Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMKda xotin-qizlar faoliyati doimo qo'llab-quvvatlanadi

27 Iyul 2026, 11:7 189

Joriy yilning 24-iyul kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida Xotin-qizlar va gender tengligi bo'yicha maslahat kengashining 2026-yil birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag'ishlangan yig'ilishi bo'lib o'tdi.

Yig'ilishda ta'kidlanganidek, bugungi kunda kombinat Xotin-qizlar va gender tengligi bo'yicha maslahat kengashi tomonidan xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta'minlash, ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning ma'naviy-ma'rifiy va madaniy hayotdagi ishtirokini kengaytirish, shuningdek, mamlakatimizda muhtaram Prezidentimiz tomonidan xotin-qizlarga qaratilayotgan yuksak e'tibor va g'amxo'rlikni kombinat tizimida izchil amalga oshirish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Qayd etilganidek, o'tgan davr mobaynida xotin-qizlar tashabbusi bilan ma'naviy-ma'rifiy, ijtimoiy-siyosiy va madaniy ahamiyatga ega qator loyihalar hamda tadbirlar muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Mazkur yig'ilishda kengash faoliyatining bugungi natijalari muhokama qilinib, oldinda turgan ustuvor vazifalar yuzasidan fikr almashildi.

- OKMKda 2026-yil 1-may oyi holatiga jami ishchi-xodimlar soni 35 140 nafar bo'lib, ularning 7 814 nafarini (22,2 %) xotin-qizlar tashkil etadi. 2026-yilning o'tgan davrida jami 883 nafar xotin-qizlarning malakasi oshirildi va qayta tayyorlandi. Bugungi kunda kombinatda faoliyat yuritib kelayotgan 120 nafar ayollar oliy ta'lim muassasalarida kombinat tavsiyanomasi asosida tahsil olmoqda. 2026-yil yanvar-may oylari davomida kombinatga jami 145 nafar xotin-qizlar ishga qabul qilingan.

- Xotin-qizlar o'rtasida ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish, sog'lom ijtimoiy muhitni shakllantirish, oila institutini mustahkamlash va milliy qadriyatlarni targ'ib qilish maqsadida qator loyihalar va targ'ibot tadbirlari tashkil etildi, - deydi OKMK Xotin-qizlar va gender tengligi bo'yicha maslahat kengashi raisi Kamola Umaraliyeva.

2026-yil 8-mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Olmaliq KMK” AJ da “Ayollarni e'zozlash oyligi” doirasida keng qamrovli tadbirlar amalga oshirildi. Bayram munosabati bilan kombinatda mehnat qilayotgan barcha xotin-qizlar moddiy rag'batlantirildi. “Oilam uchun 5 ming qadam” shiori ostida 1000 nafar xotin-qiz ishtirokida yurish marafoni tashkil etilib, “Matonatli ayol” loyihasi doirasida 100 nafar oilasida nogironligi bo'lgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarga qimmatbaho esdalik sovg'alari topshirildi.  “Sog'lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg'armasi bilan hamkorlikda 2000 nafar xotin-qizlar sayyor tibbiy ko'rikdan o'tkazilib, ularga bepul dori-darmon va tibbiyot vositalari tarqatildi. Bayram arafasida 500 nafar xotin-qizlar madaniy hordiq olishlariga sharoit yaratildi - 300 nafari poytaxtga “Turkiston” san'at saroyidagi konsert dasturiga va 200 nafari teatr tomoshalariga jalb etildi. Shuningdek, xotin-qizlarning mehnat sharoitlarini va murojaatlarini o'rganish, ularni qo'llab-quvvatlash maqsadida, 2026-yilning shu davriga korxonalarda jami 200 dan ziyod o'rganishlar o'tkazildi.

Shu bilan birga, O'zbekiston va Yevropa davlatlari hamkorligi doirasida “OKMK-Yevropa-Hamkorlar” lider ayollar klubi tashkil etildi. Klub faoliyati doirasida xalqaro ekspertlar, xorijiy bank va biznes vakillari ishtirokida muloqotlar va tajriba almashinuvlari tashkil etilmoqda. “Bor mehrimiz senga bolajon!” shiori ostida “Adolat” SDP hamda “OKMK” AJ hamkorlikda beg'araz donorlik aksiyasi o'tkazildi. Ushbu aksiyada kombinat xodimlari faol ishtirok etib 60 litrga yaqin qon topshirildi.

O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati kengashi, Toshkent viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi, “Oila va gender” Ilmiy-tadqiqot instituti, O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi apparati vakillari ishtirokida “Olmaliq KMK” AJda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar” mavzusida amaliy-seminar tashkil etildi.

“Olmaliq KMK” AJda Xalqaro hamkorlik, xotin-qizlar salohiyatini oshirish, gender siyosatini rivojlantirish maqsadida Xotin-qizlar va gender tenglik bo'yicha Maslahat kengashi raislari Chexiya Respublikasi Praga shahrida bo'lib o'tgan o'quv-amaliy tajriba almashish seminarida ishtirok etdi.

 O'zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “Yagona Vatan, yagona xalq bo'lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida "Olmaliq KMK" AJ xodimlarini har kuni 50 nafardan, shu kungacha 300 nafar mehnat jamoasining O'zbekiston Islom sivilizatsiyasi markaziga sayohati tashkil etilmoqda.

Umuman olganda, “Olmaliq KMK” AJda xotin-qizlarni iqtisodiy, ijtimoiy va ma'naviy jihatdan qo'llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi o'rni va nufuzini oshirish bo'yicha keng ko'lamli ishlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.

Kombinat Xotin-qizlar va gender tengligi bo'yicha maslahat kengashi faoliyati doirasida xotin-qizlar vakilalarining turli xalqaro o'quv-amaliy seminar va tajriba almashish dasturlaridagi ishtiroki ham alohida e'tirof etildi. Jumladan, Chexiya Respublikasining Praga shahrida o'tkazilgan o'quv-amaliy seminarida kombinat vakilalarining qatnashgani, ilg'or tajribalarni o'rganib, amaliyotga tatbiq etish borasidagi sa'y-harakatlari kengash faoliyatiga qaratilayotgan e'tibor va mas'uliyatning yorqin ifodasi ekani ta'kidlandi.

Muhokama yig'ilishida Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligini munosib nishonlash doirasida o'tkaziladigan bayram, targ'ibot va ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarda xotin-qizlarning faol ishtirokini ta'minlash masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

Yig'ilish yakunida kengash faoliyatini yanada takomillashtirish, xotin-qizlarning ijtimoiy hayotdagi faolligini oshirish hamda belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech