayonlar ham men uchun qiziq bo‘lgandi. Birlashmadagi ishlab chiqarish jarayonlari ham katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, molibdendan inson soch tolasidan ham ingichka bo‘lgan sim olinishi, qattiq qotishmalardan yuqori qiymatli mahsulotlarning tayyorlanish jarayoni barchaga qiziq. Tayyor mahsulotlarning olinishi zamirida albatta mashaqqatli mehnat yotadi. Buni Ularning kichik detallarigacha tomoshbinga yetkazib bera olishimiz kerak. Chunki biz odatda tayyor mahsulotlarni ko‘ramiz, aynan bu jarayonlar ortida og‘ir mehnat yotganini doim bilavermaymiz. O‘ylaymanki, press turdan olingan taassurotlar orqali kombinatda ishlayotgan ishchi-xodimlarning zalvorli mehnatini ko‘rsatib beramiz. Yana meni hayron qoldirgan jihat kombinatda o‘z ishining ustalari, yetuk olimlar mehnat qilayotgani ham kombinatning jahonda e'tirof etilishini ta'minlaydi.
Tadbirda OAV vakillari mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.
OKMK Axborot xizmati